Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (4155-IV-son)
20.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2023-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish va oʻsimliklarni himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, shuningdek sohada olib borilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash borasida qator ishlarni amalga oshirgan.
Jumladan, Qoʻmita 11 ta qonun loyihasini maromiga yetkazishga masʼul boʻlgan va maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Xususan, tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, toza tuproqda sifatli mahsulot yetishtirish, obyektlarni loyihalashtirish chogʻida tuproqning unumdor qatlamini sidirib olib saqlash, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini aniq belgilash, ijara munosabatlarini yanada kengaytirish hamda jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan “Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi, “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari shular jumlasidandir.
Saylovchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda hamda fuqarolarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni hal etish maqsadida Qoʻmita aʼzolari ishtirokida 4 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritilgan.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda boshqa suv isteʼmolchilari uchun suv yetkazib berishning aniq tartibini belgilashga, shuningdek qonunchilik amaliyotida aniqlangan boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qildi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan qonunlarning hamda Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilish holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqib oʻrganish, davlat organlari rahbarlarining ular tomonidan qonunlarga rioya etilishi toʻgʻrisidagi axborotni eshitishga qaratilgan 24 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Jumladan, Qoʻmita tashabbusi bilan 2023-yil 25-iyulda Qonunchilik palatasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh. Hamrayevning “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitilgan.
Shuningdek Qoʻmita tomonidan 2023-yilda Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan 2 ta “hukumat soati”ni yuqori saviyada tashkil etish choralari koʻrilgan. Mazkur “hukumat soati” tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining agrar tarmoqni yanada rivojlantirish, sohada belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirining suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejash boʻyicha koʻrilayotgan choralar va suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish masalalari yuzasidan Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan berilgan savollarga javoblari eshitilgan.
Bundan tashqari Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, agrar sohada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini kengaytirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda fuqarolar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning bajarilish holati yuzasidan axborotlarini eshitish tashkil etilgan.
Shuningdek Qoʻmita aʼzolari “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning ijro etilish holati Fargʻona va Toshkent viloyatlari, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunning ijro etilishi holati Andijon viloyati, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi Toshkent viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan. Mazkur oʻrganish yakunlari soha mutasaddilari ishtirokida Qoʻmita majlislarida atroflicha muhokama etilib, Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan saylovchilar bilan tizimli muloqotni kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilib, jismoniy va yuridik shaxslarning 306 ta murojaati koʻrib chiqilgan.
Shu bilan birga Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik mustahkamlangan. Xususan, Qoʻmitaning faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 1 556 marotaba yoritilgan.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda davlat dasturlaridagi Qoʻmita faoliyatiga taalluqli boʻlgan vazifalarning ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishni yanada kengaytirish talab etilmoqda.
Qoʻmita tashabbusi bilan oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish, shuningdek qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda qishloq va suv xoʻjaligi sohalarini taraqqiy ettirish borasidagi islohotlar Qoʻmitaning tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlash tizimi samaradorligini yanada oshirishni taqozo etmoqda.
Shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, qonun loyihalari boʻyicha berilayotgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama etish, joylarda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni masʼul tashkilotlar bilan birgalikda koʻrib chiqish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi:
belgilangan vazifalarning ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish va uning yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijro etilish holatini doimiy ravishda monitoring qilib borish;
qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish hamda kelib tushgan takliflar va fikr-mulohazalarni qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olish;
sohani rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va boshqa dasturlarning masʼul vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan bajarilishi boʻyicha samarali parlament nazoratini olib borish hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
qonunchilik hujjatlari boʻyicha fuqarolar tomonidan berilgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida hamda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda muhokama qilish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-mart,
4155-IV-son
