Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-889-IV-son)
30.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) (bundan buyon matnda Ombudsman deb yuritiladi) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini muhokama qilib, bir qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslar, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan Ombudsmanga 18 622 ta murojaat kelib tushgan.
Ombudsman tomonidan parlament nazorati subyekti sifatida 3 873 ta murojaat ish yurituviga olinib, ularning 3 012 tasi yoki 89,6 foizi ijobiy hal qilingan, 11 130 ta murojaat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborilgan. Qolgan 3 619 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan.
Fuqarolar murojaatlari oʻrganilishi natijasida ularning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 35 ta taqdimnoma (2022-yilda 20 ta), 37 ta xulosa (2022-yilda 36 ta), sudlarga 98 ta ariza va daʼvo arizalari (2022-yilda 78 ta) kiritilib, taʼsir choralarini qoʻllash samaradorligi 2022-yilga nisbatan 27 foizga oshgan. Qoʻllanilgan taʼsir choralarining 132 tasi (24 ta taqdimnoma, 16 ta xulosa, 92 ta ariza va daʼvo arizalari) ijobiy hal etilgan.
Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga jami 2 749 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 1 081 tasi yoki 39,3 foizi nazoratga olingan. Kelib tushgan murojaatlarning 943 tasi yoki 87,2 foizi ijobiy hal qilingan, 1 004 ta murojaat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborilgan. Qolgan 664 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan.
Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida jazoni ijro etish muassasalari, tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxona va majburiy davolash muassasalariga (bunday buyon matnda — harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar) jami 603 ta monitoring tashrifi amalga oshirilib, tashriflar davomida 9 mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuv va 3 754 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar tahlil koʻrsatganidek, ijtimoiy huquqlarga taalluqli murojaatlar oʻtgan yilga nisbatan 7 foizga hamda siyosiy huquqlar bilan bogʻliq murojaatlar 51 foizga kamaygan. Ammo iqtisodiy huquqlarga oid murojaatlar 10 foizga, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari bilan bogʻliq murojaatlar 16 foizga oshgan.
Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish, hal etish hamda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi monitoring tashriflari natijadorligi yetarli darajada boʻlmagan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilaridan (advokatlaridan) kelib tushgan murojaatlar 2 662 tani tashkil qilib, oʻtgan yilga (2022-yilda 3235 ta) nisbatan 21 foizga kamaygan. Lekin sud hukmi va surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari ustidan shikoyat qilish, Ombudsman yoki uning xodimlari bilan uchrashish, oila aʼzolariga moddiy va ijtimoiy koʻmak berish, tibbiy yordam koʻrsatish yoki yashash joyiga yaqin boʻlgan boshqa muassasaga oʻtkazish bilan bogʻliq murojaatlar soni yuqoriligicha qolgan.
Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, nogironlik guruhini belgilash, moddiy yordam koʻrsatish hamda ijtimoiy imtiyozlar tatbiq etish bilan bogʻliq 133 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, ularning atigi 44 tasi yoki 33 foizi Ombudsman tomonidan nazoratga olingan.
Fuqarolarning sud qarorlaridan noroziligi masalasida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy sudi raisi va Bosh prokurori nomiga bor-yoʻgʻi 4 ta Ombudsman xulosasi, ijtimoiy huquqlar yoʻnalishida ham davlat organlari va tashkilotlarga 4 ta xulosa kiritilib (2022-yilga nisbatan 2 barobar kam), “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan vakolatlardan samarali foydalanilmagan.
Ombudsmanga chet davlatlarda yashayotgan shaxslardan hamda xorijiy davlatlar bilim yurtlarida taʼlim olayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan hamda xorijiy Ombudsmanlardan 26 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa-da, mazkur murojaatlarning koʻrib chiqilganligi, hal qilinganligi yoki tushuntirish berilganligi hisobotda tahlil qilinmagan.
Mintaqaviy vakillar tomonidan jami kelib tushgan 2 749 ta murojaatning koʻrib chiqilganligi, hal qilinganligi yoki tushuntirish berilganligi toʻgʻrisida monitoring toʻliq yuritilmagan.
2023-yilda fuqarolardan ishonch telefoni orqali Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni 2022-yilga nisbatan 1,6 marotaba oshganiga qaramasdan (3 682 tani tashkil etgan), ularning 96 foiziga (3 535 tasiga) huquqiy tushuntirish hamda maslahatlar berish bilan cheklanilgan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda Ombudsman tomonidan amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijasida aniqlangan kamchiliklar vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan toʻliq bartaraf etilmagan.
Xususan, Ombudsman tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritilgan, biroq ushbu muassasaga qayta monitoring tashrifi amalga oshirilganda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan.
Namangan viloyatining Mingbuloq, Norin, Uchqoʻrgʻon va Uychi tumanlari ichki ishlar boʻlimlari hamda Namangan shahar ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonalarida belgilangan meʼyordan ortiq shaxslar saqlangan va ushbu hibsxonalarning aksariyatida advokatlar uchun alohida xona ajratilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 324-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 13-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisida”gi 4020-IV-sonli Qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman):
kelib tushgan murojaatlarni, shu jumladan iqtisodiy huquqlar, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari bilan bogʻliq murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va ularni huquqiy tushuntirishlar berish orqali hal etish choralarini koʻrsin;
joylarda sayyor qabullar oʻtkazish orqali fuqarolar tomonidan koʻtariladigan muammolarni hududiy davlat organlari va idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda hal etish choralarini koʻrsin;
fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda qonunchilikka rioya etish ustidan, shuningdek fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan taʼsir choralaridan samarali foydalansin;
eng koʻp murojaatlar kelib tushgan hududlar hamda tashkilotlar kesimida muammoli holatni bevosita joyiga chiqqan holda tanqidiy muhokama qilish boʻyicha amaliyotni yoʻlga qoʻysin;
fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan muammoli masalalarni chuqur tahlil qilib, konstitutsiyaviy vakolatlaridan foydalangan holda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha qonunchilik takliflarini kiritib borsin;
harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shart-sharoitlarni va u erda saqlanayotgan shaxslarning muammolarini oʻrganish maqsadida monitoring tashriflari samaradorligini oshirsin hamda qiynoq holatlarining oldini olish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar koʻrsin. Bunda aniqlangan muammolarni oʻrganib, ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini koʻrish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga tavsiyalar kiritsin;
mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatini kuchaytirsin;
murojaatlarni koʻrib chiqishda fuqarolarni tashvishga solayotgan tizimli muammolarni hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan inson huquqlari buzilishi bilan bogʻliq holatlarni tahlil qilgan holda Oliy Majlis palatalariga axborot kiritib borsin;
Ombudsman faoliyati yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni keng yoritish uchun ommaviy axborot vositalari orqali doimiy ravishda maʼlumot berib borsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda Ombudsmanga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlardagi tizimli muammolarni hal etish yuzasidan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari bilan hamkorlikda chora-tadbirlar ishlab chiqsin;
fuqarolarning huquqlari bilan bogʻliq murojaatlarni hal etish, ularni xolisona koʻrib chiqish hamda mualliflarga oʻz vaqtida va asosli javob berish orqali takroriy murojaatlar sonini kamaytirishga erishish, sayyor qabullar sonini oshirish orqali muammolarni joyida hal etish choralarini koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
hududlarda fuqarolarni tashvishga solayotgan tizimli muammolarni hamda inson huquqlari buzilishi bilan bogʻliq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatlarni tahlil qilgan holda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyati yuzasidan maʼruzalarini oʻz sessiyalarida eshitish va muhokama qilish;
Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga murojaatlarni joylarga chiqqan holda koʻrib chiqilishida va bu borada samaradorlik oshishiga har tomonlama koʻmaklashish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi Ombudsman bilan hamkorlikda bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Ombudsmanning mintaqaviy vakillarining ish samaradorligini oshirishga har tomonlama koʻmaklashish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi va uslubiy qoʻllanma ishlab chiqsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari Ombudsman tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijasi yuzasidan kiritilgan axborotni masʼul vazirlik va idoralar ishtirokida muhokama qilib borsin, zarur hollarda, qoʻmita eshituvlarini oʻtkazsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari uch oy muddatda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida mobil ilova yaratish va joriy qilish masalasini yakuniga yetkazsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlarni belgilangan talablarga muvofiqlashtirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu Qarorning ijro etilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga belgilangan muddatlarda axborot taqdim etsin.
10. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 30-mart,
SQ-889-IV-son
