Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-55-son)
01.04.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, robototexnika hamda boshqa yoʻnalishlarda jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan shaxslarni tarbiyalash, oʻquvchilarning isteʼdodi hamda qobiliyatini rivojlantirish, ularning ilm-fanni egallashga boʻlgan intilishlarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Fanlar akademiyasining:
a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars oʻtish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
b) Agentlik huzurida jamoatchilik asosida:
Agentlik tizimidagi maktablarning oʻqituvchilaridan iborat boʻlgan STEM fanlari boʻyicha fan kengashlarini;
Agentlik tizimidagi maktablarning bitiruvchilaridan iborat boʻlgan Bitiruvchilar kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Fan kengashlari va Bitiruvchilar kengashining asosiy faoliyat yoʻnalishlari 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
a) Fanlar akademiyasi akademiklari tomonidan Agentlik tizimidagi maktablarda:
oʻquvchilarning yaratuvchanlik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar tashkil etiladi;
oʻquvchilarga amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish masalalarida koʻmak koʻrsatiladi;
oʻquvchilar ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etiladi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan loyihalar bilan tanishtiriladi;
oʻquvchilarning innovatsion gʻoyalari va ishlanmalarini rivojlantirish maqsadida “Yosh akademiklar” klublari tashkil etiladi.
Bunda, Fanlar akademiyasi akademiklarining dars mashgʻulotlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlari shartnoma asosida — Agentlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan, xizmat safarini tashkil etish xarajatlari esa — asosiy ish joyidan qoplanadi;
b) har yili umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida taʼlim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim oʻzgarishi va qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovi oʻtkaziladi.
Bunda, “Ixtirochilikka qadam” tanlovi gʻoliblarining loyihalarini amaliyotga tatbiq etish Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
v) STEM fanlari boʻyicha yangi taʼlim dasturlarini amaliyotga joriy qilish fan kengashlari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
g) Agentlik tizimidagi maktablar bitiruvchilari bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning takliflari asosida taʼlim jarayonini takomillashtirish, maktab taʼlimidan keyin egallangan kasbiy tajribalarini oʻquvchilarga yetkazish maqsadida har yili bir marta Bitiruvchilar qurultoyi oʻtkaziladi.
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bilan oʻzaro integratsiyalashgan oʻquvchilarni muhandislik asoslariga oʻrgatish boʻyicha taʼlim dasturlarini (keyingi oʻrinlarda — muhandislik dasturlari) joriy qilish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning oʻquv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etiladi. Bunda, dastlabki 3 yilda ustuvorlik oʻquvchilarda fizika, matematika, informatika va ingliz tili boʻyicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2 yilda esa — muhandislikka boshlangʻich tayyorgarlikni taʼminlashga qaratiladi;
muhandislik dasturlariga tanlov umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining matematika, mantiqiy fikrlash, informatika va muhandislik yoʻnalishlari boʻyicha qobiliyati bor 6-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi;
muhandislik taʼlim dasturlari “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bakalavriat taʼlim dasturlari bilan oʻzaro integratsiya qilinadi;
muhandislik taʼlim dasturlarini lozim darajada oʻzlashtirgan bitiruvchilarga oʻz oʻqishini “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-bosqichidan davom ettirish huquqi beriladi.
Mazkur tartib “Yangi Oʻzbekiston” universitetida mavjud yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim dasturlarini lozim darajada oʻzlashtirgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilariga nisbatan ham tatbiq qilinadi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
a) Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda:
chet tilini bilish boʻyicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilar tomonidan fanlarni chet tilida oʻqitish amaliyoti joriy etiladi;
matematika, fizika, kimyo, biologiya, tabiiy fanlar (science), informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan darslarni chet tilida olib borgan oʻqituvchilarga ular faoliyat yuritayotgan maktablarning xarajatlar smetasida xodimlarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida tarif stavkasiga nisbatan 100 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi;
b) Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Prezident maktablarining mahalliy oʻqituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 350 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlash tartibi joriy etiladi.
Bunda, ustama pedagoglar tomonidan quyidagi shartlarning barchasi bajarilgan taqdirda toʻlanadi:
Kembridj (Cambridge Assessment International Education) xalqaro taʼlim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni oʻqitish boʻyicha 3 ta (Introductory, Extension, (Focus on Assessment yoki Focus on Teaching), Marking) kursni muvaffaqiyatli tugatish va bu haqida tegishli sertifikat olish;
Prezident maktablarida kamida bir yillik ish stajiga va chet tilini bilish boʻyicha kamida S1 darajadagi yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlish.
5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov), Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O. Xasanov) bilan birgalikda:
a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Agentlik tizimidagi maktablarda oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimini joriy qilish maqsadida darsdan tashqari mashgʻulotlar sifatida:
5 — 8-sinflarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimizning ibratli hayotini bugungi harbiylarimiz jasorati bilan bogʻlab, Vatan himoyachisi koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlarni;
9 — 11-sinflarda harbiy oʻyinlar va sport musobaqalarini oʻtkazish, oʻquvchilarning harbiylar bilan bevosita uchrashuvlarini tashkil etish orqali harbiy-vatanparvarlik tuygʻularini oshirish va harbiy xizmatga tayyorgarlik bosqichini oʻtashga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlarni tashkil etsin;
b) har yili oʻquvchilar oʻrtasida “Turon yoʻlbarslari” harbiy sport (“Temur tuzuklari” bilimdoni, kamondan oʻq otish, qurolni toʻliq boʻlmagan qismlarga ajratish va yigʻish, sport qurolidan oʻq otish, birinchi tibbiy yordamni koʻrsatish) musobaqalarini oʻtkazsin;
v) milliy anʼana va qadriyatlarni aks ettiradigan namunaviy maktab burchaklarini tashkil etsin;
g) oʻquvchilarda axloqiy, ijtimoiy-hissiy va estetik didni rivojlantirish, tarixiy siymolar hayotini badiiy talqinda aks ettirish, milliy qadriyatlarni ulugʻlashga yoʻnaltirilgan “Turon” teatr studiyasi faoliyatini tajriba-sinov tariqasida yoʻlga qoʻysin.
6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining:
2025-2026-yillarda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 8 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktabni 3-ilovaga muvofiq qurish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmonining 4- va 7-ilovalariga muvofiq qurilishi nazarda tutilgan 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O. Fozilkarimov) hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) bilan birgalikda mazkur Farmonning 6-bandida nazarda tutilgan maktab va filiallarning 2025 — 2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini taʼminlasin;
maktab va filiallarni belgilangan muddatlarda qurish-taʼmirlash, zamonaviy oʻquv qurollari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mebel va oʻquv laboratoriyalari bilan jihozlash choralarini koʻrsin.
8. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish hamda ulardagi taʼlim sifati natijadorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 1-aprel,
PF-55-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-son Farmoniga 1-ILOVA
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi fan kengashlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
Quyidagilar fan kengashlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
maktablarda taʼlim sifatini oshirish va taʼlim dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va loyihalarni ishlab chiqish;
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻqitish va baholash tizimini takomillashtirib borish hamda ularni umumtaʼlim maktablarga joriy etish jarayonlarida faol ishtirok etish;
pedagog xodimlarning mahoratini hamda oʻquvchilar bilimini oshirishga qaratilgan oʻquv materiallarni yaratish;
mamlakatimizda tashkil etiladigan xalqaro va mahalliy fan olimpiadalarining tashkiliy qoʻmita va hakamlar hayʼati aʼzoligiga nomzodlarni jalb etish;
ilgʻor tajribali xalqaro va mahalliy oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash, ularning tajribalarini ommalashtirish maqsadida har yili bir marta STEM fanlari boʻyicha “Taʼlim konferensiyasi”ni tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-son Farmoniga 2-ILOVA
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Bitiruvchilar kengashining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
Quyidagilar Bitiruvchilar kengashining asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
bitiruvchilarning oʻzaro, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim muassasasi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan doimiy hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, ularga oʻzaro fikr hamda tajriba almashishda koʻprik boʻlish;
bitiruvchilarning yurtimiz va xorijda orttirgan bilim va koʻnikmalari orqali shakllangan taklif hamda mulohazalari asosida taʼlim jarayonlarini takomillashtirish, xorij tajribasini mahalliylashtirish orqali taʼlim tizimini rivojlantirib borish;
bitiruvchilar hamda maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida har yili bir marta Bitiruvchilar qurultoyini oʻtkazish;
bitiruvchilar tomonidan maktabni tugatgandan soʻng erishilgan yutuqlar va egallangan tajribalarni yosh avlodga yetkazilishi, xorijiy oliy taʼlim muassasalariga kirish va grant yutib olish masalalarida maslahat berilishini tashkil qilish;
hozirgi kunda Oʻzbekistondagi nufuzli korxonalar va davlat idoralarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan bitiruvchilarni namuna qilib koʻrsatish orqali kelgusi avlod yoshlari orasidan ona Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat bilan davlatimiz nufuzi uchun xizmat qiladigan yetakchilarni ulgʻaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-son Farmoniga 3-ILOVA
2025-2026-yillarda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida yangidan quriladigan ixtisoslashtirilgan maktablarning
MANZILLI ROʻYXATI
T/r Hudud nomi Jami 2025-2026-yillarda shu jumladan: 2025-yilda 2026-yilda Jami: 8 4 4 1. Romitan tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 2. Mirzachoʻl tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 3. Mirishkor tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 4. Davlatobod tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 5. Xovos tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 6. Toshkent tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 7. Qibray tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1 8. Gurlan tumani ixtisoslashtirilgan maktabi 1 1
Izoh:
1) Yangidan quriladigan ixtisoslashtirilgan maktablar uchun yer maydoni tuman (shahar) markazlari va oʻquvchilar qatnashi uchun qulay boʻlgan hududlardan ajratiladi.
2) Yangidan quriladigan ixtisoslashtirilgan maktablarning loyihalarida — belgilangan talablarga muvofiq jihozlangan 336 oʻrinli (agar faqat aniq fanlar yoʻnalishlari oʻqitilsa) yoki 456 oʻrinli (agar ham aniq ham tabiiy fanlar yoʻnalishlari oʻqitilsa) oʻquv binolar hamda oshxona, kutubxona, sport zal va faollar zalini nazarda tutishi lozim.
3) Ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish (taʼmirlash) va jihozlash loyihalari Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-son Farmoniga 4-ILOVA
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish hamda ulardagi taʼlim sifati natijadorligini oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5815-son Farmonida:
a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilsin”;
v) 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish”;
g) 4-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi”;
uchinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
d) 5-bandning yettinchi xatboshisidan “va boshqaruvi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
e) 6-bandning birinchi xatboshisidagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari “Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi PF-106-son Farmonining 6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“davlat va nodavlat umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarining bilimini baholash;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
pedagog kadrlarga malaka toifasi berish sinovlarini tashkil qilishda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga koʻmaklashish”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-79-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligining tashkiliy tuzilmasi “Yangi Oʻzbekiston” universiteti” blokidan keyin “Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti” bloki bilan toʻldirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi boʻyicha 2024-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasining 4-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3274-son qarorida:
a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish toʻgʻrisida”;
b) 4-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ixtisoslashtirilgan maktabga oʻquvchilar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tomonidan belgilanadigan kvota doirasida 5-sinfdan boshlab tanlov asosida qabul qilinadi;
Ixtisoslashtirilgan maktabning binolarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, zarurat boʻlganda yangi binolar qurish, sinf va laboratoriya xonalarini, kutubxona va boshqa inshootlarini zamonaviy jihoz, mebel, kompyuter va boshqa oʻquv-laboratoriya vositalari bilan jihozlash, oʻquv adabiyotlari va metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash, yuqori kasb mahoratiga ega oʻqituvchilar va xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi “Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3275-son qarorida:
a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabni va “Astronomiya va aeronavtika” bogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 200 oʻquvchi oʻrni va 150 oʻrinli turar joyiga ega boʻlgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashtirilgan maktab) tashkil etilsin”;
v) 2, 4 va 7-bandlardagi tegishli kelishikdagi “maktab-internat” soʻzlari tegishli kelishikdagi “ixtisoslashtirilgan maktab” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4306-son qarori 5-bandning “v” kichik bandi “direktor” soʻzidan keyin “(ragʻbatlantirish)” soʻzi bilan toʻldirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4444-son qarorida:
a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5815-son Farmoniga muvofiq”;
v) 2-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Agentlik direktori maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 1 nafar oʻrinbosarga ega”;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 3-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“zarur hollarda, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri bilan kelishilgan holda Agentlik tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtatlari soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish”;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi — yettinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari “Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik tizimidagi tashkilotlarning tuzilmalarini tasdiqlash va shtatlarini belgilash, shuningdek ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi “Yangi Oʻzbekiston” universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-5158-son qarorida:
a) 3-bandning “d” kichik bandidagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 7-bandning uchinchi xatboshisidagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari “Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Universitet buyurtmalariga binoan:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jalb etiladigan xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun belgilangan tartibda koʻp martalik kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jalb etiladigan xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislar, ularning oila aʼzolari uchun belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin”.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi “Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-275-son qarorining 1-bandi ikkinchi xatboshisidagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
