Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-147-son)
01.04.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga mehr qoʻygan iqtidorli yoshlarni saralash va tarbiyalash, ularning isteʼdodini rivojlantirish, kelajakda oʻzbek adabiyoti va sanʼati, ommaviy axborot vositalari uchun munosib kadrlar tayyorlash, milliy oʻzligimiz, ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli yetuk ijodkorlarning yangi avlodini kamol toptirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarida (keyingi oʻrinlarda — ijod maktablari):
ijtimoiy va ijodiy faol, keng jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari oʻtkaziladi;
mahorat darslari uchun toʻlanadigan bir martalik toʻlov Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan, ularning xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi;
jahon adabiyotining durdona asarlarini oʻzbek tiliga badiiy tarjima qilish maqsadida “Yosh tarjimonlar” klublari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
mumtoz adabiyotimiz, jumladan, jadid maʼrifatparvarlarining Vatanimiz tarixida chuqur iz qoldirgan boy ilmiy merosini oʻrganish maqsadida amaldagi tayanch oʻquv rejasi doirasida “Matnshunoslik” darslari tashkil etiladi;
har yili ikki marotaba oʻquvchilarning “Ijod bogʻidan guldasta” nomli toʻplamlarini nashr etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
oʻquvchilarda axloqiy, ijtimoiy-emotsional va estetik didni rivojlantirish maqsadida “Tasviriy sanʼat va chizmachilik” fani negizida “Sanʼat” (ART) fani kiritiladi;
oʻquvchilarning sunʼiy intellekt va robototexnika yoʻnalishiga qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning yaratuvchanlik koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida 7 — 9-sinflarning “Texnologiya” fani doirasida robototexnika asoslari oʻrgatiladi;
“Tasviriy sanʼat va chizmachilik” hamda “Musiqa” fanlaridan dars beradigan pedagog kadrlarning malaka toifalari “Sanʼat” (ART) faniga, “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan dars beradigan pedagog kadrlarning malaka toifalari esa — “Texnologiya” faniga ham tatbiq etiladi;
ijod maktablari oʻquvchilarini oʻz ijodiy faoliyat natijalarini, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda va onlayn platformalarda tijoratlashtirishga oʻrgatish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida badiiy adabiyot va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan koʻrik-tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki:
koʻrik-tanlov har yili tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida oʻtkaziladi;
tanlovning viloyat bosqichida sovrinli 1-, 2- va 3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan 6-sinf oʻquvchilari ijod maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonisiz oʻqishga qabul qilinadi;
tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):
a) Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) bilan birgalikda oʻquvchilarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish hamda bandligini taʼminlash maqsadida ijod maktablarining ijodiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻysin;
b) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab ijod maktablarining 10- va 11-sinf oʻquvchilarini:
Madaniy meros agentligi (B. Abdikarimov) bilan birgalikda gid, tahrirchi va restavrator yordamchisi kasblariga;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev) bilan birgalikda tele- va radiokanallarda rejissor yordamchisi, ovoz yozish rejissori assistenti, muharrir yordamchisi hamda reportyor kasblariga;
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) bilan birgalikda bosma nashriyotlarda muharrir va dizayner kasblariga;
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va uning hududlardagi filiallari bilan birgalikda skanerlash va raqamlashtirish hamda raqamlashtirilgan resurslarni qayta ishlashga oid kasblarga;
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) bilan birgalikda teatrlarda sanʼatshunoslik, aktyorlik sanʼati, rejissorlik, xalq ijodiyoti sohalaridagi kasblarga oʻrgatish boʻyicha amaliy darslarni joriy qilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, kasblarga oʻrgatish boʻyicha darslar amaldagi tayanch oʻquv rejaga ajratilgan dars soatlari va (yoki) darsdan tashqari mashgʻulotlar doirasida amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) har yili:
“Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar oʻquvchining ijodiy ishlar toʻplamini nashr etish choralarini koʻrsin;
anʼanaviy “Zomin seminari”da har bir ijod maktabidan kamida 5 nafardan ijodkor oʻquvchilarning ishtirokini taʼminlasin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) har bir ijod maktabini “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat kitoblar majmuasi bilan taʼminlasin.
5. Ijod maktablari 1-ilovada koʻrsatilgan oliy taʼlim muassasalari va Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktirilsin.
Quyidagilar:
a) 1-ilovada koʻrsatilgan oliy taʼlim muassasalari:
2024-yil 1-mayga qadar biriktirilgan ijod maktablarida oliy taʼlim muassasasi til, adabiyot va xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha kafedralarining boʻlinmalarini tashkil etsin;
2024-yil 1-sentabrga qadar “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida ijod maktablari oʻqituvchilarining kasbiy va ilmiy-ijodiy mahoratini oshirish choralarini koʻrsin;
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har yili soha rivojiga katta hissa qoʻshgan ijodkorlarga bagʻishlangan koʻrik-tanlov va fan olimpiadalarini tashkil qilsin;
ijod maktablari oʻquvchilari uchun milliy qadriyat va anʼanalarni keng targʻib etishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy kechalar, mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar tashkil qilsin;
b) 1-ilovada koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari:
2024-yil 1-sentabrga qadar har bir ijod maktabiga xorijiy til boʻyicha kamida ikkitadan mutaxassislarni jalb qilsin;
ijod maktablariga xorijiy davlatlardagi xalqaro maktablar bilan oʻquvchi almashish dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashsin;
2024-2025-yillar davomida ijod maktablarining kamida 50 nafar oʻqituvchilarining xorijiy ilgʻor taʼlim muassasalarida malaka oshirishlarini tashkil etsin;
ijod maktablarining oʻqituvchi va oʻquvchilarini turli yoʻnalishdagi xalqaro konferensiyalar, anjumanlar, fan olimpiadalari, tanlovlar, ixtisoslikka oid koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun jalb qilsin;
2024-yil 1-sentabrga qadar ijod maktablari kutubxona fondini xorijiy adabiyotlar bilan boyitish choralarini koʻrsin hamda ularga yetakchi xorijiy axborot-kutubxonalari bilan aloqa oʻrnatishga koʻmaklashsin.
Belgilansinki, ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlar — tegishli oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, “b” kichik bandidagi tadbirlar — Tashqi ishlar vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Quyidagilar:
ijod maktablarida taʼlim-tarbiya jarayoni hamda darsdan tashqari mashgʻulotlarning sifatini yaxshilash, pedagog kadrlar salohiyatini oshirishni tizimli tashkil etishga qaratilgan Ijod maktablarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Ijod maktablari faoliyatini samarali tashkil etish hamda taʼlim sifati natijadorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktori A.T. Ubbiyevga maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 1-aprel,
PQ-147-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-147-son qaroriga 1-ILOVA
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablariga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari va Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari
ROʻYXATI
T/r Ijod maktablari Oliy taʼlim muassasalari Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari 1. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi A. Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi 2. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasi 3. Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi 4. Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi Andijon davlat chet tillar instituti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi 5. Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi Qarshi davlat universiteti, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasi 6. Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi Namangan davlat universiteti, Namangan davlat chet tillar instituti Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi 7. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi Fargʻona davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Oʻzbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasi 8. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabi Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Oʻzbe�iston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi elchixonasi 9. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-147-son qaroriga 2-ILOVA
Ijod maktablarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari
T/r Koʻrsatkichlar nomi Oʻlchov birligi Yillar kesimida 2024 2025 2026 2027 I. Ijod maktablari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 1. Ijod maktablarida ikkinchi chyettilini oʻqitishni joriy etish. foizda (jami ijod maktablariga nisbatan) 75 100 100 100 2. Ijod maktablarida xalqaro sertifikatlarga (IELTS, SEFR, TOEFL va boshqa) ega oʻqituvchilar ulushini oshirish. foizda (jami chet tili oʻqituvchilari soniga nisbatan) 50 65 75 85 3. Chet tillaridan CEFR talablari asosida B2 va B2+ darajadagi sertifikatga ega bitiruvchilar ulushini oshirish. foizda (jami bitiruvchilar soniga nisbatan) 50 60 70 80 4. Ikkinchi xorijiy tilni oʻrganib, CEFR talablari asosida B2 va B2+ darajadagi sertifikatga ega bitiruvchilar ulushini oshirish. foizda (jami bitiruvchilar soniga nisbatan) - - 5 10 5. Ijod maktablarida faoliyat yuritadigan oʻqituvchilar orasida oliy toifaga ega oʻqituvchilar ulushini oshirish. foizda (jami oʻqituvchilar soniga nisbatan) 55 60 65 70 6. Ijod maktablarida faoliyat yuritadigan tarbiyachilar orasida oliy maʼlumotga ega tarbiyachilar ulushini oshirish. foizda (jami tarbiyachilar soniga nisbatan) 93 95 97 100 7. Oʻzbek tili va adabiyoti fanini bilish darajasi boʻyicha milliy sertifikatlarga ega oʻqituvchilar ulushini oshirish. foizda (jami ona tili fani oʻqituvchilari soniga nisbatan) 30 40 55 65 8. Oʻzbek tili va adabiyoti fanini bilish darajasi boʻyicha milliy sertifikatlarga ega ijod maktablari bitiruvchilari sonini oshirish. foizda (jami bitiruvchilar soniga nisbatan) 20 30 40 50 9. Ijod maktablarida drama klublarini tashkil etish. maktablar soni 5 9 9 9 10. Ijod maktablarida zamonaviy toʻgaraklarga oʻquvchilar qamrovini oshirish. foizda (jami oʻquvchilar soniga nisbatan) 30 40 50 60 11. Respublika fan olimpiadasining hududiy (uchinchi) bosqichida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritish. (Xalqaro onlayn va oflayn olimpiadalar maqomidan kelib chiqib inobatga olinadi) foizda (jami ishtirokchilar soniga nisbatan) 10 12 15 18 12. Oʻzbek mumtoz va jahon adabiyoti (100 nomda) durdona asarlarini audio kitob shakliga oʻtkazish. ta 25 45 70 100 II. Biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 13. Oliy taʼlim muassasalari tomonidan oʻtkaziladigan fan olimpiadalari va koʻrik-tanlovlarda oʻquvchilar qamrovini oshirish. foizda (jami oʻquvchilar soniga nisbatan) 10 15 20 25 III. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 14. Oʻquvchilarning ijodiy ishlar toʻplamlarini chop etish. ta 9 18 18 18 15. Umumtaʼlim maktablarining 3 — 10-sinflarida taʼlim olayotgan ijodkor oʻquvchilar bazasini shakllantirish. nafar 2 000 3 000 4 000 6 000 16. Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida ijodiy koʻrik-tanlovlarni oʻtkazish. ta 2 2 3 4 17. Ijod maktablari oʻquvchilarining ijodiy ishlarini “Badiiy kengash”da koʻrib chiqish va xulosa tayyorlash. ta 9 12 14 19
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-147-son qaroriga 3-ILOVA
Ijod maktablari faoliyatini samarali tashkil etish hamda taʼlim sifati natijadorligini oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
