5-modda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborot
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (824-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborot, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oshkora boʻladi.
Davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari aholining va hududlarning favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish holati hamda ularning xavfsizligini taʼminlash yuzasidan koʻrilgan choralar haqida, oldindan bashorat qilinayotgan va roʻy bergan favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida, ulardan aholini muhofaza qilishning usul va yoʻllari haqida ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kanallar orqali aholini oʻz vaqtida va ishonchli tarzda xabardor etishlari shart.
Mansabdor shaxslar tomonidan aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborotning yashirilishi, oʻz vaqtida taqdim etilmasligi yoki bila turib yolgʻon axborot taqdim etilishi ularning qonunchilikka muvofiq javobgarligiga sabab boʻladi.
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborot bilan taʼminlash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
