16-modda. Fuqarolarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (824-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Fuqarolar:
xavfsizlik choralariga rioya etishlari, ishlab chiqarish va texnologiya intizomi, ekologik xavfsizlik talablari favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan tarzda buzilishiga yoʻl qoʻymasliklari;
muhofazalanishning asosiy usullarini, jabrlanganlarga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish yoʻllarini oʻrganishlari hamda oʻz bilim va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirishlari;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan avariyalar, ofatlar, halokatlar va yongʻinlar tahdididan darak beruvchi alomatlar borligi toʻgʻrisida tegishli organlarga xabar berishlari;
favqulodda vaziyatlar tahdid solgan va boshlangan sharoitlarda ogohlantirish belgilarini, yurish-turish qoidalari va harakat qilish tartibini, umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan foydalanish usullarini bilishlari;
zarurat boʻlganda avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni oʻtkazishda yordamlashishlari shart.
