66-modda. Sudyalarning majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Sudyalar oʻz vakolatlari doirasida ishlarni koʻrish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga soʻzsiz rioya etishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulki, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashi, begʻaraz va adolatli boʻlishi shart.
Sudyalar sudyalik shaʼnini sudyalar odob-axloqi qoidalarini qatʼiy saqlashlari, odil sudlovning obroʻsini, sudyalik qadr-qimmatini tushirishi yoki sudyaning xolisligiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan oʻzlarini tiyishlari shart.
Sudyalar sudyalarning maslahat sirini hamda yopiq sud majlislari oʻtkazish chogʻida olingan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas.
Sudyalar siyosiy partiyalarning aʼzosi boʻlishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa biron-bir turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
