27-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari, rais oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlarining raislari
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari, rais oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlarining raislari:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatidan tashqari barcha instansiya sudlarining hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga sudlov hayʼatlarining faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzalarni taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari majlislarida raislik qiladi;
sud ishlarini nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
tegishli quyi sudlarning faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini tahlil qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
sudlar tomonidan chiqarilgan, oʻzlari protest kiritishga haqli boʻlgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlar ijrosini toʻxtatib turadi;
sudyalar va sudning boshqa xodimlari malakasini oshirish ishini tashkil etadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiy boʻlinmalari ishiga rahbarlik qiladi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoʻqligida uning vakolatlarini raisning birinchi oʻrinbosari, birinchi oʻrinbosar ham yoʻqligida esa rais oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
