17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi Plenum aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi:
sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini koʻrib chiqadi va qonunchilikni qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaati haqidagi taqdimnomasini koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomalariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibini, sudlov hayʼatlarining tarkibini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining ishi toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek sudlov hayʼatlarining faoliyati haqidagi maʼruzalarni tinglaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislarining qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisidagi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qonunchilikni qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlarini bajarish toʻgʻrisidagi maʼruzalarini tinglaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot organining tahrir hayʼati tarkibini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati reglamentini tasdiqlaydi;
qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
