11-modda. Sudlarning faoliyatini tashkiliy va moddiy-texnika jihatidan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (162-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Sudlarning faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi prinsiplariga qatʼiy muvofiq holda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining vakolatlari va uning faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Sudlarning faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi, ushbu departament toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti:
sudlarning faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlashga doir ishlarni tashkil etadi, shuningdek bu ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
sud binolarini qurish va taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarning samarali sarflanishini taʼminlaydi, sudlarning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
sudyalarning va sudlar apparati xodimlarining mehnat sharoitlarini, moddiy va ijtimoiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlashning joriy ahvolini tizimli tahlil qiladi, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlashni rivojlantirish yuzasidan uzoq muddatli kompleks dasturlar tayyorlaydi;
sudyalar va sud protsesslarining xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkil etadi.
