Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasi toʻgʻrisida (4079-IV-son)
26.02.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Parlament faoliyatida qonun ijodkorligini takomillashtirish, qonunchilik tashabbusi huquqidan unumli foydalanish, parlament nazorati tadbirlari samaradorligini oshirish, saylovchilar bilan doimiy muloqotda boʻlgan holda, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotida faollik koʻrsatib, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijadorligiga munosib hissa qoʻshayotgan hamda oʻzining mehnatsevarligi va tashabbuskorligi bilan namuna koʻrsatayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini har yili bir marotaba maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida samarali faoliyat koʻrsatgan hamda milliy parlamentarizmni rivojlantirishda faol ishtirok etgan sobiq deputatlarning ham mehnati qadrlanib, alohida ehtirom koʻrsatilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida oʻzining ijobiy natijasini berib kelayotgan mazkur amaliyotni izchil davom ettirish xalq vakillarining faoliyati samaradorligini oshirishga, ularning parlament faoliyatidagi jonbozligini kuchaytirishga, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining quyidagi deputatlariga:
Shuxrat Xursanovich Sharafutdinovga — “Adolatli deputat” maqomini;
Kozimjon Oʻktamovich Tojiyevga — “Xalqparvar deputat” maqomini;
Elena Vladimirovna Babenkoga — “Mehnatkash deputat” maqomini;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining sobiq deputati Sobir Vaxabovich Jabborovga “Faxriy deputat” maqomini berish toʻgʻrisidagi tavsiyasi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga “Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat”, “Mehnatkash deputat”, shuningdek sobiq deputatiga “Faxriy deputat” maqomlarini berish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining muhokamasiga kiritilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-fevral,
4079-IV-son
