Mamlakatni 2024-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida (4031-IV-son)
13.02.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishlarda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, uy-joy va kommunal xoʻjaligi, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy ustuvor vazifalar va yoʻnalishlar belgilab berildi.
Mazkur vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish, joylarda nazorat-tahlil tadbirlarini olib borish, shuningdek bu borada vakillik organlarining faol ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, qishloq xoʻjaligida yangi zaxiralarni ishga solish, uy-joy va kommunal xoʻjaligi, qurilish, transport hamda ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalarning bajarilishi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Investitsiya, eksport, sanoat hamda ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalarning bajarilishi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qoʻmitalari mazkur chora-tadbirlar rejalarida belgilangan asosiy yoʻnalishlar hamda vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
4. Mamlakatni 2024-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan muhim vazifalarning ijro etilish holatini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining guruhlari tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Mamlakatni 2024-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan muhim vazifalarning ijro etilish holatini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining guruhlari tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Guruhlar rahbarlari:
hududlardagi oʻrganishlarni samarali tashkil etish maqsadida sohalar kesimida savolnomalar ishlab chiqish;
joylarga chiqqan holda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilish holatini har oyning oxirgi haftasida monitoring qilish;
mamlakatni 2024-yilda rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha belgilab berilgan har bir vazifaning mazmun-mohiyatini joylarda tumanlar (shaharlar) hokimlariga hamda sektor rahbarlariga tushuntirish ishlarini tashkil etish hamda bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
oʻrganishlar yakunlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar Kengashlarida hokimlar, vazirliklar va idoralarning hududiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirokida muhokama etilishini yoʻlga qoʻyish;
oʻtkazilgan tadbirlar natijalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlariga har oy yakuni boʻyicha axborot kiritish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan deputat nazoratini amalga oshirishda mahalliy Kengashlarga amaliy yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni Parlament axborot markazi (M. Parmonova) va Senati devoni Matbuot xizmati (X. Tulyaganov) hududlarda oʻtkaziladigan oʻrganishlar va parlament nazorati tadbirlarining ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-fevral,
4031-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 13-fevral,
KQ-679-IV-son
