Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida (3505-son)
19.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 19-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3505]
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyundagi PQ-181-son “Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-dekabrdagi 994-son “Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-fevral,
109-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXOBOV
2024-yil 9-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili D. KASIMOV
2024-yil 10-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 19-fevraldagi 109-son buyrugʻiga ILOVA
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibi haqida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi (bundan buyon matnda bojxona chegarasi deb yuritiladi) orqali olib oʻtilayotgan va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida (bundan buyon matnda bojxona hududi deb yuritiladi) qayta ishlash jarayonida hosil boʻlgan tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
dastlabki qaror — tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan va bojxona hududida qayta ishlash jarayonida hosil boʻlgan tovarlarning kelib chiqish mamlakatini tasdiqlovchi bojxona organi tomonidan qabul qilinadigan hujjat;
manfaatdor shaxs — bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning egasi boʻlgan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi yoki tovarlarga nisbatan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq vakolatlarga ega boʻlgan yoxud tovarlarning egasi nomidan tegishli shartnoma yoki ishonchnoma asosida ish koʻruvchi shaxs;
bojxona organi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining (bundan buyon matnda Bojxona qoʻmitasi deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi;
bojxona yigʻimi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan stavkalarda dastlabki qarorni qabul qilganlik uchun undiriladigan yigʻim.
2. Dastlabki qarorni olish manfaatdor shaxs uchun ixtiyoriy hisoblanadi.
Bunda, bojxona organi tomonidan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda manfaatdor shaxsdan dastlabki qarorni taqdim etishni talab qilishga, shuningdek dastlabki qarorning mavjud emasligini asos qilib, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Manfaatdor shaxs tomonidan dastlabki qarorni olish yuzasidan bojxona organlariga erkin muomalaga chiqarish, eksport va reeksport bojxona rejimlariga bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilishidan oldin, boshqa bojxona rejimlarida esa istalgan vaqtda murojaat qilinadi.
4. Dastlabki qaror ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda qabul qilinadi va manfaatdor shaxsga taqdim etiladi.
Manfaatdor shaxs oʻz xohishiga koʻra bojxona organlaridan istalgan bittasiga murojaat qilishga haqli.
5. Dastlabki qaror bojxona organlari uchun majburiy hisoblanadi.
6. Dastlabki qaror bojxona organi tomonidan quyidagi holatlarda taqdim etilmaydi:
olib kirilayotgan tovarlar tranzit rejimga joylashtirilganda;
tovarlar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kirilganda;
olib kirilayotgan tovarlar bojxona toʻlovlaridan ozod etilganda.
2-bob. Dastlabki qarorni olish uchun murojaat qilish
7. Manfaatdor shaxs dastlabki qarorni olish uchun ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan bojxona organiga yozma yoki Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti (bundan buyon matnda veb-sayt deb yuritiladi) orqali elektron tarzda murojaat qiladi.
8. Dastlabki qarorni olish uchun taqdim etilayotgan arizaga quyidagi maʼlumotlar va hujjatlar ilova qilinishi lozim:
manfaatdor shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi (nomi) hamda manzili/yuridik shaxsning nomi va manzili, telefon raqami;
tovarning toʻliq nomi va texnik-tijorat tavsiflari (markasi, modeli, artikuli, modifikatsiyasi);
tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisida mavjud boʻlgan maʼlumotlar;
tovarning fotosuratlari, chizmalari yoki pasporti;
tovarni ishlab chiqaruvchi tashkilot toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, manzili, rasmiy veb-sayti, agar mavjud boʻlsa) va ushbu tashkilot tomonidan taqdim qilingan tovarga tegishli boʻlgan hujjatlar;
tovarning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasiga muvofiq kodi;
arizada koʻrsatilgan tovarlar bilan bir xil yoki oʻxshash tovarlarga nisbatan qabul qilingan tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisida dastlabki qarorlar haqidagi manfaatdor shaxsga maʼlum boʻlgan faktlar;
tovarni ishlab chiqarishda ikki yoki undan ortiq mamlakat ishtirok etgan boʻlsa, tovarni yetarli darajada qayta ishlash mezonlariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;
tovarlar ishlab chiqarilgan davlatdagi ekspertiza tashkilotlarning ekspertiza xulosalari hamda kelib chiqish sertifikati (agar mavjud boʻlsa);
tovarlar bojxona rejimiga joylashtirilgan boʻlsa, bojxona deklaratsiyasining raqami.
Manfaatdor shaxsdan ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlardan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Arizaga chet tilidagi hujjatlar ilova qilinganda, manfaatdor shaxs tomonidan ushbu hujjatlar belgilangan tartibda davlat tiliga tarjima qilingan holda taqdim etiladi.
10. Ariza hamda unga ilova qilinadigan hujjatlardagi maʼlumotlar toʻgʻri va toʻliq boʻlishi lozim. Bunda, maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligi uchun manfaatdor shaxs javobgar hisoblanadi.
11. Manfaatdor shaxs bojxona organiga yozma shaklda murojaat qilganda, bojxona organi xodimi tomonidan manfaatdor shaxsga ariza qabul qilinganligini tasdiqlovchi ushbu xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda ariza qabul qilingan sana koʻrsatilgan tegishli hujjat yoki arizaning nusxasiga ushbu maʼlumotlarni qayd etgan holda imzo qoʻyib beriladi.
12. Manfaatdor shaxs veb-sayt orqali murojaat qilganda, arizada tovarlar haqidagi tegishli maʼlumotlarni koʻrsatgan holda tegishli hujjatlarning elektron nusxalarini veb-saytda biriktiradi va oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
13. Dastlabki qarorni qabul qilish uchun taqdim etilgan hujjatlar qaytarilmaydi, bundan tovarning kelib chiqish sertifikatining asl nusxasi mustasno.
3-bob. Arizani koʻrib chiqish va koʻrib chiqishni rad etish
14. Veb-sayt orqali murojaat qilinganda, ariza Bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (bunda buyon matnda YAAAT deb yuritiladi) avtomatik ravishda kelib tushadi.
Yozma shaklda topshirilgan arizalar kelib tushgan kundan kechiktirmay bojxona organining masʼul xodimi tomonidan YAAATga kiritiladi.
Arizalar YAAATga kelib tushgan kunning oʻzida elektron tarzda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
15. Ariza roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng YAAAT tomonidan avtomatik tarzda manfaatdor shaxsning arizasida koʻrsatilgan telefon raqamiga ariza qabul qilinganligi va uning roʻyxat raqami koʻrsatilgan SMS xabarnoma yuboriladi.
Veb-saytda arizaning roʻyxat raqami orqali uning holatini onlayn tarzda koʻrish mumkin.
16. Ariza bojxona organiga kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
17. Bojxona organining masʼul xodimi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida uning mazkur Nizomning 2-bobida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligini oʻrganadi.
18. Quyidagi hollarda arizani koʻrib chiqish rad etiladi:
arizani taqdim etishda mazkur Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinmagan boʻlsa;
arizaga ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa;
arizada nazarda tutilgan maʼlumotlar notoʻgʻri va hujjatlar bilan tasdiqlanmagan axborotga asoslangan boʻlsa;
manfaatdor shaxs tomonidan taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan hujjatlardagi maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar mavjud boʻlsa.
Arizani koʻrib chiqish ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa asoslarga koʻra rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq arizani koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, bu haqda shu kunning oʻzida manfaatdor shaxsga yozma xabarnoma yuboriladi. Xabarnomada arizani koʻrib chiqishning rad etilishi sabablari koʻrsatiladi.
20. Manfaatdor shaxs arizani koʻrib chiqishning rad etilishiga asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan holda, dastlabki qarorni olish uchun qaytadan murojaat qilishi mumkin.
21. Arizani koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, takroran kiritilgan ariza ushbu Nizomga muvofiq umumiy asoslarda va belgilangan muddatlarda koʻrib chiqiladi.
22. Arizani koʻrib chiqishning rad etilishiga asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, bojxona organining masʼul xodimi arizada koʻrsatilgan tovarning kelib chiqishini aniqlash boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 50-bobiga muvofiq koʻrib chiqadi.
23. Dastlabki qarorni olish boʻyicha ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
4-bob. Dastlabki qarorni qabul qilish
24. Dastlabki qaror YAAATda bojxona organi rahbari (oʻrinbosari) tomonidan elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlash orqali qabul qilinadi va unga avtomatik ravishda matritsali shtrix kod (QR-kod) qoʻyiladi.
Bunda, arizada koʻrsatilgan tovarlarning turlari va hajmidan qatʼi nazar, bitta ariza boʻyicha bitta dastlabki qaror qabul qilinadi.
25. Dastlabki qaror qabul qilinganidan soʻng manfaatdor shaxsning telefon raqamiga dastlabki qaror qabul qilinganligi va bojxona yigʻimini toʻlash lozimligi toʻgʻrisida tegishli toʻlov boʻyicha invoys shakllantirilgan havolali SMS xabarnoma yuboriladi.
Dastlabki qarorni qabul qilganlik uchun bojxona yigʻimi manfaatdor shaxsning koʻrsatmasiga asosan uning bojxona organi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga dastlabki tarzda oʻtkazilgan pul mablagʻlaridan ham yechib olinishi mumkin.
26. Manfaatdor shaxs bojxona yigʻimini toʻlaganidan soʻng, oʻzi murojaat qilgan veb-sayt orqali arizaning roʻyxat raqamini kiritgan holda dastlabki qarorning elektron shaklini yuklab oladi, shuningdek yozma shaklda murojaat qilingan boʻlsa, dastlabki qarorning elektron yoki qogʻoz shaklini ariza topshirilgan bojxona organidan oladi.
27. Qabul qilingan dastlabki qarorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar manfaatdor shaxslar haqidagi maʼlumotlarning maxfiyligini saqlagan holda veb-saytga avtomatik tarzda joylashtirib boriladi.
5-bob. Dastlabki qarorni qabul qilishni rad etish asoslari
28. Quyidagi hollarda bojxona organi tomonidan dastlabki qarorni qabul qilish rad etiladi:
ariza yuzasidan muqaddam aynan bir manfaatdor shaxsga aynan bir xil tovarlar boʻyicha dastlabki qaror berilgan va ushbu dastlabki qarorning amal qilish muddati tugamagan boʻlsa;
arizada koʻrsatilgan tovarning kelib chiqishini aniqlash uchun taqdim etilgan maʼlumot va hujjatlar tovarning asl holatiga mos emasligi aniqlangan boʻlsa.
Dastlabki qarorni qabul qilish ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslarga koʻra rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Bojxona organi tomonidan dastlabki qarorni qabul qilish rad etilgan taqdirda, bu haqda shu kunning oʻzida manfaatdor shaxsga yozma yoki elektron shaklda xabarnoma yuboriladi. Xabarnomada dastlabki qarorni qabul qilishning rad etilishi sabablari koʻrsatiladi.
30. Manfaatdor shaxs dastlabki qarorni qabul qilishning rad etilishi uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan holda bojxona organiga qaytadan murojaat qilishi mumkin.
Takroran kiritilgan murojaat ushbu Nizomga muvofiq umumiy asoslarda va belgilangan muddatlarda koʻrib chiqiladi.
6-bob. Dastlabki qarorga oʻzgartirish kiritish va uni bekor qilish
31. Bojxona qoʻmitasi quyi bojxona organi tomonidan va bojxona organi oʻzi tomonidan qabul qilingan dastlabki qarorga oʻz tashabbusi yoki manfaatdor shaxsning murojaatiga asosan oʻzgartirish kiritishi mumkin.
Dastlabki qarorga oʻzgartirish kiritilishi uning amal qilish muddatining oʻzgarishiga olib kelmaydi.
32. Manfaatdor shaxs dastlabki qarorga oʻzgartirish kiritish uchun mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda va shaklda murojaat qiladi hamda oʻzgartirish kiritish zaruriyati va asoslovchi hujjatlarni taqdim etadi.
33. Dastlabki qarorga oʻzgartirishlar Bojxona qoʻmitasi va bojxona organi tomonidan ushbu dastlabki qarorni qabul qilishda yoʻl qoʻyilgan hamda tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga taʼsir qilmaydigan xatoliklar aniqlangan taqdirda kiritiladi.
34. Dastlabki qarorga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda, bojxona yigʻimi undirilmaydi.
35. Dastlabki qarorga oʻzgartirish kiritilganidan soʻng, veb-sayt va YAAATga joylashtirilgan dastlabki qaror bojxona organi tomonidan uning oʻzgartirilgan holatdagi shakli bilan almashtirib qoʻyiladi.
36. Dastlabki qarorga kiritilgan oʻzgartirish u kiritilgan kundan boshlab amal qiladi.
37. Manfaatdor shaxs tomonidan dastlabki qarorni olish uchun ataylab notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlansa, dastlabki qaror Bojxona qoʻmitasi yoki sud tomonidan bekor qilinadi.
38. Dastlabki qarorni bekor qilish toʻgʻrisida qaror mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda qabul qilinadi.
Dastlabki qarorni bekor qilish haqidagi qaror qabul qilinganda dastlabki qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bekor qilingan hisoblanadi.
39. Agar bojxona hududi orqali oʻtkazilgan tovarlar bekor qilingan dastlabki qaror asosida oʻtkazilgan boʻlsa, ular boʻyicha bojxona toʻlovlari qonunchilik belgilangan tartibda undiriladi.
40. Dastlabki qarorni bekor qilish haqidagi qaror YAAATga elektron shaklda joylashtiriladi.
41. Dastlabki qarorga oʻzgartirish kiritish yoki uni bekor qilish haqidagi qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay manfaatdor shaxsga yozma yoki elektron shaklda yetkaziladi.
7-bob. Dastlabki qarorning amal qilish doirasi va muddati
42. Dastlabki qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil davomida amal qiladi. Bunda, dastlabki qarorni qabul qilish jarayonida foydalanilgan tovarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalari, faktlar va shartlar oʻzgartirilmagan boʻlishi shart.
43. Dastlabki qaror asosida Oʻzbekiston Respublikasining istalgan bojxona postida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish mumkin.
Bunda, dastlabki qarorni qabul qilish uchun taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlar bojxona rasmiylashtiruvida taqdim etilgan hujjatlar bilan bir xil boʻlishi shart.
44. Bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonida bojxona organining xodimlari tomonidan YAAATdan dastlabki qarorning elektron shakli manfaatdor shaxs taqdim etgan maʼlumotlar (familiya, ism, otasining ismi yoki arizaning roʻyxat raqami) asosida istalgan vaqtda yuklab olinadi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
45. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
46. Manfaatdor shaxslar bojxona organlarining qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, bevosita Bojxona qoʻmitasining apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi
DASTLABKI QAROR
QR-kod (matrik shtrixli kod) 1. Dastlabki qarorni roʻyxatga olish raqami va sanasi: 2. Dastlabki qarorni qabul qilgan bojxona organining nomi: 3. Manfaatdor shaxs: 4. Dastlabki qarorning amal qilish muddati: 5. Tovarning Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga muvofiq kodi: 6. Tovarlar nomi va tavsifi: (tovarning asosiy texnik-tijorat tavsiflari (markasi, modeli, artikuli, modifikatsiyasi), ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarilgan mamlakati va boshqa xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumot, netto vazni, brutto vazni, shartnoma valyutasi, yuk joʻnatuvchi mamlakat, savdo qiluvchi mamlakat, ishlab chiqaruvchi va h.k.) 7. Tovarning kelib chiqish mamlakati va uni asoslash: 8. Bojxona toʻlovlari va yigʻimlari toʻgʻrisida maʼlumot: 9. Dastlabki qarorni qabul qilish asoslari: 10. Manfaatdor shaxs tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlar va hujjatlar roʻyxati: 11. Qoʻshimcha maʼlumotlar: 12. Bojxona organining mansabdor shaxsi _____________________ Lavozim (elektron raqamli imzo) _________________________ Familiya, ism, otasining ismi
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish boʻyicha
ARIZA
______________ (sana) ______________ (raqam) I. Tovarlarning egasi toʻgʻrisidagi maʼlumot 1.1 Tovarlar egasi boʻlgan yuridik shaxsning toʻliq nomi yoki jismoniy shaxsning F.I.O. 1.2 Pochta manzili (Pochta indeksi) 1.3 Tashkiliy-huquqiy shakli 1.4 STIR yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya (JSHSHIR) raqami hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat seriyasi va raqami 1.5 Davlat roʻyxatidan oʻtgan raqami va sanasi 1.6 Telefon raqami II. Tovarlarning nomidan ariza topshiruvchi vakolatli shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumot (ariza vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilganda) 2.1 Vakolatli shaxsning JSHSHIR hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat seriyasi va raqami 2.2. Vakolatini tasdiqlovchi hujjat sanasi va raqami * III. Dastlabki qarorni qabul qilish uchun tovarlar haqidagi maʼlumotlar 3.1 Tovarlarning savdo, tijorat nomi va toʻliq tavsifi, savdo belgisi, asosiy texnik-tijorat tavsiflari (markasi, modeli, artikuli, modifikatsiyasi), navi, standartlari, bajaradigan funksiyalari, texnik va tijorat xususiyatlari 3.2 Tovarlar haqida maʼlumot (TIF TNga muvofiq tovarlarning kodi, savdo qiluvchi mamlakat, yuk joʻnatuvchi va kelib chiqish mamlakati, yuk joʻnatuvchi, sotuvchi, tovar ishlab chiqaruvchi, tovarning brutto/netto ogʻirliklari hamda asosiy va (yoki) qoʻshimcha oʻlchov birliklaridagi miqdori 3.3 Tovarlarning narxi, valyutasi va valyuta kodi koʻrsatilgan holda 3.4 Tashqi savdo shartnomasi (mavjud boʻlsa), tovarlarni yetkazib berish shartlari 3.5 Tovarning kelib chiqish sertifikati (agar mavjud boʻlsa) 3.6 Ilgari qabul qilingan dastlabki qaror haqidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa) 3.7 Tovarning kelib chiqishini aniqlash uchun muhim boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar 3.8 Ilova qilinadigan hujjatlar**
Izohlar:
* Vakolatli shaxsning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
** Taqdim etiladigan maʼlumotlar va hujjatlar ilova qilinadi.
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Tovarning kelib chiqish mamlakati toʻgʻrisidagi dastlabki qarorni bekor qilish haqida
QAROR
