Tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlarining ish faoliyati samaradorligini baholash va ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (141-son)
18.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qaroriga muvofiq tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlari ish haqiga qoʻshimcha ustama haqini belgilash tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori bilan 2022-yil 1-oktabrdan boshlab tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejeri (keyingi oʻrinlarda — loyihalar menejeri) lavozimi kiritilganligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga ushbu loyihalar menejerlarining ish haqiga Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 foizgacha qoʻshimcha ustama haqini toʻlash huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlarining ish faoliyati samaradorligini baholash va ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, hududlarda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha maqsadli indikatorlar va samaradorlik koʻrsatkichlarining oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga tuman (shahar) hokimlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
2024-yil 1-aprelga qadar tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlari ish faoliyati samaradorligini baholash va ustamalar belgilash boʻyicha komissiya tarkibini tasdiqlasin;
2024-yil 1-iyulga qadar loyihalar menejeri faoliyati samaradorligini baholash tizimi va ularning faoliyatiga doir hisobotlarning yuritilishini tajriba-sinov tariqasida, 2024-yil yakuniga qadar esa toʻliq avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilishini taʼminlasin;
har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil uchun hududlarda loyihalar menejeri faoliyati samaradorligi maqsadli koʻrsatkichlarining namunaviy reja jadvalini tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-mart,
141-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-martdagi 141-son qaroriga ILOVA
Tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlarining ish faoliyati samaradorligini baholash va ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom hududlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari doirasida tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlari faoliyati samaradorligini baholash va ularni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
loyihalar menejeri — tuman (shahar) hokimliklarining xodimlar shtat jadvalida asosiy ish joyi sifatida mehnat shartnomasi asosida roʻyxatga olingan va mazkur tuman (shahar) hududida raqamli iqtisodiyot loyihalarining joriy qilinishini muvofiqlashtirish, kompleks monitoringini olib borish va hisobotlarini tayyorlashga masʼul boʻlgan xodim;
nis.egov.uz tizimi — respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va tuman (shahar) hokimliklarida raqamli transformatsiya holatini hamda hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tadbirlarini avtomatlashtirishga moʻljallangan idoralararo axborot tizim;
samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlari — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan joriy yilda kelgusi yil mobaynida loyihalar menejeri tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan, har yilda bir marta tasdiqlanuvchi, loyihalar menejerlari faoliyati samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlari rejasi.
3. Loyihalar menejeri ish haqiga qoʻshimcha ustama haqi toʻlovlari Vazirlikning Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Loyihalar menejerlarining ish haqiga qoʻshimcha ustama haqi Tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlari ish faoliyatini samaradorligini baholash va ustamalar belgilash boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) qarori asosida amalga oshiriladi.
5. Komissiya qarori har olti oylik davr yakuni boʻyicha qabul qilinadi va unga asosan loyihalar menejerining lavozim okladiga nisbatan 100 foizgacha miqdorda ustama belgilanadi.
6. Loyihalar menejerining lavozim maoshiga Jamgʻarma hisobidan toʻlanadigan har oylik ustama keyingi olti oylik davr uchun Komissiya qarori qabul qilingunga qadar amal qiladi.
7. Loyiha menejerlariga oylik ustama haqi toʻlovlari Vazirlik tizimidagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tomonidan xarajatlar smetasi doirasida Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlar hisobidan tuman (shahar) hokimligining budjetdan tashqari hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
2-bob. Loyihalar menejeri lavozimi boʻyicha nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ularning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
8. Loyihalar menejeri lavozimi boʻyicha nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ularning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan lavozim yoʻriqnomalarida belgilanadi.
9. Loyihalar menejeri lavozimiga nomzodlar, tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining raqamlashtirish boʻyicha maslahatchilari va Vazirlikning tegishli hududiy boʻlinmasi bilan kelishilgan tartibda lavozimga tayinlanadi.
10. Raqamlashtirish dasturlarida belgilangan ustuvor vazifalar va loyihalarda bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishi hamda bu kabi kamchiliklarga muayyan davr mobaynida taʼsirchan choralar koʻrilmaganligi borasida asoslantirilgan maʼlumotlar taqdim etilgan taqdirda, tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining raqamlashtirish boʻyicha maslahatchilari va Vazirlikning tegishli hududiy boʻlinmasi tegishli tuman (shahar) hokimliklariga loyihalar menejerini egallab turgan lavozimdan ozod etish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritishi mumkin.
3-bob. Loyihalar menejeri faoliyati samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlari
11. Loyihalar menejeri faoliyati samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlari Vazirlik tomonidan namunaviy koʻrinishdagi hujjat sifatida ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda idoraviy hujjat sifatida tasdiqlanib, hududlarda loyiha menejerlari tomonidan ishlashga qabul qilinishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etiladi.
12. Loyihalar menejeri faoliyati samaradorligi foizli tizimda oʻlchanadi va 100 foiz eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
13. Loyihalar menejerining shaxsiy maqsadli koʻrsatkichlari rejasida, ushbu reja ishlab chiqilishida kiritilishi majburiy boʻlgan, quyidagi baholash mezonlari va ularga ajratiladigan samaradorlikning nisbiy miqdorlari koʻrsatiladi:
hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash natijasi — 10 foiz;
tuman (shahar) hokimliklarining raqamli rivojlanish darajasini reyting baholash natijasi — 10 foiz;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha savodxonligi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganligini tasdiqlovchi guvohnoma mavjudligi — 10 foiz.
14. Qoʻshimcha maqsadli koʻrsatkichlar Vazirlik tomonidan hududda mavjud ehtiyoj va zaruriyatlardan kelib chiqib, raqamli infratuzilma, elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish ulushini oshirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, hududdagi IT-taʼlim koʻlamini oshirish, axborot tizimlari va raqamlashtirish loyihalarini joriy etish yoʻnalishlari boʻyicha loyihalar menejerlarining faoliyati samaradorligining namunaviy maqsadli koʻrsatkichlari rejasi bilan tasdiqlanadi.
4-bob. Loyihalar menejerlari ish faoliyati samaradorligini baholash va ustamalar belgilash
15. Joriy yil uchun tasdiqlangan samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlariga muvofiq loyihalar menejerlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
16. Komissiya tekshiruvi natijasiga koʻra samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlari bajarilganlik darajasi foizlarda qayd etiladi va quyidagicha toifalanadi:
71 foizdan 100 foizgacha — yaxshi (“yashil”);
55 foizdan 70 foizgacha — qoniqarli (“sariq”);
55 foizdan past — qoniqarsiz (“qizil”).
17. Samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlari Komissiya tomonidan yaxshi bajarilgan deb qayd etilishi hamda “yashil” roʻyxatga kiritilishi ushbu hududning loyihalar menejeri ish haqiga qoʻshimcha ustama haq belgilanishiga asos boʻladi.
18. Ustama haq miqdori loyiha menejeri tomonidan samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlari bajarilganlik foiziga teng miqdorda belgilanadi va loyihalar menejerining lavozim okladiga nisbatan koʻpi bilan 100 foizgacha boʻlishi mumkin.
19. Loyihalar menejeri faoliyati samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlash, maqsadli koʻrsatkichlar asosida bajarilgan ishlar hisobotlarini topshirish, hisobotlarni qabul qilish, tekshirish, baholash va ustama haq belgilanishi yoki ustama haq belgilanishida rad etilishi bosqichlari nis.egov.uz idoralararo reyting baholash tizimida ushbu Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Ragʻbatlantirish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida loyihalar menejerlarining ilgʻor tajribasini va faoliyati samaradorligi ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.
21. Vazirlik zarurat boʻlganda, baholash koʻrsatkichlari roʻyxati hamda ularni hisoblash usullariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolatiga ega.
22. Ushbu Nizom yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Tuman (shahar) hokimliklarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha loyihalar menejerlarining ish faoliyati samaradorligini baholash va ularni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Loyihalar menejeri faoliyati samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlash, maqsadli koʻrsatkich asosida bajarilgan ishlar hisobotlarini topshirish, hisobotlarni qabul qilish, tekshirish, baholash va ustama haq belgilash
SXEMASI
