Koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3501-son)
15.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 15-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3501]
Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son “Koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-mart,
01/2-4-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 20-fevral
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 27-fevral
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 4-mart
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A. QAYUMOV
2024-yil 5-mart
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 12-martdagi 01/2-4-son buyrugʻiga ILOVA
Koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni joriy taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish (bundan buyon matnda koʻp kvartirali uylarni saqlash deb yuritiladi) uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning (bundan buyon matnda majburiy badallar yoki toʻlovlar deb yuritiladi) eng kam miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini belgilashda xarajatlar tarkibi
1. Majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini aniqlashda foydalaniladigan xarajatlar quyidagilardan tashkil topadi:
a) mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan koʻp kvartirali uylarni talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning minimal roʻyxatidagi xizmatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar;
b) koʻp kvartirali uyni boshqarish bilan bogʻliq quyidagi xarajatlar:
koʻp kvartirali uyni boshqarish organining (bundan buyon matnda boshqarish organi deb yuritiladi) maʼmuriy xodimlari hamda ishchi xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash;
boshqarish organining koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun zarur boʻlgan texnika, aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini saqlash hamda ularga xizmat koʻrsatish;
boshqarish organining maʼmuriy ehtiyojlari uchun binolar va xonalar ijarasi haqini toʻlash;
boshqarish organining xodimlarini majburiy sugʻurta qilish;
koʻp kvartirali uyni boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlar tijorat banklari va elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilganda, mazkur toʻlovlar oʻtkazilganligi uchun olinadigan vositachilik haqlari;
boshqarish organi xodimlarining malakasini oshirish.
2-bob. Koʻp kvartirali uyni saqlashda 1 metr kvadrat maydon uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini hisoblash
2. Koʻp kvartirali uyni saqlashda 1 metr kvadrat maydon uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdori quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Bu yerda:
B3 — koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joy umumiy maydonining 1 metr kvadrati uchun oylik majburiy badal yoki toʻlovning eng kam miqdori;
ΣX — ushbu Nizomning 1-bandida nazarda tutilgan yillik rejalashtirilayotgan xarajatlar summasi;
ΣF — rejalashtirilayotgan zaruriy foyda summasi (ushbu summa koʻp kvartirali uy faqat boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi tomonidan boshqarilganda inobatga olinadi).
Bunda, boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi tomonidan oʻz faoliyatidan olinishi rejalashtirilgan zaruriy foyda miqdori koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining (bundan buyon matnda joylar mulkdorlari deb yuritiladi) umumiy yigʻilishida kelishiladi va umumiy yigʻilish qarori bilan tasdiqlanadi;
ΣD — umumiy xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan (joylar mulkdorlarining majburiy badalidan tushumni hisobga olmagan holda) boshqa daromad va tushum manbalari, jumladan:
koʻp kvartirali uyning ijaraga berilgan yertoʻla qismlari hamda boshqa umumiy mol-mulki uchun ijarachilardan kelib tushadigan mablagʻlar. Bunda ijaraga oluvchilarning kommunal toʻlovlari alohida yuritilishi, majburiy badal xarajatlariga kiritilmasligi lozim;
koʻp kvartirali uyni kapital va joriy taʼmirlash ishlari hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalaridan ajratiladigan mablagʻlar, “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida gʻolib deb topilgan loyihalar uchun ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik va xayriya tarzidagi mablagʻlari;
boshqarish organi bilan kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan joylar mulkdorlaridan kommunal xizmatlar uchun haq yigʻishda yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarga asosan kommunal xizmatlar uchun yigʻilgan mablagʻlardan boshqarish organiga beriladigan ajratmalar;
oʻtgan hisobot davrida joylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki toʻlovlaridan olingan boshqarish organlarining xarajatlaridan ortiqcha mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar;
ΣMumum — koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joyning umumiy maydoni.
3. Boshqarish organi boshqaruvidagi koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrat maydoni uchun oylik majburiy badal yoki toʻlovning oʻrtacha miqdori quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Bu yerda:
Toʻr — boshqarish organi boshqaruvidagi qavatlar tasnifi boʻyicha koʻp kvartirali uylardagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning 1 metr kvadrati uchun oylik majburiy badallar yoki toʻlovlarning oʻrtacha miqdori;
T1+T2+T3+...+Tn — qavatlar tasnifi boʻyicha har bir koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrat maydoni uchun majburiy badallar yoki toʻlovlar miqdori (B3);
n — boshqarish organi boshqaruvidagi qavatlar tasnifi boʻyicha koʻp kvartirali uylar soni.
Bunda, mazkur formula qavatlar tasnifi, yaʼni faqat bir xil qavatli (ikki, uch, toʻrt qavatli va boshqa qavatli uylar) koʻp kvartirali uylar boʻyicha qoʻllaniladi va har xil qavatli uylar boʻyicha alohida hisob-kitoblar qilinadi.
4. Boshqarish organi tomonidan bir nechta koʻp kvartirali uy boshqarilganda, mazkur Nizom 1-bandining “b” kichik bandida nazarda tutilgan tadbirlardan kelib chiqadigan xarajatlar boshqaruvdagi koʻp kvartirali uylar soniga mutanosib ravishda taqsimlangan holda har bir koʻp kvartirali uyni boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarga mutanosib aniqlanadi.
5. Koʻp kvartirali uyni boshqarish smetasining xarajatlar qismi daromadlar qismidan oshib ketishi mumkin emas.
6. Joylar mulkdorlarining majburiy badallar yoki toʻlovlaridan olingan boshqarish organlarining xarajatlaridan ortiqcha mablagʻlar kelgusi davr uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarni belgilashda inobatga olinadi.
3-bob. Koʻp kvartirali uylarni saqlash boʻyicha majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini belgilash
7. Koʻp kvartirali uylarni saqlash boʻyicha majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdori har ikki yilda bir marta belgilanadi.
8. Boshqarish organlari boshqaruvidagi qavatlar tasnifi boʻyicha koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning oʻrtacha miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yilning 1-dekabriga qadar tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlariga (uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlariga) yozma shaklda taqdim etadi.
Boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarni saqlashda 1 metr kvadrat maydon uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarni hisoblash uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxasi va maʼlumotlar ilova qilinadi (dalolatnoma, hisob-faktura, foto, videotasvirlar va boshqalar).
Boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarni saqlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuzilgan dalolatnomalar joylar mulkdorlari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
9. Tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari (uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari) boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning asosliligi hamda toʻgʻri hisoblanganligini oʻrganib chiqadi.
Koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning oʻrtacha miqdorlarini asoslovchi hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etilmagan yoxud taqdim etilgan maʼlumotlar asoslantirilmagan taqdirda, boshqarish organi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar inobatga olinmaydi.
10. Tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari (uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari) tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar umumlashtirilgan holda boshqarish organlari kesimida yilning 10-dekabriga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasiga yuboriladi, bundan mazkur Nizomning 9-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan maʼlumotlar mustasno.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi taqdim etilgan koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning oʻrtacha miqdorlarining asosliligi hamda toʻgʻri hisoblanganligini tanlanma usulda oʻrganib chiqadi.
Oʻrganish natijasida koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning oʻrtacha miqdorlari asossiz ekanligi yoki notoʻgʻri hisoblanganligi aniqlansa, ushbu boshqarish organi tomonidan taqdim etilgan majburiy badallar yoki toʻlovlar miqdorlari inobatga olinmaydi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi tumanlar va boshqarish organlari kesimida maʼlumotlarni umumlashtirib, yilning 20-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga taqdim qiladi, bundan mazkur Nizomning 11-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan maʼlumotlar mustasno.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan respublika boʻyicha boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan qavatlar tasnifi boʻyicha koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning oʻrtacha miqdorlari har bir tuman (shahar) kesimida umumlashtiriladi hamda mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan formuladan foydalangan holda majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorlari hisoblab chiqariladi.
14. Mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan tartibda hisoblab chiqarilgan qavatlar tasnifi boʻyicha koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan yilning 30-dekabriga qadar har bir tuman (shahar) kesimida belgilanadi.
15. Koʻp kvartirali uylarning 1 metr kvadrati uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorlari belgilangan kundan boshlab 1 ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
4-bob. Yakuniy qoida
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki toʻlovlarning eng kam miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning minimal
ROʻYXATI
