Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (121-son)
07.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbir samaradorligini oshirish toʻgʻrisida” 2023-yil 6-noyabrdagi PQ-357-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun ombor hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida yongʻin va sanoat xavfsizligi talablari;
kimyoviy moddalarni tashishda belgilangan talablar;
kimyoviy moddalarni saqlash, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilishda belgilangan talablar;
davlat organlarining kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi asosiy funksiyalari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizom talablari joylarda bir xil va toʻgʻri bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda favqulodda vaziyatlar vaziri A.H. Qoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-mart,
121-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-martdagi 121-son qaroriga ILOVA
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar) tomonidan yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (keyingi oʻrinlarda — kimyoviy moddalar) ushbu moddalardan foydalanuvchilar tomonidan saqlanishini, tashilishini, ulardan ishlab chiqarishda foydalanilishini hamda ularning yoʻq qilinishini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, idoraviy boʻysunuvidan hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish bilan shugʻullanadigan jismoniy hamda yuridik shaxslar uchun majburiydir.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kimyoviy moddalar — yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) roʻyxatiga kiritilgan hamda oʻziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud boʻlgan taqdirda boshqa obyektlarning yonishi yoki portlashiga shuningdek, odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, buyumlar va chiqindilar;
kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar — yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish bilan shugʻullanadigan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
bojxona ombori — maxsus jihozlangan inshoot boʻlib, ishlatilmagan tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlashga moʻljallangan majmua;
omborxona — yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlashga moʻljallangan obyekt;
xavfli ishlab chiqarish obyekti (keyingi oʻrinlarda — XICHO) — Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan korxonalar yoki ularning sexlari, uchastkalari, maydonchalari, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish obyektlari;
Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi — respublika hududiga olib kirilgan hamda belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni olib kiruvchi subyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlari jamlangan hamda Bojxona qoʻmitasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimlari bilan integratsiya qilingan, real vaqt rejimida taqdim etib boriladigan elektron maʼlumotlar bazasi.
3. Kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish bilan shugʻullanuvchi kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar faoliyati yongin xavfsizligi va sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi shart.
2-bob. Kimyoviy moddalarni saqlash va ishlab chiqarish bino va inshootlari uchun belgilangan talablar
4. Kimyoviy moddalarni saqlovchi ombor va ishlab chiqarish bino va inshooti egalari mazkur Nizomga 1-ilovada koʻrsatilgan kimyoviy moddalarni saqlash uchun omborning hamda ishlab chiqarish bino va inshootining yongin hamda sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasidan (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) har uch yilda bir marotaba ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda xulosa olishi zarur.
Bunda mazkur xulosa Nizomga 3-ilovadagi sxemaga muvofiq olinadi.
5. Yangi qurilayotgan kimyoviy moddalarni saqlash ombori binolari hamda ishlab chiqarish bino va inshootlari uchun yer maydonlarini ajratish, ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, qurilish-montaj ishlari qurilishi tugallangan obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan yongin xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar respublika hududida ishlab chiqarilgan va chet davlatlardan olib kirilgan kimyoviy moddalarni omborxonada joylashtirishdan (saqlashdan) oldin kimyoviy moddalarni tashish yoʻnalishi, turi, miqdori va ularni ishlab chiqaruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bir ish kunida Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmasiga xulosa olish uchun yuboradi. Bunda taqdim qilingan barcha hujjatlar kelib tushgan sanadan eʼtiboran uni koʻrib chiqib, xulosa berish yoxud uni berishni rad etish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak.
7. Omborxonalarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan, yongʻinga qarshi koʻrsatmalar (yoʻl-yoʻriq) berish vazifasi yuklangan xodimlar, shuningdek, yongin-texnik komissiyasi aʼzolari yongʻin va texnika xavfsizligi talablariga asosan tayyorgarlikdan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
8. Omborxonada hamda ishlab chiqarish bino va inshootida kimyoviy moddalarning xavfsiz saqlanishini taʼminlash maqsadida yuk egasi tomonidan ombor egasiga kimyoviy moddalarning “Modda (material) xavfsizlik pasporti” taqdim etilishi majburiy hisoblanadi.
9. Kimyoviy moddalarni omborda hamda ishlab chiqarish bino va inshootida saqlashda va ular bilan bogʻliq yuk koʻtarish va tushirish ishlarini bajarishda amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talab hamda shartlarga rioya qilinishi zarur.
10. Respublika hududiga kirib kelayotgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi korxona yoki tashkilotlar tomonidan kimyoviy moddalar “Modda (material) xavfsizlik pasporti” bilan taʼminlanishi shart.
11. Korxona yoki tashkilot tomonidan ishlab chiqarilgan va import qilingan kimyoviy moddaning “Modda (material) xavfsizlik pasporti”da quyidagi maʼlumotlar aks etishi lozim:
kimyoviy moddalarning identifikatsiyasi va uni ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi haqidagi maʼlumotlar;
xavf(lar)ning identifikatsiyasi;
kimyoviy tarkibi (komponentlari haqida maʼlumot);
birinchi yordam koʻrsatish choralari;
yongʻin va portlash xavfsizligini taʼminlash choralari hamda vositalari;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish;
kimyoviy moddalarni saqlash va yuklash-tushirishda xavfsizlik qoidalari;
nazorat oʻlchov asboblari va shaxsiy himoya vositalari;
fizik-kimyoviy xossalar;
barqarorligi va reaksiyaga kirishuvchanligi;
zaharlilik xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qoldiq va chiqindilarni yoʻq qilish boʻyicha tavsiyalar;
kimyoviy moddani tashish (tashilishi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
milliy va xalqaro qonunchilik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qoʻshimcha maʼlumotlar.
12. Kimyoviy moddalar saqlanadigan ombor hamda ishlab chiqarish bino va inshooti egasi “Modda (material) xavfsizlik pasporti”da belgilangan maʼlumotlardan tashqari amaldagi qonunchilik hujjatlarida va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni bajargan holda kimyoviy moddalarni saqlash, shuningdek, quyidagi qoʻshimcha tadbirlarni amalga oshirishi zarur:
omborning hamda ishlab chiqarish bino va inshootining ochiq saqlash maydonida tabiiy yoki omborning hamda ishlab chiqarish bino va inshootining yopiq saqlash maydonida sunʼiy shamollatish sharoitining yaratilishi;
binoning ichki qismi haroratiga qoʻyiladigan talablarni bajarish;
kimyoviy moddaga oftob nurlari taʼsirini hisobga olish;
omborda hamda ishlab chiqarish bino va inshootida oʻzaro aloqada ekzotermik reaksiyalarga kirishishi mumkin boʻlgan kimyoviy moddalar orasi maxsus ajratilgan, avariya holatlarida ham bir-biri bilan taʼsirlashishiga imkonini bermaydigan joylarga joylashtirilishi;
ombor hamda ishlab chiqarish bino va inshootida bir vaqtning oʻzida kimyoviy modda miqdorining maksimal saqlanishini hisobga olish;
ombor hamda ishlab chiqarish bino va inshooti ishchi-xodimlarining shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi;
kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilishga qoʻyiladigan qoʻshimcha xavfsizlik talablari bajarilishi lozim.
13. Omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida saqlanayotgan kimyoviy moddalar holatini doimiy nazorat qilib borish uchun yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiq mahsulotlar orasidan erkin harakatlanish imkoni yaratilgan boʻlishi lozim.
14. Omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida kimyoviy mahsulotlar bilan amalga oshiriladigan yuk koʻtarish va tushirish ishlari portlashlardan himoyalangan hamda uchqun chiqarmaydigan vositalar va jihozlardan foydalangan holda bajarilishi kerak. Mazkur hududlarda ishlaydigan xodimlar antistatik vositalar yordamida ishlov berilgan himoya kiyimlari bilan taʼminlanishi lozim.
15. Omborda hamda ishlab chiqarish bino va inshootida xizmat koʻrsatadigan xodimlar yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar bilan ishlashda sintetik matolardan tikilgan maxsus kiyimlardan foydalanishi taqiqlanadi.
16. Omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida yogʻlangan matolarni (kiyimlarni), shuningdek, gugurt, chaqnatgichlar (yondiruvchilar) va yonuvchi materiallari boʻlgan kiyimlarni saqlash taqiqlanadi.
17. Kimyoviy moddalar saqlanayotgan davrda omborda hamda ishlab chiqarish bino va inshootida qurilish-montaj ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
18. Ishchi-xodimlar mehnat va texnika xavfsizligi qoidalariga toʻliq rioya etishlari, shaxsiy himoya vositalaridan maqsadli foydalanish, jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar va yongʻinlarda toʻgʻri harakat qilish qoidalarini bilishlari zarur.
19. Xavfsizlikni taʼminlash mezonlari ishchi-xodimlar uchun davlat tilida yozilgan boʻlishi va ularga rioya etilishi doimiy nazorat qilinishi kerak.
3-bob. Kimyoviy moddalarni tashishda belgilangan talablar
20. Kimyoviy moddalarning tegishli manzilga xavfsiz tarzda yetkazilishi (tashilishi) uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining kuzatuvi ostida amalga oshiriladi.
21. Oʻzaro aloqada ekzotermik reaksiyalarga kirishishi mumkin boʻlgan kimyoviy moddalar va materiallarni hamda oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda transport yukxonasiga joylashtirish va tashish taqiqlanadi.
22. Kimyoviy moddalar tashuvchi tomonidan tashilishida hamda ular bilan bogʻliq yuk koʻtarish va tushirish ishlarini bajarishda amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya qilinishi zarur.
4-bob. Kimyoviy moddalardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan talablar
23. Kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchidan “Modda (material) xavfsizlik pasporti”ni talab qilishi shart.
24. Foydalanish muddati oʻtgan hamda yaroqsiz holga kelgan kimyoviy moddalarni omborda saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
25. Kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar tomonidan kimyoviy moddalarni saqlash, yuklash, tashish hamda undan foydalanish boʻyicha ishchi-xodimlarning xavfsizligini taʼminlash mezonlarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi shart.
26. Kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar tomonidan omborda va ishlab chiqarishda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha harakatlar rejasi ishlab chiqiladi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
27. Kimyoviy moddalarni “Modda (material) xavfsizlik pasporti”da koʻrsatilgan yaroqlilik muddatining oʻtib ketishi holatlarini kamaytirishga doir tadbirlar kimyoviy moddaning mulkdori yoki undan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
28. Foydalanishga yaroqsiz holga kelgan, yaroqlilik muddati oʻtgan yoki qayta ishlash imkoni boʻlmagan kimyoviy moddalarni yoʻq qilish ombor hamda ishlab chiqarish bino va inshoot egasining murojaati asosida, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob Davlat organlarining kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi nazorati
29. Kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasida belgilangan talablarga rioya etilishida, shuningdek, texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha hamkorlik qilishda tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻzlariga yuklangan funksiyalarga muvofiq tadbirlarni amalga oshiradilar.
30. Favqulodda vaziyatlar vazirligi kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasida quyidagilarni amalga oshiradi:
a) kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtiradi, shuningdek, ushbu sohadagi belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qiladi;
b) kimyoviy moddalardan foydalanuvchilar tomonidan kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilishda belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
v) respublika hududiga olib kirilgan va respublika hududida ishlab chiqarilayotgan hamda saqlanayotgan kimyoviy moddalar toʻgʻrisida yagona markazlashgan maʼlumotlar bazasini yaratadi va monitoringini yuritadi;
g) kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilishda yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, oqibatlarini bartaraf etish ishlarini boshqaradi hamda muvofiqlashtiradi;
d) kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi nazoratni Bojxona qoʻmitasi, Qoʻmita, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
e) yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlash va ulardan ishlab chiqarishda foydalanish uchun obyektning (omborning) hamda ishlab chiqarish bino va inshootining yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa beradi;
j) kimyoviy moddalar boʻyicha talablarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻradi;
z) Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda respublika hududiga olib kiriladigan kimyoviy moddalar boʻyicha Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali maʼlumot almashadi;
i) Ichki ishlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Bojxona qoʻmitasi hamda Qoʻmita mutaxassislarini jalb etgan holda, boʻlim (boʻlinmalar) xodimlarining malakasini oshirib boradi;
k) kimyoviy moddalarni saqlash omborlarida hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida bir yilda koʻpi bilan bir marotaba batafsil (dastlabki) va nazorat tartibida kimyoviy moddalarni saqlash, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qiladi, shu jumladan, ularning omborda toʻgʻri joylashtirilgani, yemiruvchi yoki boshqacha taʼsirga chidamli tarzda saqlanayotganligi, shuningdek, bir-biriga oʻzaro taʼsir qilmasligi va xavfli oqibatlarni keltirib chiqaruvchi reaksiyaga kirishmasligini taʼminlovchi sharoitlar yaratilganligini tekshiradi;
l) jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalardan olingan maʼlumotlar asosida belgilangan tartibda tezkor tekshiruvlar oʻtkazadi;
m) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha yillik asosiy tadbirlar rejalari asosida kimyoviy moddalar bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari ishtirokida kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish tadbirlarini xavfsiz tashkil etish boʻyicha koʻrgazmali oʻquv mashq va mashgʻulotlar oʻtkazib boradi.
31. Bojxona qoʻmitasi kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi quyidagilarni amalga oshiradi:
a) respublika hududiga olib kirilgan kimyoviy moddalarni belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazadi hamda bir kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi subyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib boradi:
bojxona chegarasidan olib kirilganligi toʻgʻrisida;
bojxona nazorati ostida saqlanayotgan ombor toʻgʻrisida;
mahsulotlar yakuniy bojxona rejimiga rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisida maʼlumot;
b) ombor egasiga “Bojxona omborini taʼsis etish uchun” litsenziya beradi;
v) bojxona nazorati ostidagi kimyoviy moddalarni Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan talablarga javob berishi boʻyicha berilgan xulosasi asosida bojxona omborlariga joylashtirilishiga ruxsat beradi va nazoratini taʼminlaydi;
g) Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bilan kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilishda doimiy hamkorlik qiladi.
32. Qoʻmita-kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish, ularni yoʻq qilish sohasida quyidagilarni amalga oshiradi:
a) mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq kimyoviy moddalar omborda hamda ishlab chiqarish bino va inshootida saqlansa, ushbu omborlarni hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarini XICHO sifatida roʻyxatga oladi;
b) omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida, kimyoviy moddalarni saqlash uchun moʻljallangan XICHOlarini loyihalashtirish, qurish hamda kimyoviy moddalarni saqlash uchun moʻljallangan XICHOda portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qoʻllagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek, portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziyasi mavjudligini nazorat qiladi;
v) Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra quyidagi omborlarda hamda ishlab chiqarish bino va inshootlarida kimyoviy moddalarni saqlash uchun moʻljallangan XICHOlarida belgilangan tartibda:
xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlarini;
xavfli ishlab chiqarish obyektida qoʻllanadigan texnik qurilmalarini;
xavfli ishlab chiqarish obyektidagi binolar va inshootlarni;
g) omborlarda, ishlab chiqarish bino va inshootlarda hamda kimyoviy moddalarni saqlash uchun moʻljallangan XICHOda avariya yuz berganda, boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan tartibda sugʻurta qilinganligini tekshiradi;
d) omborlar, ishlab chiqarish bino va inshootlari, kimyoviy moddalarni saqlash uchun moʻljallangan XICHOni montaj, taʼmirlash, ishga tushirish-sozlash va foydalanish ishlarini bajarish uchun quyidagi faoliyat turlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Qoʻmita tomonidan:
Qoʻmita nazoratidagi obyektlarda elektr qurilmalarini sozlash ishlarini bajarish uchun ruxsatnoma;
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlash uchun obyektning (omborning) hamda ishlab chiqarish bino va inshootining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa beradi;
e) yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasida faoliyat yuritadigan rahbarlarni uch yilda bir marotaba, mutaxassislarning bir yilda bir marotaba oʻtkaziladigan mehnat muhofazasi qoidalari va yoʻriqnomalari boʻyicha bilim sinovlarida ishtirok etadi;
j) omborlarda, ishlab chiqarish bino va inshootlarida hamda kimyoviy moddalarni saqlash uchun moʻljallangan XICHOda avariya yoki baxtsiz hodisalar sodir boʻlgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus tekshirish oʻtkazadi.
33. Ichki ishlar vazirligi kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasida quyidagilarni amalga oshiradi:
kimyoviy moddalar tegishli manzilga xavfsiz yetkazilishi (tashilishi) uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kuzatuvni amalga oshiradi;
kimyoviy moddalar bilan bogʻliq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash choralarini koʻradi.
331. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi faoliyatning tabiatni muhofaza qilish normalariga muvofiqligiga rioya etilishini nazorat qiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
34. Kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan ishlab chiqarishda foydalanish va ularni yoʻq qilishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashga quyidagilar javobgar hisoblanadi:
kimyoviy moddalar omborga joylashtirilgunga qadar — tashuvchi;
kimyoviy moddalar omborga hamda ishlab chiqarish bino va inshootiga joylashtirilganda — ombor egasi va ulardan foydalanuvchi subyekt;
kimyoviy moddalardan foydalanish va ularni yoʻq qilishda — ulardan foydalanuvchi subyekt.
35. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan moddalar hamda ushbu moddalar saqlanadigan ombor hamda ishlab chiqarishga moʻljallangan bino va inshootlarning yongin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasidan xulosa olinishi zarur boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar)
ROʻYXATI
Izoh.
Mazkur roʻyxatga yangi turdagi yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ishlab chiqilganda, vakolatli organlar tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Elektron hujjatning identifikatsiya raqamiYonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash hamda ishlab chiqarish bino va inshootlari uchun obyektning yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidanXULOSASeriyaRaqamUshbu xulosa (viloyat, tuman/shahar, qishloq/koʻcha/uy) ____________________________________________________________________________________________________________________________________ manzilda joylashgan,___________________________________________________________________(jismoniy va yuridik F.I.O) ga tegishli boʻlgan, _____________________________________________________________________ (obyektning nomi) ningilovada roʻyxati keltirilgan yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan berildi.20 ___ yil “___” _____________________________________________________________________(vakolatga ega rahbarning lavozimi)(F.I.O)m2: ______________________________________ m3: ______________________________________ Binolar va (yoki) ochiq maydonlarQR-kod
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga3-ILOVA
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni omborxonalarda va ishlab chiqarish bino va inshootlarida saqlash faoliyati uchun ruxsatnoma olish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarBajarish muddatlari1-bosqichKimyoviy moddalarni saqlovchi ombor hamda ishlab chiqarish bino va inshooti egalariKimyoviy moddalarni saqlash omborini tashkil etish hamda kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish bino va inshootida saqlash boʻyicha Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmasiga talab etiladigan materiallar bilan birga ariza bilan yozma yoki vazirlik elektron manzili orqali murojaat qiladi.Kimyoviy moddalar omborga joylashtirilgunga qadar2-bosqichFavqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasi1. Qoʻmitaga arizada koʻrsatilgan omborxona hamda ishlab chiqarish bino va inshooti sanoat xavfsizligi talablariga javob berishi yuzasidan tegishli xulosa olish uchun zarur materiallarni yuboradi.Bir ish kuni2. Omborxona hamda ishlab chiqarish bino va inshootining yongin xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan joyiga chiqqan holda tegishli oʻrganishlar oʻtkazadi.Uch ish kuni3-bosqichQoʻmitaArizani joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqib, omborning hamda ishlab chiqarish bino va inshootining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan tegishli xulosani Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim qiladi.Yetti ish kuni4-bosqichFavqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasiQoʻmita xulosasi va omborning hamda ishlab chiqarish bino va inshootining yongin xavfsizligi talablariga muvofiqligini oʻrganish natijalari asosida yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlash omborxonasi hamda ishlab chiqarish bino va inshooti faoliyati uchun tegishli ruxsatnoma yoki omborxonaning hamda ishlab chiqarish bino va inshootining sanoat va/yoki yongin xavfsizligi qoidalariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beradi.Oʻn ish kuni
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi nazorati ostida boʻlgan xavfli kimyoviy moddalarning
ROʻYXATI
Izoh.
Mazkur roʻyxatga yangi turdagi yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ishlab chiqilganda, vakolatli organlar tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
