Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (115-son)
06.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga pestitsidlarni olib kirishni tartibga solish, jumladan, qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olishni takomillashtirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, pestitsidlarni qoʻllash ustidan davlat nazoratini oʻrnatish boʻyicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, milliy qonunchilikni Pestitsidlarni tarqatish va ulardan foydalanish boʻyicha xalqaro axloq kodeksi talablariga muvofiqlashtirish zarurati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga muvofiq, shuningdek, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish uchun ariza berish tartibi;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish tartibi;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish tartibi;
hisobotlarni taqdim qilish va koʻrib chiqish, shuningdek, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani berish yoki uni berishni rad etish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga oluvchilarning huquq va majburiyatlari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab uch oydan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-mart,
115-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-son qaroriga 1-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza bergan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tashkiliy-huquqiy shakliga koʻra tadbirkorlik faoliyati subyektlari yoki ularning ishonchli vakili;
vegetatsiya davri — qishloq xoʻjaligi ekini ekilganidan boshlab uning pishib yetilguniga qadar boʻlgan davr;
kimyolashtirish vositalari — oʻsimliklarning rivojlanishi va pishib yetilishini tezlashtirish, hosildorligi va sifatini oshirish, shuningdek, tuproq unumdorligini yaxshilash uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalar;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligi — zararli organizmlarning nobud boʻlishi yoki sonining kamayishi yoxud oʻsimliklarning zararlanish darajasi kamayishi bilan ifodalangan vositadan foydalanish natijasi;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining farqlanib turuvchi (savdo) nomi — mahsulotni sinovdan oʻtkazish, roʻyxatga olish, qadoqlash, reklama qilish va faqat ariza beruvchi (roʻyxatdan oʻtkazuvchi) tomonidan mahsulotni boshqalardan farqlash uchun foydalaniladigan nom;
kimyolashtirish vositasini identifikatsiyalash — kimyolashtirish vositalari namunasiga va (yoki) uning tavsifiga asosan laboratoriya sinovlari orqali muvofiqligini aniqlash;
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi;
mikrobiologik oʻgʻit — tarkibida mikroorganizmlar boʻlgan oʻgʻitlar;
mineral oʻgʻit — tayyorlangan yoki qazib olingan, tarkibida mineral shakldagi oziqlantiruvchi moddalar boʻlgan oʻgʻitlar;
organik oʻgʻit — kelib chiqishi oʻsimlik yoki hayvonlar bilan bogʻliq moddalardan tashkil topgan oʻgʻitlar;
organik-mineral oʻgʻit — organik yoki noorganik kelib chiqishga ega oziqa moddalari bilan organik va mineral oʻgʻitlarni aralashtirish va (yoki) kimyoviy birikmalar olish yoʻli bilan olinadigan oʻgʻitlar;
pestitsidlarning qoldiq miqdori — oʻsimlik va atrof-muhit obyektlari tarkibidagi pestitsid qoldiqlarining miqdoriy koʻrsatkichi boʻlib, ular orqali insonlar va hayvonlar xavfsizligi baholanadi;
roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma — kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi hujjat;
sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar — maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligini, toksikologik-gigiyenik xossalarini va ekologik xossalarini aniqlovchi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari;
taʼsir etuvchi (faol) modda — oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining zararli organizmga toksik taʼsir koʻrsatuvchi biologik faol qismi;
foydalanish reglamenti — kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash tartibi va qoidalari;
xavfsizlik pasporti — kimyolashtirish vositalari uchun texnik hujjatlarning majburiy tarkibiy qismi boʻlgan va isteʼmolchiga kimyolashtirish vositalaridan qishloq xoʻjaligida foydalanish, ularni saqlash, tashish va utilizatsiya qilish xavfsizligi toʻgʻrisida hamda inson hayoti va sogʻligʻi, mulk va atrof-muhit xavfsizligini taʼminlash uchun ishonchli maʼlumot berishga moʻljallangan ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan berilgan hujjat;
etalon (andoza) — roʻyxatga olinadigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari samaradorligini qiyoslash varianti (fitosanitariya maqsadi va kimyoviy guruhi boʻyicha sinovdan oʻtkazilayotgan vositaga oʻxshash hamda roʻyxatga olingan oʻsimliklarni himoya qilish vositasi);
oʻsimliklarning oʻsishini boshqaruvchi vositalar (stimulyatorlar) — oʻsimliklar oʻsishi va rivojlanishini jadallashtiruvchi yoki tartibga soluvchi tabiiy yoxud sunʼiy hosil etilgan mahsulot;
texnik hujjat (dosye) — oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va mikrobiologik oʻgʻitlar hamda oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalarning biologik, fizik-kimyoviy va toksikologik xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari — oʻsimliklarni himoya qilish uchun qoʻllaniladigan kimyoviy vositalar va biologik himoya vositalari (insektoakaratsidlar, rodentitsidlar, fungitsidlar, gerbitsidlar, urugʻ dorilagichlar, feromonlar, defoliantlar, desikantlar va boshqalar);
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining analitik standarti — oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining preparativ shakli tarkibidagi biologik faol qismi (taʼsir etuvchi modda)ning standart namunasi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining analogi — bitta taʼsir etuvchi modda asosida xuddi shunday preparativ shaklda tayyorlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari;
qoʻllash meʼyorlari — ishlov beriladigan ekin maydoni yoki ishlov beriladigan birlikka sarflanadigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining massasi yoki hajmi (gektariga (kvadrat metriga) / gramm / litr / kilogramm / tonna / dona (tabletka, shtamm).
3. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtmagan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, olib kirish, sotish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
4. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma maxsus vakolatli davlat organi tomonidan beriladi.
Bunda kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari besh yil muddatga roʻyxatga olinadi.
2-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish
5. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq beriladi.
6. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani berish:
kimyolashtirish vositalari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, mikrobiologik oʻgʻitlar va oʻsimliklarning oʻsishini boshqaruvchi vositalar uchun — Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida bir martalik yigʻim undiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet el valyutasida amalga oshiriladigan toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
3-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun ariza berish
7. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari quyidagi tartibda roʻyxatga olinadi:
mineral, organik, organik-mineral oʻgʻitlarni oʻz ichiga olgan kimyolashtirish vositalari Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi) hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining, shuningdek, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarning sinovlari xulosasiga muvofiq;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari hamda mikrobiologik oʻgʻitlar va oʻsimliklarning oʻsishini boshqaruvchi vositalarni oʻz ichiga olgan kimyolashtirish vositalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hamda sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlarning sinovlari xulosasiga muvofiq.
Maxsus vakolatli davlat organi ushbu bandda keltirilgan sinovlar xulosalariga muvofiq vositalarni roʻyxatga olish yoki uni roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
8. Ariza beruvchi kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun quyidagilarni taqdim etadi:
a) kimyolashtirish vositalari uchun:
mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza;
ariza beruvchi tomonidan boshqa mamlakatdan olib kelinadigan kimyolashtirish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ishlab chiqaruvchining rozilik xati (ishonchnoma, kelishuv bitimi) va mahsulot ishlab chiqarish sertifikati yoki litsenziyasi;
kimyolashtirish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazgan tashkilot nomidan yoki tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) boshqa shaxs foydalanganda, tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining nusxasi yoxud intellektual mulk obyektlariga (tovar belgisiga) boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi (agar mavjud boʻlsa);
kimyolashtirish vositalarini sinovdan oʻtkazish boʻyicha akkreditatsiyalangan laboratoriyaning olti oydan ortiq boʻlmagan vositalar sinovlari xulosasi va mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq xavfsizlik pasporti;
b) oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, mikrobiologik oʻgʻitlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar uchun:
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari uchun ushbu Nizomga 2a-ilovaga muvofiq shakldagi ariza. Bunda oʻsimliklarni himoya qilish vositasining nomi avval roʻyxatga olingan vositaning nomidan farqlanishi lozim (kamida uchta bosh harfi farq qilishi lozim), uning xossalari va kelib chiqishini chalgʻitishga yoʻl qoʻyilmasligi shart;
ariza beruvchi tomonidan boshqa mamlakatdan olib kelinadigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ishlab chiqaruvchining rozilik xati (ishonchnoma, kelishuv bitimi) va mahsulot ishlab chiqarish sertifikati yoki litsenziyasi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazgan tashkilot nomidan yoki tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) boshqa shaxs foydalanganda, tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining nusxasi yoxud intellektual mulk obyektlariga (tovar belgisiga) boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi (agar mavjud boʻlsa);
yangi mikrobiologik vositalar uchun mazkur Nizomga 4 yoki 8, 9 va 10-ilovalarga muvofiq shakldagi maʼlumotlar;
ushbu Nizomga 6a — 11-ilovalarda nazarda tutilgan tartibda yigʻilgan, qismlar boʻyicha guruhlangan va raqamlangan, tegishli ravishda ushbu vositani asl ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan tasdiqlangan texnik hujjatlar (dosye) toʻplami;
vositaning preparativ shakli va (yoki) konsentratsiyasi, shuningdek, uning analogi oʻzgarganda, tarkibida oldin roʻyxatga olingan vositalarning taʼsir etuvchi moddalari boʻlgan kombinatsiyalangan vositalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun mazkur Nizomga 6 yoki 6a, 7 va 11-ilovalarga muvofiq shakldagi maʼlumotlar;
titri oʻzgargan mikrobiologik vositalarni roʻyxatga olish uchun mazkur Nizomga 6, 6a, 9 va 11-ilovalarga muvofiq shakldagi maʼlumotlar;
vositadan foydalanish reglamenti;
oʻsimlik mahsulotlari va atrof-muhit obyektlarida pestitsidlarning qoldiq miqdori meʼyorlari va ularni aniqlash usullari (oʻsimlik mahsulotlaridagi pestitsid qoldiqlarining ruxsat etilgan maksimal darajasi, sanitariya-maishiy maqsadlarda foydalaniladigan suv havzalarida pestitsid qoldiqlarining ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi, ish zonasi havosida pestitsid qoldiqlarining ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi, ish zonasi va atmosfera havosidagi pestitsidlar taʼsirining taxminiy xavfsiz darajasi, pestitsid qoldiqlarining tuproqdagi ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi);
oʻram-quti va yorliq toʻgʻrisida mazkur Nizomga 5a-ilovaga muvofiq shakldagi maʼlumotlar.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining yorligʻi va unga ilova qilingan hujjatlar matni oʻzbek tilida (chet el ariza beruvchilari uchun rus tilida), shuningdek, xavfli kimyolashtirish vositalarining yorligʻida ogohlantiruvchi tamgʻasi boʻlishi kerak.
Ariza beruvchidan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjat va maʼlumotlarni talab etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Ariza beruvchi mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni maxsus vakolatli davlat organining “Mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha biologik va kimyoviy vositalarni sinovdan oʻtkazish, roʻyxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — ATT) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoxud “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi orqali elektron shaklda taqdim etadi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
10. Ariza beruvchi tomonidan hujjat va maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda, shuningdek, amal qilish muddati oʻtgan hujjatlar taqdim etilganda, maxsus vakolatli davlat organi oʻn besh ish kuni ichida kamchiliklarni koʻrsatgan holda xatolarni toʻgʻrilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun takroran taqdim etishi mumkin boʻlgan muddatni koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi.
Bunda xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan vaqtga mutanosib boʻlishi, lekin ushbu muddat oʻttiz ish kunidan oshmasligi lozim.
11. Maxsus vakolatli davlat organi ariza beruvchi tomonidan berilgan hujjat va maʼlumotlarni mustaqil ravishda asl ishlab chiqaruvchidan tekshirishga haqli.
12. Taqdim etilgan hujjat va maʼlumotlar hamda keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladigan preparatlarning nojoʻya taʼsiri uchun ishlab chiqaruvchi hamda sinovni oʻtkazuvchi tashkilotlar javobgar hisoblanadi.
13. Ariza beruvchi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan koʻrib chiqilgan hujjatlar orasidan mazmuni tijorat sirini tashkil etuvchi konfidensial tusdagi hujjatlar roʻyxatini belgilaydi va ularning “konfidensial”ligini tasdiqlaydi.
Maxsus vakolatli davlat organi va sinovni oʻtkazuvchi tashkilotlar tomonidan texnik hujjat (dosye)ning konfidensial maʼlumotlari oshkor etilmaydi.
4-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlarini oʻtkazish
14. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari ularning biologik samaradorligini, toksikologik-gigiyenik xossalarini hamda ekologik xossalarini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Maxsus vakolatli davlat organi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda oʻrganadi.
15. Maxsus vakolatli davlat organi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishilgan holda, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, mikrobiologik oʻgʻitlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalarni roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish rejasini tasdiqlaydi.
16. Maxsus vakolatli davlat organi vositalarning biologik samaradorligini aniqlash uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Fanlar akademiyasi, toksikologik-gigiyenik xossalarini aniqlash uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda ekologik xossalarini aniqlash uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining taqdimnomasiga asosan sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar roʻyxatini tasdiqlaydi.
17. Kimyolashtirish vositalari ishlab chiqaruvchilar va boshqa manfaatdor shaxslar (ishlab chiqaruvchilarning vakolatli vakillari, import qiluvchilar, davlat nazoratini amalga oshiruvchilar) tomonidan identifikatsiya qilish orqali aniqlanadi.
Identifikatsiya qilish kimyolashtirish vositalarini ishlab chiqarish jarayoni va ishlatilgan asosiy komponentlar, oʻram yoki yorliqda koʻrsatilgan oziqa moddalari miqdori va ularning shaklini aniqlash va kimyolashtirish vositalari namunasining laboratoriya sinovlari maʼlumotlariga muvofiqligini tekshirish orqali amalga oshiriladi.
18. Kimyolashtirish vositalarini identifikatsiya qilishda quyidagi talablarga rioya qilinadi:
kimyolashtirish vositalarining sifati va nazorati 12-ilovadagi koʻrsatkichlarga mos kelishi lozim, sifat koʻrsatkichida koʻrsatilgan minimal va maksimal qiymatlardan chetga chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi;
kimyolashtirish vositalarining sifat koʻrsatkichining salbiy ogʻishi 13-ilovadagi ogʻish koʻrsatkichlaridan, nomaqbul aralashmalarning konsentratsiyasi 14-ilovadagi ruxsat etilgan konsentratsiyadan oshmasligi lozim.
19. Quyidagi hollarda kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazishga ruxsat berilmaydi:
taqiqlangan vositalar tarkibiga kiritilgan yoki oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining taqiqlangan hamda cheklangan faol va nofaol ingrediyentlar reyestriga kiritilgan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasida patentlar bilan himoyalangan faol moddalarni yoki vositalarni oʻz ichiga olgan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasida bir xil ekin va zararli organizmlarga nisbatan qoʻllanilgan, oldin roʻyxatga olingan va sarf meʼyori sezilarli darajada kamaytirilgan boʻlsa;
agar taʼsir etuvchi (faol) modda yoki oʻsimliklarni himoya qilish vositalari olib kirilishi taqiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiya va hujjatlar roʻyxatida boʻlsa;
roʻyxatga olish uchun ariza hisobot yilining 1-fevralidan kech berilgan boʻlsa.
20. Roʻyxatga olish uchun sinovlar ariza beruvchilar bilan sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Ariza beruvchi sinov uchun moʻljallangan vositaning asl ishlab chiqaruvchi qadogʻidagi plombalangan zarur miqdordagi namunasini va unga berilgan muvofiqlik sertifikati va tahlil sertifikatini, shuningdek, analogi boʻlmagan va tarkibida yangi taʼsir etuvchi (faol) modda boʻlgan vositalar uchun analitik standart va etalon vositasini sinovni oʻtkazuvchi tashkilotlar (akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar)ga bevosita yoki pochta aloqa vositasi orqali taqdim etadi.
22. Taqdim etilgan namunalarning ishonchli saqlanishi hamda maqsadga koʻra xavfsiz foydalanilishi sinovdan oʻtkazuvchi tashkilotlar zimmasida boʻladi.
23. Roʻyxatga olish uchun sinovlarning belgilangan tartibda oʻtkazilishi, natijalarning ishonchliligi, xulosalar va tavsiyalarning obyektivligi (xolisonaligi) uchun sinovni oʻtkazuvchi tashkilotlar javobgar hisoblanadi.
24. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun ariza bergan shaxs, shuningdek, ushbu vositalarni ishlab chiqaruvchilar kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlashda ishtirok etishga haqli emas.
25. Toksikologik baholash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vositalar namunasi (analitik namunasi)ning zarur boʻlgan miqdorini olib kirish uchun kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovini oʻtkazish dasturi asos boʻladi.
Bunda vositalarning sinov uchun talab etiladigan miqdori sinov oʻtkazuvchi tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligini aniqlashda taqqoslash uchun etalon mavjud boʻlmagan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda xuddi shunday maqsadli etalondan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Etalon sifatida qoʻllaniladigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari mavjud boʻlmagan taqdirda, vositalarni roʻyxatga olish uchun sinovlarni etalonsiz oʻtkazishga ruxsat beriladi.
27. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligi sinovlari zararli organizmlarning xususiyatlari (avlodlar soni, patogenligi, chidamliligi, iqtisodiy ahamiyati, tarqalish maydoni)ni hisobga olgan holda ekinlar yetishtiriladigan hududlarda oʻtkaziladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligi sinovlari ekin turi va zararli organizmlarga qarab turli tuproq-iqlim sharoitlarida oʻtkaziladi.
28. Sinovdan oʻtkazilayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining oʻsimlik mahsulotlari va atrof-muhit obyektlarida qoldiq miqdorlari va preparatlarning parchalanish dinamikasini aniqlash ishlari ularning biologik va iqtisodiy samaradorligi baholangan tajriba maydonlaridan olingan namunalarni oʻrganish orqali amalga oshiriladi.
29. Roʻyxatga olish uchun sinovlar:
retsepturani oʻzgartirish, preparativ shakli va taʼsir etuvchi (faol) moddaning foiz tarkibi oʻzgarishi, ishlab chiqaruvchini oʻzgartirish, analoglar sinovlari, kombinatsiyalangan preparatlar, pestitsidlar, oldin roʻyxatga olingan preparatlarning bir qismi boʻlgan taʼsir etuvchi (faol) moddalar uchun — 12 oy (toʻliq bir vegetatsiya davrida);
yangi taʼsir etuvchi (faol) moddalarni oʻz ichiga olgan vositalar uchun — 24 oy (toʻliq ikki vegetatsiya davrida) muddatida oʻtkaziladi.
Agar vositalarning turli tuproq-iqlim mintaqalarida oʻtkazilgan roʻyxatga olish uchun sinov natijalari bir-biridan keskin farq qilsa, u holda ariza beruvchining roziligi bilan vositalarni roʻyxatga olish uchun sinovlarini oʻtkazish muddati bir yilgacha uzaytiriladi yoki oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, mikrobiologik oʻgʻitlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalarning sarf meʼyorini aniqlash maqsadida takroriy tajribalar dala sharoitida oʻtkaziladi.
30. Roʻyxatga olish uchun sinov oʻtkazuvchi tashkilotlar tomonidan vositalarni roʻyxatga olish sinovlari natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlar ushbu Nizomga 15-ilovaga muvofiq shaklda tayyorlanadi.
Sinov natijalari toʻgʻrisidagi xulosada quyidagilar qayd etiladi:
vositalarni roʻyxatdan oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi;
foydalanish qoidalari va cheklovlari yoxud vositalarini roʻyxatga olish mumkin emasligi toʻgʻrisida aniq xulosa va tavsiyalar;
salbiy nojoʻya taʼsirlarning mavjudligi.
31. Sinov oʻtkazuvchi tashkilotlar oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, mikrobiologik oʻgʻitlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar boʻyicha tegishli xulosa va ilmiy hisobotlarni har yili 1-noyabrga qadar maxsus vakolatli davlat organiga ATT orqali taqdim etadi.
mineral, organik, organik-mineral oʻgʻitlarni oʻz ichiga olish kimyolashtirish vositalari akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriya tahlillari natijalari sinov metodikalarida belgilangan muddatlar asosida taqdim etiladi.
32. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olish uchun sinovdan oʻtkazilgan dalalarda yetishtirilgan hosildan davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organning ruxsati bilan foydalaniladi.
5-bob. Hisobotlarni taqdim etish va koʻrib chiqish, shuningdek, roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
33. Maxsus vakolatli davlat organi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi.
34. Maxsus vakolatli davlat organi xulosalarga va ilmiy hisobotlarga asosan yakuniy xulosa tayyorlaydi hamda ularning natijalariga koʻra kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish haqida yoxud roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalarini tahlil qiladi hamda baholaydi.
Sinovlarni oʻtkazgan tashkilotlar yoki ulardan biri sinovlar yakunlari boʻyicha salbiy xulosa chiqargan taqdirda, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish rad etiladi.
35. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ariza beruvchi tomonidan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma olish uchun talab etilgan hujjatlar va maʼlumotlar kamchiliklarni bartaraf etish uchun maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan muddat ichida toʻliq taqdim etilmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizom talablarini buzgan holda rasmiylashtirilganligi;
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi;
vositalarning inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfliligi toʻgʻrisida ilgari nomaʼlum boʻlgan maʼlumotlar olinganligi;
roʻyxatga olish sinovlarini oʻtkazish metodikasi (uslub)ning buzilganligi;
ushbu Nizomga muvofiq vositalarni roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish natijalari boʻyicha asoslantirilgan salbiy xulosalar berilganligi;
davlat ekologik ekspertizasi, toksikologik-gigiyenik ekspertiza va biologik samaradorlik boʻyicha salbiy xulosa berilganligi;
intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilmaganligi.
36. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma berishning rad etilganligi haqidagi xabarnoma ariza beruvchiga elektron shaklda rad etishning sabablari hamda qonunchilik hujjatlarining normalari koʻrsatilgan holda yuboriladi.
6-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish
37. Ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan yigʻim uchun toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng maxsus vakolatli davlat organi tomonidan 10 ish kuni ichida mazkur Nizomga 16-ilovaga muvofiq elektron shaklda roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma rasmiylashtiriladi.
38. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma rasmiylashtirilgandan soʻng Oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashishning qoʻllash uchun ruxsat etilgan kimyoviy hamda biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga kiritadi hamda oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi.
39. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olingan (qayta roʻyxatga olingan)dan soʻng vositalarning savdo nomini yoki tarkibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
40. Oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha shoshilinch choralar koʻrilishini talab qiluvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazilmagan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini bir yilgacha boʻlgan muddatda tajriba tariqasida qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllashga doir ruxsatnoma maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, oldindan belgilangan maydon yoki hudud uchun bir vegetatsiya davriga boʻlgan muddatga beriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllashga doir ruxsatnomani berish chogida maxsus vakolatli davlat organi tajriba rahbarini, shuningdek, uni oʻtkazish qoidalari va shartlarini belgilaydi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllash muddati tugaganidan keyin tajriba rahbari maxsus vakolatli davlat organiga tajriba natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qoldiqlari, asboblar va moslamalar turgan joy haqidagi axborotni taqdim etadi.
7-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish
41. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish ariza beruvchining murojaatiga asosan maxsus vakolatli davlat organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti qayta tashkil etilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtgandan keyin 5 ish kuni ichida maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga ariza bilan murojaat qiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgarganda, tadbirkorlik subyekti sifatida qayta roʻyxatdan oʻtgandan keyin 5 ish kuni ichida maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga ariza bilan murojaat qiladi.
42. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani roʻyxatga oluvchini oʻzgartirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda kimyolashtirish vositasi va Nizomga 2a-ilovaga muvofiq shaklda oʻsimliklarni himoya qilish vositasini roʻyxatga oluvchini (ariza beruvchini) oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish huquqi yangi roʻyxatga oluvchiga (ariza beruvchiga) oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar (shartnoma, xat, kelishuv bitimlar);
yangi roʻyxatga oluvchi (ariza beruvchi) nomidan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga oluvchi boʻlganligini tasdiqlovchi hamda kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqaruvchi, savdo nomi, taʼsir etuvchi moddasining ishlab chiqaruvchisi, foydalanish reglamentlari oʻzgartirilmaganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning rozilik berganligini tasdiqlovchi hujjat;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning asl nusxasi (agar guvohnoma qogʻoz shaklda olingan boʻlsa);
yangi roʻyxatga oluvchi (ariza beruvchi) nomidan mazkur Nizomga 5-ilovaga muvofiq shaklda kimyolashtirish vositasi yoki 5a-ilovaga (qadoq yoki oʻram shakli) muvofiq shaklda oʻsimliklarni himoya qilish vositalari toʻgʻrisida maʼlumot.
Bunda guvohnomani roʻyxatga oluvchini oʻzgartirish uchun ariza beruvchidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma qayta rasmiylashtirilganda, oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi foydalanishga ruxsat etilgan kimyoviy va biologik kurash vositalari, shuningdek, defoliantlar, desikantlar va oʻsimliklarning oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga hamda kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
44. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish ariza berilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Bunda kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish muddati saqlanib qoladi, qayta roʻyxatga olish uchun sinovlar oʻtkazilmaydi.
45. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani qayta rasmiylashtirish uchun yigʻim undirilmaydi.
8-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish tartibi
46. Roʻyxatga olish muddati tugagandan soʻng ariza beruvchining arizasiga koʻra:
kimyolashtirish vositalarini qayta roʻyxatga olinishi uchun mazkur Nizomga 2, 5 va 6-ilovalarga muvofiq shakldagi hujjatlar;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, mikrobiologik oʻgʻitlar hamda oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar uchun mazkur Nizomga 2a, 6a, 7 va 11-ilovalarga muvofiq shakldagi hujjatlar taqdim etiladi.
47. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining xulosalari asosida qabul qilingan maxsus vakolatli davlat organining qarori vositalarning keyingi muddatga qayta roʻyxatga kiritilishiga asos boʻladi.
48. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish uchun ariza beruvchi roʻyxatga olish muddati tugashidan kamida 60 kun oldin maxsus vakolatli davlat organiga roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani koʻrsatgan holda ariza bilan murojaat qiladi.
49. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan qayta roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi murojaatni kelib tushgan kundan boshlab 20 ish kuni ichida koʻrib chiqadi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishilgan holda, qaror qabul qiladi hamda kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtiradi.
50. Maxsus vakolatli davlat organining kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish boʻyicha yuborgan soʻrovnomalariga muvofiq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi 10 ish kuni ichida tegishli xulosalarni taqdim etishi lozim.
51. Maxsus vakolatli davlat organi oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashishning qoʻllash uchun ruxsat etilgan kimyoviy hamda biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga qayta roʻyxatga olingan vositalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi hamda oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
52. Ushbu Nizomning 48-bandida belgilangan muddat oʻtgandan keyin taqdim etilgan qayta roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizalar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilinmaydi va qayta roʻyxatga olishni rad etish uchun asos hisoblandi.
53. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari quyidagi hollarda qayta roʻyxatdan oʻtkazilmaydi:
vakolatli davlat organlari tomonidan tasdiqlangan, inson salomatligi, hayvonlar yoki atrof-muhit uchun xavfliligi toʻgʻrisida ilgari nomaʼlum boʻlgan yangi maʼlumotlar olinganda;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiyalar roʻyxatiga hamda Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining faol va nofaol boʻlgan, foydalanish taqiqlangan hamda cheklangan ingrediyentlari reyestriga kiritilgan boʻlsa;
qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan vositalarning qoʻllash meʼyorlari hamda biologik samaradorligi kamayganligi toʻgʻrisida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan boʻlsa;
vositalarning kimyoviy tarkibi, retsepturasi va ishlab chiqarish texnologiyasida (formulyatsiyasi) oʻzgarishlar kiritilgan boʻlsa.
54. Ariza beruvchi qayta roʻyxatga olishda vositalarning kimyoviy tarkibi, retsepturasi va ishlab chiqarish texnologiyasi (formulyatsiyasi)dagi barcha oʻzgarishlar, shuningdek, uning xavfliligi boʻyicha yangi maʼlumotlar paydo boʻlishi toʻgʻrisida hujjatlarni taqdim etadi.
55. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qayta roʻyxatga olinganda tegishincha mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan yigʻim summasining yarmi miqdoridagi bir martalik yigʻim undiriladi.
9-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
56. Roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma quyidagi hollarda tugatiladi:
qoʻllanilayotgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining tarkibida boshqa aralashmalar mavjud boʻlganda yoki ularning tarkibi roʻyxatga olingan tarkibdan farq qilganda;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qoʻllanilganda inson sogʻligʻiga, atrof-muhitga yoki biologik himoya vositalariga zarar yetkazilishi ehtimoli toʻgʻrisida ilmiy jihatdan tasdiqlangan yangi maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining nomaqbul xossasi hamda biologik samaradorligi past ekanligi aniqlanganda.
57. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining xulosasiga asosan tugatiladi.
58. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda, oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashishning qoʻllash uchun ruxsat etilgan kimyoviy hamda biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi hamda maʼlumotlarni oʻzining veb-saytiga joylashtiradi.
59. Maxsus vakolatli davlat organi qaror qabul qilingandan keyin 10 ish kuni ichida kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani olgan shaxsga roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning tugatilganligini xabardor qiladi.
60. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda faol moddadan foydalanishga taqiq oʻrnatilganda, ushbu faol moddani oʻz ichiga olgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga oluvchi darhol xabardor qilinadi hamda 24 oy ichida ushbu mahsulotlarni qoʻllashni toʻxtatishi shart, bunda mazkur davr mobaynida taqiqlangan faol moddani oʻz ichiga olgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini respublikaga olib kirish va ishlab chiqarish taqiqlanadi.
61. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish yuzasidan guvohnoma egasi tomonidan belgilangan tartibda sud organlariga murojaat qilishi mumkin.
10-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar reyestrini yuritish
62. Maxsus vakolatli davlat organi kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar reyestrini yuritadi.
63. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar reyestrida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatib oʻtiladi:
ariza beruvchilarning nomi, ularning tashkiliy-huquqiy shakli, manzili, telefoni;
roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar berilgan sana va tartib raqami;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash doirasi hamda meʼyorlari;
roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati;
roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish asosi va sanasi.
11-bob. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga oluvchining huquq va majburiyatlari
64. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari ushbu Nizom talablariga muvofiq kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan taqdirda realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyiladi.
65. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega subyektlar quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
ishlab chiqarilgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan ulgurji va chakana savdo qilish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining isteʼmolchilar oʻrtasida belgilangan tartibda reklamasini yoʻlga qoʻyish;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni rad etish haqidagi, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma berish yoxud uni berishni rad etish haqidagi qarorlar ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega subyektlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
66. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega subyektlarga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olingan ishlab chiqaruvchidan olib kirishga;
yaroqlilik muddati tugagan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini savdoga chiqarmaslik;
yaroqlilik muddati olti oydan kam boʻlgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirmaslik;
realizatsiya qilishga chiqarilgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini yaroqlilik muddatiga doimiy eʼtibor qaratish;
maxsus vakolatli davlat organiga kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari haqidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda taqdim qilish;
yaroqlilik muddati tugagan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini realizatsiya qilishdan chiqarish, vositalar va ularning idishlari utilizatsiyasi (yoʻq qilinishi)ni qonunchilik hujjatlarida bilan belgilangan talablar asosida amalga oshirish.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega subyektlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
67. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish
SXEMASI
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Kimyolashtirish vositalarini roʻyxatga olish uchun
ARIZA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2a-ILOVA
Oʻsimliklarni himoya qilish vositasini roʻyxatga olish uchun
ARIZA*
* Har bir oʻsimliklarni himoya qilish vositalari uchun ariza alohida toʻldiriladi.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Xavfsizlik pasporti
1. Moddalar/aralashmalar va kompaniya/tashkilotlar taʼrifi:
1) mahsulot taʼrifi;
2) moddalar/aralashmalarning tavsiya etilgan va tavsiya etilmagan belgilangan ishlatish doirasi;
3) yetkazib beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot;
4) tezkor aloqa uchun telefon raqami.
2. Xavfni aniqlash (identifikatsiyalash):
1) modda yoki aralashmaning tasnifi;
2) yorliq elementlari;
3) boshqa xavf turlari.
3. Tarkibi/ingrediyentlar haqida maʼlumot:
1) moddalar;
2) aralashmalar.
4. Birinchi yordam choralari:
1) birinchi yordam choralarining tavsifi;
2) oʻtkir va kechiktirilgan eng muhim alomatlar va taʼsirlar;
3) shoshilinch tibbiy yordam va zarur boʻlgan maxsus parvarish haqida koʻrsatma.
5. Yongʻin va portlash xavfsizligini taʼminlash choralari va vositalari:
1) yongʻinga qarshi vositalar;
2) modda yoki aralashmadan kelib chiqadigan maxsus xavf omillari;
3) oʻt oʻchiruvchilar uchun tavsiyalar.
6. Avariyalar va favqulodda vaziyatlar hamda ularning oqibatlarining oldini olish va bartaraf qilish choralari:
1) shaxsiy ehtiyot choralari, himoya vositalari va favqulodda vaziyatlar;
2) atrof-muhitni muhofaza qilish choralari;
3) xavf kengayishining oldini olish va tozalash usullari va vositalari;
4) boshqa boblarga havola.
7. Yuklash, tushirish, saqlash va muomalada boʻlish qoidalari:
1) xavfsiz foydalanish boʻyicha ehtiyot choralari;
2) xavfsiz saqlash shartlari, shu jumladan, barcha turdagi nomuvofiqliklar;
3) maxsus yakuniy qoʻllash doiralari.
8. Xavfni nazorat qilish va shaxsiy himoya vositalari:
1) nazorat qilish parametrlari;
2) taʼsirni nazorati qilish.
9. Fizik va kimyoviy xususiyatlar:
1) asosiy fizik va kimyoviy xossalar haqida maʼlumot;
2) texnik xavfsizlik boʻyicha boshqa maʼlumot.
10. Barqarorlik va reaksiya qobiliyati:
1) reaktivlik;
2) kimyoviy barqarorlik;
3) xavfli reaksiyalar ehtimoli;
4) oldini olish kerak boʻlgan holatlar;
5) mos kelmaydigan materiallar;
6) parchalanishdagi xavfli moddalar.
11. Toksiklik haqida maʼlumotlar:
1) toksikologik taʼsirlar haqida maʼlumot;
2) qoʻshimcha maʼlumotlar.
12. Atrof-muhitga taʼsiri haqida maʼlumot:
1) toksiklik;
2) barqarorlik va degratatsiya;
3) bioakkumulyatsiya potensiali;
4) atrof-muhitdagi harakatchanlik (tarqalishi);
5) chidamlilik, bioakkumulyatorlik va toksiklikni (PBT) yoki yuqori barqarorlik va yuqori bioakkumulyatorlikni (vPvB) baholash natijalari;
6) boshqa nojoʻya taʼsirlar.
13. Utilizatsiya qilish boʻyicha tavsiyalar:
1) zaharli kimyoviy moddalar chiqindilari hamda ulardan boʻshagan qadoqlash idishlari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish.
14. Tashish (transportirovka) haqida maʼlumot;
1) Birlashgan Millatlar Tashkilotining tavsiyalariga muvofiq yuk tushirish turining va/yoki transportning nomlanishi;
2) transport vositalarining turlari;
3) transport tamgʻasi va qadoqlash guruhi;
4) amaldagi qoidalarga muvofiq xavfsiz tashish boʻyicha tavsiyalar (shu jumladan, korxona hududida).
15. Normativ-huquqiy hujjatlar (milliy va xalqaro qonunchilikda) haqida maʼlumotlar:
1) moddalar va aralashmalar bilan bogʻliq xavfsizlik, sogʻliqni va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablari;
2) kimyoviy xavfsizlikni baholash.
16. Qoʻshimcha maʼlumotlar:
1) xavfsizlik pasportini qayta koʻrib chiqishda (qayta nashr etishda) oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlimlarni koʻrsatish lozim;
2) xavfsizlik pasportini tuzishda ishlatilgan maʼlumotlar manbalarining roʻyxati.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Kimyolashtirish vositalarining markirovkasiga talablar
* Quyidagi maʼlumotlar taqdim etiladi:
1.1. Asosiy oziqa moddalari N-P-K tartibida kimyoviy belgilar bilan koʻrsatilgan azot (N), fosfor (P) yoki kaliy (K) ni talab qiladi.
1.2. Kimyoviy belgilar bilan belgilangan Ca-Mg-Na-S ketma-ketligida, eʼlon qilingan ikkilamchi oziqa moddalari kalsiy (Ca), magniy (Mg), natriy (Na) yoki oltingugurt (S).
1.3. Eʼlon qilingan oziqa moddalarining tarkibini koʻrsatadigan raqamlar, yaʼni umumiy azot (N), fosfor pentoksidi (P2O5) sifatida jami fosfor yoki kaliy oksidi (K2O) sifatida jami kaliy, soʻngra qavs ichida umumiy kalsiy oksidi (CaO), magniy oksidi (MgO), natriy oksidi (Na2O) yoki oltingugurt trioksidi (SO3) miqdorlarini koʻrsatuvchi raqamlar.
1.4. Quyidagi eʼlon qilingan oziqa moddalarining tarkibi quyidagi tartibda va massasi foiz bilan ifodalanadi:
1.4.1. azot (N):
1.4.1.1. umumiy azot (N);
1.4.1.2. nitratli azot shaklida;
1.4.1.3. ammiakli azot shaklida;
1.4.1.4. karbamid shaklida;
1.4.1.5. karbamidoformaldegid, izobutilidendimochevina, krotonilidendimochevina shaklida;
1.4.1.6. sianamid azot shaklida;
1.4.2. fosfor pentoksidi (P2O5):
1.4.2.1. umumiy fosfor pentoksidi (P2O5);
1.4.2.2. suvda eruvchan fosfor pentoksidi (P2O5);
1.4.2.3. ammoniy sitratning neytral eritmasida eruvchan fosfor pentoksidi (P2O5);
1.4.2.4. tarkibida forforit uni mavjud boʻlsa — chumoli kislotasida eruvchan fosfor pentoksidi (P2O5);
1.4.3. suvda eruvchan kaliy oksidi (K2O)
1.4.4. kalsiy oksidi (CaO)
1.4.5. magniy oksidi (MgO)
1.4.6. natriy oksidi (Na2O)
1.4.7. oltingugurt trioksidi (SO3)
1.4.8. 1.4.4., 1.4.5., 1.4.6., 1.4.7-bandlarda qayd etilgan:
1.4.8.1. suvda toʻliq eriydigan boʻlsa — faqat suvda eriydigan tarkib shaklida;
1.4.8.2. agar koʻrsatilgan oziqa moddalarining eriydigan tarkibi belgilangan ozuqa moddalarining umumiy tarkibining kamida toʻrtdan bir qismini tashkil etsa — umumiy tarkib va suvda eruvchan tarkib shaklida;
1.4.8.3. boshqa hollarda umumiy tarkibi koʻrsatiladi.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5a-ILOVA
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining markirovkasi va oʻram-quti yorligʻiga talablar
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun har bir arizaga quyidagi talablarga javob beradigan va oʻzbek tilida chop etilgan mahsulot yorligʻi taqdim etilishi lozim:
1) barcha oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining yorligʻida quyidagi yozuvlar boʻlishi lozim: “Mazkur vositadan yorliqda koʻrsatilganlardan farqli ravishda foydalanish taqiqlanadi” va “Ishlatishdan oldin diqqat bilan oʻqing!”;
2) yorliqlarda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining xalqaro klassifikatsiyaga mos ravishda xavf tasnifiga koʻra tegishli signal soʻzlari boʻlishi (Xavfli!, Ehtiyot boʻling!);
3) oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining xavfini aks ettiruvchi xavf piktogrammalari xalqaro talablarda belgilanganidek kiritilishi kerak;
4) ishlab chiqarish va qadoqlash kompaniyasi, shuningdek, pochta manzili koʻrsatilishi;
5) pestitsidning savdo nomi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi kompaniya (ariza beruvchi);
6) taʼsir etuvchi faol modda nomi yoki mikroorganizmning turi va shtammi;
7) faol moddaning gramm/litr yoki gramm/kilogrammdagi miqdori (tirik hujayralar titri yoki ularning metabolik mahsuloti);
8) pestitsidning preparat shakli;
9) qoʻllash doirasi, foydalanish reglamentlari, vositaning va ishchi eritmaning qoʻllash meʼyorlari;
10) har ekin turi uchun kutish davri;
11) cheklovlar:
pestitsidning toksikligi (xavf darajasi) koʻrsatilgan boʻlishi;
pestitsidni saqlash, tashish va ishlatishda ehtiyot choralari;
birinchi yordam qilish maʼlumotlari;
12) toʻkilgan vositalarni zararsizlantirish usullari:
13) vosita ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati;
14) xavflilik darajasiga qarab, piktogrammalar va rangli chiziqlar xalqaro talablarga muvofiq yorliqqa tushiriladi;
15) pestitsidning roʻyxatga olinganlik raqami.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Taqdim qilinayotgan kimyolashtirish va barcha turdagi mineral oʻgʻitlarning fizikaviy-kimyoviy xususiyatlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6a-ILOVA
Taqdim qilinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining fizikaviy-kimyoviy xususiyatlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Taqdim qilinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining toksikologik-gigiyenik taʼrifi toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
Taqdim qilinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining, mikrobiologik preparatlarning faol ingrediyent va preparatpv shaklining (bakterial, zamburugʻli, virusli, mikrosporodial preparatlar, mikroorganizmlarning hayot faoliyati mahsuli asosida) tarkibi va xususiyatlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
Taqdim qilinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining, mikrobiologik preparatlarning faol ingrediyent va preparativ shaklining toksikologik baholash toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 10-ILOVA
Taqdim qilinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining, mikrobiologik preparatlarning faol ingrediyent va preparativ shaklining ekologik-toksikologik tavsifi toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 11-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlatish tartibi toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 12-ILOVA
Oʻgʻitlarni identifikatsiya qilishga qoʻyiladigan
TALABLAR
A. Oddiy mineral oʻgʻitlar (tarkibida bitta muhim oʻsimlik oziqasi mavjud).
A.1. Azotli oʻgʻitlar
A.2. Fosforli oʻgʻitlar
A.3. Kaliyli oʻgʻitlar
B. Murakkab mineral oʻgʻitlar (oʻsimliklar uchun ikki yoki undan ortiq asosiy oziqa moddalarini oʻz ichiga oladi) B.1. Mineral oʻgʻitlar NPK
B.2. Mineral oʻgʻitlar NPK
B.3. Mineral oʻgʻitlar NK
B.4. Mineral oʻgʻitlar RK
C. Suyuq mineral oʻgʻitlar: C.1. Oddiy suyuq oʻgʻitlar
C.2. Murakkab suyuq oʻgʻitlar (NPK, NP, NK, PK)
D. Ikkilamchi oʻsimlik oziqalarini oʻz ichiga olgan mineral oʻgʻitlar (kalsiy, magniy va oltingugurt)
E. Faqat mikroelementlarni oʻz ichiga olgan mineral oʻgʻitlar (mikrooʻgʻitlar)
F. Ohak materiallari
Eslatma. * Neytrallash qobiliyatini kalsiy oksidi (CaO) ekvivalentida ifodalash uchun 0,56 koeffitsiyentdan foydalanish kerak.
J. Organik va organik-mineral oʻgʻitlar
Izoh.
1. Organik oʻgʻit — kelib chiqishi oʻsimlik yoki hayvonlar bilan bogʻliq moddalardan tashkil topgan oʻgʻit.
2. Organik-mineral oʻgʻit — organik yoki noorganik kelib chiqishga ega oziqa moddalari bilan organik va mineral oʻgʻitlarni aralashtirish va (yoki) kimyoviy birikmalar olish yoʻli bilan olinadigan oʻgʻit.
3. Qayta ishlangan organik oʻgʻit — kelib chiqishi organik (oʻsimlik yoki hayvon) boʻlgan, fizik yoki kimyoviy jihatdan asl holatidan oʻzgargan, shu jumladan, organik kelib chiqadigan xom ashyoni yomgʻir chuvalchanglari tomonidan qayta ishlangan har qanday oʻgʻit. Qoidalarda belgilangan qayta ishlangan organik oʻgʻitlarga qoʻyiladigan talablar qadoqlangan organik oʻgʻitlarga nisbatan qoʻllaniladi.
4. Qoʻllanilish koʻrsatmalarga muvofiq yorliqda, markirovkada yoki qoʻshimcha hujjatlar koʻrsatilganiga asosan, agar oʻsimlik yoki tuproq vegetatsiya davrida yoki yil davomida kamida 10 kg ga -1 N, 5 kg ga -1 P 2 O 5 , 5 kg ga -1 K 2 O bilan taʼminlanmagan boʻlsa, kelib chiqishi organik mahsulot organik oʻgʻit hisoblanmaydi
N. Maxsus maqsadli oʻgʻitlar*
Eslatma. * Maxsus maqsadli oʻgʻitlar — bu maʼlum maqsadlar uchun (yopiq joylarda, bogʻlarda, oʻtloqlarda, yopiq oʻsimliklarda, oʻrmon xoʻjaligida va boshqalarda) yoki maxsus qoʻllash usullaridan foydalangan holda (bargdan oziqlantirish, sugʻorish bilan) har qanday ekin turi uchun moʻljallangan oʻgʻitlar va boshqalar).
I. Mikrobiologik oʻgʻitlar
Izoh. *KOYE — koloniya hosil qiluvchi birliklar.
J. Oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi preparatlar (stimulyatorlar)
Izoh. Oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar (stimulyator) — oʻsimliklar oʻsishini boshqarishda zarur deb tan olingan bir yoki bir nechta kimyoviy elementlarni, shuningdek tavsiya etilgan oʻgʻit meʼyorlariga muvofiq, asosan oʻsimliklarni oziqlantirish uchun emas, balki oʻsishini boshqarish uchun ishlatiladigan bir yoki bir nechta biologik faol birikmalarni oʻz ichiga olgan mahsulot.
Oʻgʻitda eʼlon qilinishi kerak boʻlgan mikroelementlarning minimal miqdori
1. Oʻgʻitda eʼlon qilinishi kerak boʻlgan mikroelementlarning minimal miqdori:
1.1. Faqat mikroelementlarni oʻz ichiga olgan qattiq yoki suyuq aralashmalarda:
1.1.1. Faqat mikroelementlarni oʻz ichiga olgan qattiq aralashmalarda (mikrooʻgʻitlar) umumiy mikroelementlarning minimal miqdori — massasining 5 foizi;
1.1.2. Faqat mikroelementlarni oʻz ichiga olgan suyuq aralashmalarda (mikrooʻgʻitlar) umumiy mikroelementlarning minimal miqdori — massasining 2 foizi;
1.2. Tarkibida mikroelementlar boʻlgan muhim va (yoki) ikkilamchi oziqa elementlarini oʻz ichiga olgan mineral oʻgʻitlarda:
2. Eng keng tarqalgan mikroelementlar — xelatlangan agentlar uchun qisqartmalar:
* makrooʻgʻit — tarkibida makro va mikroelementlar boʻlgan mineral oʻgʻit;
** mikrooʻgʻit — oziqlantiruvchi elementlari mikroelementlardan iborat mineral oʻgʻit.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 13-ILOVA
Oʻgʻitlarning eʼlon qilingan sifat koʻrsatkichining ruxsat etilgan salbiy ogʻishi*
* Agar maʼlum bir kimyolashtirish vositasining oziqa moddalarining maksimal miqdori ilovada koʻrsatilmagan boʻlsa, oziqa moddalarining tarkibi eʼlon qilingan tarkibdan koʻproq oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
Eslatma:
1. Ishlab chiqarish, qayta ishlash, namuna olish va sinovdan oʻtkazish natijasida oʻgʻitlar sifatining oʻzgarishini hisobga olish zarur.
2. Azotning turli shakllarining eʼlon qilingan tarkibining ruxsat etilgan ogʻishi (NO3, NN4 va boshqalar) va turli xil erituvchilarda eriydigan fosfor (P2O5) ularning umumiy tarkibining 1/10 qismini tashkil qiladi, agar tegishli oʻsimlik oziqlanish elementining umumiy tarkibi 1-ilovada koʻrsatilgan talablarga javob bersa, maksimal ogʻish ogʻirlik boʻyicha ikki foizni tashkil qiladi va salbiy ogʻish ushbu ilovada koʻrsatilgan.
3. Agar ushbu ilovada koʻrsatilmagan boʻlsa, tegishli eʼlon qilingan indikatorning ruxsat etilgan salbiy ogʻishi eʼlon qilingan qiymatning 1/5 qismini tashkil qiladi.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 14-ILOVA
Nomaqbul aralashmalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi
1. Oʻgʻitlardagi aralashmalar quyidagi chegara qiymatlaridan oshmasligi kerak:
1.1. Kadmiy (Cd):
1.1.2. Noorganik makroelementli oʻgʻitdagi umumiy fosfor (R) miqdori fosfor pentoksidining (P2O5) massa ekvivalenti 5% dan kam boʻlsa — har bir kg quruq moddaga 3 mg;
1.1.3. Noorganik makroelementli oʻgʻitning umumiy fosfor (R) miqdori fosfor pentoksidi (P2O5) massa ekvivalenti boʻyicha 5% yoki undan koʻp boʻlsa (fosfatli oʻgʻit) — har bir kg fosfor pentoksidi (P2O5) uchun 60 mg.
1.2. Olti valentli xrom (Cr VI) — kg quruq modda uchun 2 mg.
1.3. Simob (Ng) — quruq moddaning kg boshiga 1 mg.
1.4. Nikel (Ni) — quruq moddaning kg boshiga 100 mg.
1.5. Qoʻrgʻoshin (Pb) — quruq moddaning kg boshiga 120 mg.
1.6. Margumush (As) — quruq moddaning kg boshiga 40 mg.
1.7. Biuret (C2N5N3O2) — quruq moddaning kg boshiga 12 mg.
1.8. Perxlorat (ClO4-) — quruq moddaning kg boshiga 50 mg.
1.9. Noorganik makrooʻgʻit tarkibidagi mis (Cu) quruq moddaning kg uchun 600 mg dan oshmasligi kerak va noorganik makrooʻgʻitdagi rux (Zn) quruq moddaning 1 kg uchun 1500 mg dan oshmasligi kerak. Ammo, agar tuproqdagi elementlarning yetishmasligini bartaraf etish va eʼlon qilish uchun noorganik makrooʻgʻitga mis (Cu) yoki rux (Zn) qoʻshilsa, bu chegaralar qoʻllanilmaydi.
2. Mikro oʻgʻitlardagi aralashmalar quyidagi chegara qiymatlaridan oshmasligi kerak:
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 15-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va ilmiy hisobotlar tayyorlash uchun asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha
TARTIB
1. Biologik samaradorligi yuzasidan sinov natijalari boʻyicha hisobotning shakli (1-ilova).
2. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazgan xodimlar (F.I.O.), ilmiy darajasi (agar boʻlsa), imzosi.
3. Zararli organizm boʻyicha muammoning holati, sinov oʻtkazishning maqsadi.
4. Sinovdan oʻtkazilayotgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari (gerbitsidlar, akaritsidlar, insektitsidlar, biologik preparatlar va boshqalar) uchun obyektlar (hasharotlar, kasalliklar, begona oʻtlar, nematodlar va boshqalar) boʻyicha ilmiy adabiyotlarning qisqa tahlili (1,5-2 bet).
5. Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish boʻyicha sinovlarning tajriba rejasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
vositani roʻyxatga olish uchun talabgor tashkilot nomi, davlati;
roʻyxatga olish uchun berilgan savdo nomi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositasining taʼsir etuvchi moddasi;
preparat shakli;
oʻsimliklarni himoya qilish vositasi qoʻllaniladigan zararli organizm nomi;
sinovni oʻtkazish joyi va xoʻjalik nomi;
sinov oʻtkazilgan muddat;
sinov oʻtkazilayotgan ekin turi, navi (yoki boshqa obyekt);
sinov oʻtkazilayotgan maydonda zararli organizmning mavjudligi boʻyicha tegishli laboratoriya xulosasi (IZMM asosida);
sinov oʻtkazish uchun andoza sifatida olingan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining nomi, preparat shakli, taʼsir etuvchi moddasi, qoʻllash meʼyori;
sinov oʻtkazilayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositasining sarf meʼyori (ishchi eritma sarf meʼyori, preparat 1 gektar maydonga);
tajriba turi (kichik dala tajribasi (5 m²dan 200 m² gacha) yoki katta dala tajribasi (0,5 ga dan yuqori);
sinov davrida foydalanilgan texnik jihoz yoki uskuna turi, markasi;
sinov oʻtkazilayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositasini qoʻllash usuli;
sinov oʻtkazilayotgan davrdagi havo harorati, shamol tezligi va nisbiy havo namligi;
6. Sinovni oʻtkazish uslublari (metodikasi).
7. Tadqiqot natijalari (batafsil).
8. Xulosa va takliflar.
9. Foydalanilgan ilmiy adabiyotlar roʻyxati.
10. Sinov yakuni boʻyicha xulosa va takliflar (1-forma, jadval) (2-ilova).
11. Sinov natijalari boʻyicha sinov oʻtkazilgan xoʻjalik (korxona) rahbari yoki mutaxassisi hamda sinov oʻtkazgan xodimlar ishtirokidagi dalolatnoma (3-ilova).
12. Dala sinovlari uchun tajriba rejasiga asosan oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklar va begona oʻtlar tushgan maydonni tanlash (fotolavhasi bilan).
13. Sinovni kunlik oʻrganib borish maqsadida dala daftarini yuritish.
14. Sinovni oʻtkazish jarayonidagi foto va videolavhalar (dala sinovi oʻtkazilgunga qadar, sinovni oʻtkazish jarayoni va undan keyingi holat).
Izoh. Hisobot uch (3) nusxada tayyorlanadi, ularning bir donasi Agentlik uchun, ikkinchi nusxasi buyurtmachi korxona uchun, uchinchi nusxasi sinov oʻtkazgan tashkilot uchun qoldiriladi.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va ilmiy hisobotlar tayyorlash uchun asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha tartibga 1-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va ilmiy hisobotlar tayyorlash uchun asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha tartibga 2-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va ilmiy hisobotlar tayyorlash uchun asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha tartibga 3-ILOVA
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 16-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 729-son qarori bilan tasdiqlangan Organik va organik-mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentda:
129-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“129. Organik va organik-mineral oʻgʻitlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq organik va organik-mineral oʻgʻitlarga roʻyxatga olganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi”;
136 va 137-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“136. Texnik reglament talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, shuningdek, boshqa maxsus vakolatli davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
137. Texnik reglament talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning qaroridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, shuningdek, boshqa maxsus vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega”;
6-ilova chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-martdagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentda:
42-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mineral oʻgʻitni Oʻzbekiston Respublikasi bozorida muomalaga chiqarish uchun ruxsat berilgan mineral oʻgʻitlarning yagona reyestriga kiritadi hamda Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda mineral oʻgʻit roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi”;
48-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“48. Texnik reglament talablariga amal qilish boʻyicha davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi”;
50-banddagi “Vakolatli davlat organlari Texnik reglament” soʻzlari “Texnik reglament talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-ilova chiqarib tashlansin.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini respublika hududiga olib kirish tartibini soddalashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 2-dekabrdagi 765-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2021-yil 15-dekabrdagi 752-son qaroriga 1-ilovaning 33-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 955-bandi.
