Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (4032-IV-son)
13.02.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasining (bundan buyon matnda Parlament komissiyasi deb yuritiladi) axborotini eshitib, 2023-yil davomida Parlament komissiyasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Parlament komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan 2023-yil uchun ajratilgan jami 226 mlrd. 490 mln. soʻm mablagʻni davlat subsidiyasi shaklida 191 mlrd. 490 mln soʻm, davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 18 mlrd. soʻm va davlat granti shaklida 17 mlrd. soʻm miqdorida moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Parlament komissiyasi qarorlari asosida davlat budjeti hisobidan “Nuroniy” jamgʻarmasiga 35 mlrd. 182 mln. soʻm va Progressiv islohotlar markaziga 6 mlrd. 500 mln. soʻm qoʻshimcha davlat subsidiyasi shaklida mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Parlament komissiyasining qaroriga asosan Jamoat fondi tomonidan 2023-yilda davlat grantlarining 6 ta tanlovi oʻtkazilgan va 200 ta loyiha 18 mlrd. soʻmga moliyalashtirilgan.
Qoʻllab-quvvatlangan loyihalarni amalga oshirish jarayonida 11 724 ta davra suhbati va tadbir tashkil etilgan hamda ularda 2 231 750 nafar fuqaro qamrab olingan, 535 nafar koʻngilli jalb etilgan. 7 503 nafar fuqaroga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam koʻrsatilgan, 65 769 nafar fuqaroning bilim va koʻnikmalari oshirilgan va kasbga oʻqitilgan, 9 536 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan hamda 260 ta fuqaroga kredit ajratilishiga yordam koʻrsatilgan.
2023-yil davomida davlat organlarining taʼlim sifatini oshirish, sogʻliqni saqlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qurilish, kommunal xoʻjaligi, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik kabi sohalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan buyurtmalari asosida Parlament komissiyasi qaroriga muvofiq Jamoat fondi tomonidan 11 ta ijtimoiy buyurtmaga ochiq tanlovlar eʼlon qilingan.
Eʼlon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovlariga nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan 66 ta loyiha kelib tushgan. Kelib tushgan loyihalar koʻrib chiqilib, 11 ta davlat ijtimoiy buyurtmasi 18,5 mlrd. soʻmga moliyalashtirilgan.
2023-yil davomida Parlament komissiyasining 19 marotaba yigʻilishi oʻtkazilgan, yigʻilishlarda 90 dan ziyod masala koʻrib chiqilgan.
Parlament komissiyasi tomonidan Jamoat fondi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalariga (bundan buyon matnda hududiy jamoat komissiyalari deb yuritiladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlariga 12 marotaba hududiy loyiha va dasturlarni shakllantirishda, mablagʻlar taqsimotida uslubiy yordam koʻrsatilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining kotibiyatlari, hududiy jamoat komissiyalari bilan hamkorlikda fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlarni maqsadli va manzilli taqsimlash, ularni hududlardagi dolzarb muammolar yechimiga yoʻnaltirish hamda boshqa masalalar yuzasidan davra suhbati tashkil etilgan.
Respublikada faoliyat yuritayotgan 14 ta milliy madaniy markazi rahbarlari ishtirokida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarida ishtirok etishi boʻyicha 40 dan ortiq “mahorat darslari” oʻtkazilgan. Ushbu tadbirlarda 3 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etgan.
Hududlarda Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasiga aʼzo nodavlat televideniyelar tomonidan olingan davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan 34 ta koʻrsatuv tayyorlangan.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etishi va 4 nafar nomzodning dasturlari boʻyicha surdo tarjimali videoroliklar tayyorlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan.
Parlament komissiyasining 2023-yil 3-avgust, 15-dekabr va 21-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan yigʻilishlarida davlat subsidiyasi oluvchi tashkilotlarning 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobotlari koʻrib chiqilgan.
Tanlovlarni elektron tizim orqali tashkil etish, barcha tartib-taomillarni toʻliq raqamlashtirish maqsadida zamonaviy elektron onlayn platforma yaratilgan.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Nodavlat tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash agentligi va Parlament komissiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.
Shu bilan birga, mablagʻlarni hududlarda manzilli va maqsadli sarflanishi shuningdek ularning natijadorligi va samaradorligini taʼminlash holati monitoring qilingan. Monitoring natijasida 136 ta nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan jami 5 mlrd. 645,4 mln. soʻm mablagʻ maqsadsiz va notoʻgʻri ishlatilganligi sababli qaytarilgan.
Hududlarda fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlarni maqsadli taqsimlash, ularni hududlarning dolzarb muammolari yechimiga yoʻnaltirish hamda samaradorlikni baholash borasidagi ishlar tanqidiy koʻrib chiqilgan.
Xususan, hududiy jamoat komissiyalarining davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida muammolar yetarli darajada oʻrganilmagan, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sherikligi masalalari muhokama etilmagan, masalalar tegishli xalq deputatlari Kengashlari muhokamasiga kiritilmagan.
Joylarda hududiy jamoat komissiyalari tashabbusi bilan jamoatchilik nazorati subyektlarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini yuksaltirish yuzasidan seminar-treninglar va oʻquvlar oʻtkazilmagan. Ularga axborot-tahliliy, tashkiliy-uslubiy koʻmak koʻrsatish tizimi toʻliq shakllanmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining 2023-yilda amalga oshirilgan ishlari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Parlament komissiyasi raisi A. Shadmanov va Jamoat fondi direktori O. Xusanov:
sohalar kesimida tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlikda muayyan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini koʻrish;
oʻtkaziladigan tanlovlarning barcha bosqichlarini raqamlashtirish orqali shaffof va sogʻlom raqobat muhitini yaratish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari tomonidan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tanlovlarining yanada shaffof tashkil etilishini taʼminlash maqsadida mazkur jamoat komissiyalarining faoliyatiga uslubiy rahbarlikni samarali tashkil etish;
davlat subsidiyasi, davlat ijtimoiy buyurtmasi va davlat granti shaklida ajratilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilgan dastur va loyihalarning natijadorligini tizimli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda monitoring oʻtkazish;
davlat subsidiyasi va davlat granti shaklida mablagʻ oluvchilar faoliyatining samaradorligini tahlil qilib, ularning sonini maqbullashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmaklashib borish;
Parlament komissiyasi va Jamoat fondining faoliyati, erishilgan natijalar toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida media-reja asosida ommaviy axborot vositalarida keng targʻibot ishlarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashga doir masalalarni muntazam muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa masʼul idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat rivojlanishidagi ishtiroki va qoʻshayotgan hissasini baholash mezonlarini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
5. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Z. Ibragimova va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-fevral,
4032-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 13-fevral,
KQ-680-IV-son
