Parlamentlararo Ittifoqning aʼzo parlamentlar va tashqi aloqalar boʻlimi direktori A. Filip boshchiligidagi ishchi guruhning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi haqida (KQ-690-IV-son)
26.02.2024
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
2025-yilda mamlakatimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. 2025-yilda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasiga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq texnik va tashkiliy masalalarni muhokama qilish uchun Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo parlamentlar va tashqi aloqalar boʻlimi direktori A. Filip boshchiligidagi ishchi guruhning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi dasturi 1-ilovaga va xarajatlar smetasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni Buxgalteriya xizmati hamda Senat binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi Parlamentlararo Ittifoq ishchi guruhining joriy yil 27-fevral — 2-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi bilan bogʻliq xarajatlarni belgilangan tartibda moliyalashtirsin.
3. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni rahbari Q. Nurullayev zimmasiga yuklansin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 26-fevral,
KQ-690-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 26-fevraldagi KQ-690-IV-sonli qaroriga 1-ILOVA
2025-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtishi rejalashtirilayotgan Parlamentlararo Ittifoqning (PI) 150-Assambleyasini oʻtkazish bilan bogʻliq texnik va tashkiliy masalalarni muhokama qilish uchun PIning aʼzo parlamentlar va tashqi aloqalar boʻlimi direktori A. Filip boshchiligidagi ishchi guruhning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi
DASTURI (2024-yil 27-fevral — 2-mart)
Izoh
1. Quyidagi barcha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Senat binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasining 2024-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasida xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va chet elga delegatsiyalar yuborish uchun rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan, haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib moliyalashtirilsin:
- ishchi guruhga Toshkent va Samarqand shaharlarida transport xizmatini koʻrsatish;
- Ishchi guruh uchun tushlik va kechki ovqat (4 kishi — 4 kun, 2 mahal);
- Ishchi guruh va Senat binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi xodimlarining Samarqand shahrida yashash va ovqatlanish xarajatlari (2 kishi);
- tarjimon xizmati;
- esdalik sovgʻalarini xarid qilish (Prime Eco Foods MChJ, Royal Catering MChJ, Sity-Service-organizations MChJ, XS City Centr MChJ, OYBEK EXLUSIVE BUSINESS MChJ, GOURMET RESTAURANT MChJ, Full Plate MChJ, YTT Kasimbayeva Madina Anvarovna, YTT Sayfullayev Parvez Azamat oʻgʻli, YTT Ziyadjanova Shoira Muratdjanovna, YTT Kabilov Davron Rovshanovich. YTT Saidaliyev Abdusamad Abdukarimovich, YTT Sobirov Roʻzimboy Xasanboy oʻgʻli);
- 29-fevral — 1-mart kunlari Ishchi guruh va ularga hamrohlik qiluvchi Oʻzbekiston vakillariga (2+2 kishi) “Toshkent-Samarqand-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl chiptasini xarid qilish;
- Senat binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi xodimlariga (2 kishi) “Toshkent-Samarqand-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl chiptalari xarid qilish.
2. Quyidagi barcha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasida xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va chet elga delegatsiyalar yuborish uchun rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan, haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib moliyalashtirilsin:
- Senat aʼzolari va devon xodimlarining Samarqand shahrida yashash va ovqatlanish xarajatlari (2 kishi);
- Ishchi guruhga hamrohlik qiluvchi Oliy Majlis Senati vakillariga 27-fevral — 1-mart kunlari “Toshkent-Samarqand-Toshkent” (2 kishi) yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl chiptalarini xarid qilish.
3. Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” va “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatlari:
- Ishchi guruh aʼzolariga Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportining VIP zallaridan foydalanishning (uchib kelish/ketish) toʻlovlarsiz amalga oshirilishini;
- ishchi guruhga biriktirilgan avtotransport vositalarining Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarining VIP avtoturargohlariga kirishiga ruxsat berilishini taʼminlaydi.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Ishchi guruhga va ularga hamrohlik qiluvchi oʻzbekistonlik vakillarni (6 kishi) “Toshkent-Samarqand-Toshkent” temir yoʻl chiptalari bilan taʼminlash, ularga Toshkent va Samarqand temir yoʻl vokzallari VIP zallarida bepul xizmat koʻrsatish belgilansin.
5. Ishchi guruh va ularga hamrohlik qiluvchilarning Samarqand shahrida boʻlishi bilan bogʻliq barcha xarajatlar (transport xizmatlari, gid-tarjimon, tushlik tashkil qilinishi va boshqalar) Samarqand viloyati hokimligi hisobidan qoplanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi istisno tariqasida xarajatlar tender savdolarisiz amalga oshirilishini taʼminlaydi.
7. Ishchi guruhning Oʻzbekistonda boʻlishi bilan bogʻliq boshqa barcha xarajatlar tashrif buyuruvchi tomon hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati zarur hollarda ushbu dasturga oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
2025-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtishi rejalashtirilayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasini oʻtkazish bilan bogʻliq texnik va tashkiliy masalalarni muhokama qilish uchun PIning aʼzo parlamentlar va tashqi aloqalar boʻlimi direktori A. Filip boshchiligidagi ishchi guruh tarkibi
