3822-modda. Bojxona organlarining intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarning bojxona nazoratini amalga oshirishdagi qoʻshi — Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-913-son)
3822-modda. Bojxona organlarining intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarning bojxona nazoratini amalga oshirishdagi qoʻshimcha huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-913-son) · Sana: 27.02.2024 · Amalda
Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan tovarlar aniqlanganda bojxona organlari Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilmagan intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda, huquq egasining intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizasisiz toʻxtatib turishga haqli.
Tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish va bekor qilish ushbu moddaga muvofiq bojxona organi rahbarining yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning koʻrsatmasiga asosan amalga oshiriladi.
Bojxona organlari qoʻshimcha huquqlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organining davlat reyestridagi Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan tovar belgilari roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanadi.
Tovarlarni chiqarib yuborish ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq toʻxtatib turilgan taqdirda, bojxona organlari tomonidan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan tovarlar aniqlanganda huquq egasini yoki uning vakolatli vakilini va deklarantni xabardor qilish yuzasidan barcha zarur choralar koʻriladi.
Bojxona organlari intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish maqsadida tovar belgisining huquq egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (nomi, manzili, telefon raqami, pochta manzili) aniqlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organiga soʻrov yuboradi.
Soʻrovda himoya qilish choralari tatbiq etilayotgan tovarlar toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatiladi.
Bojxona organlari va Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining manzilini aniqlash va uni xabardor qilish uchun yigirma toʻrt soat ichida barcha zarur choralarni koʻradi.
Bojxona organlari tomonidan yigirma toʻrt soat ichida huquq egasi yoki uning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkoni boʻlmagan taqdirda, tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish bekor qilinadi va tovarlarni chiqarib yuborish ushbu Kodeksga muvofiq amalga oshiriladi.
Intellektual mulk obyektining Oʻzbekiston Respublikasidagi huquq egasi yoki uning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda ularga xabar yuboriladi, shuningdek tovarlarni chiqarib yuborish uch ish kuniga toʻxtatib turiladi.
Agar mazkur muddat ichida huquq egasi yoki uning vakolatli vakili bojxona organiga:
tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish muddatini oʻn ish kunigacha uzaytirish toʻgʻrisida ariza bermaganda;
tovarlarning chiqarib yuborilishini toʻxtatib turishni bekor qilish haqida ariza berganda, bojxona organlari ushbu Kodeksga muvofiq tovarlarni chiqarib yuborishni amalga oshiradi.
Agar ushbu moddaning sakkizinchi qismida koʻrsatilgan muddatda bojxona organlariga huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizasi kelib tushgan boʻlsa, ularni chiqarib yuborish dastlabki tarzda toʻxtatib turilgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuniga qadar toʻxtatib turiladi. Bunda huquq egasi yoki uning vakolatli vakili oʻn ish kuni ichida quyidagilarni bojxona organiga taqdim etishi kerak:
1) intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlar buzilganligi haqidagi ish boʻyicha sudning ishni sudda koʻrish tayinlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimi;
2) tovarga nisbatan intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlar buzilganligi holati mavjud emasligi toʻgʻrisida sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, deklarantga va boshqa shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararning, shuningdek bojxona organlari tomonidan amalga oshirilgan xarajatlarning oʻrnini qoplash boʻyicha majburiyat. Bunda mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi majburiyatda har bir intellektual mulk obyekti boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdoridagi pul mablagʻlari tegishli bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi;
3) ushbu Kodeksning 385-moddasida belgilangan tartibda intellektual mulk obyektlarini Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlar.
Huquq egasi yoki uning vakolatli vakili intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlar buzilganligi toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrish tayinlanganligi haqidagi sud qarorini bojxona organlariga tovarlarni chiqarib yuborish dastlabki tarzda toʻxtatib turilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida taqdim etgan taqdirda, mazkur muddat huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining iltimosnomasiga koʻra uzaytirilishi, lekin koʻpi bilan oʻn ish kuniga uzaytirilishi mumkin, bundan sudning qarorida koʻrsatilgan boshqa muddatlar mustasno.
Ushbu moddada belgilangan talablar tovarlarni chiqarib yuborish dastlabki tarzda toʻxtatib turilgan kundan eʼtiboran huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish bekor qilinadi hamda ularni chiqarib yuborish ushbu Kodeksga muvofiq tiklanadi. Bunda deklarantning va bojxona organlarining tovarlarni chiqarib yuborishni oʻn ish kuniga toʻxtatib turish boʻyicha xarajatlarining oʻrnini huquq egasi yoki uning vakolatli vakili qoplaydi”;
41) 385-moddaning:
birinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga” degan soʻzlar “elektron shaklda bojxona organlarining axborot tizimi orqali bojxona organiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin”;
ikkinchi qismi:
quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasi kodi va intellektual mulk obyektini oʻz ichiga olgan tovarning nomi toʻgʻrisidagi;
intellektual mulk obyektini ishlab chiqaruvchi haqidagi (nomi, manzili, telefon raqami, pochta manzili)”;
beshinchi, oltinchi va yettinchi xatboshilari tegishincha yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi”;
42) 388-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi ariza huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan bojxona organlariga beriladi.
Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
himoya qilinishi uchun ariza berilayotgan, intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarning tavsifi;
huquq egasining fikricha, uning intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlarini buzayotgan tovarlarning, bojxona organlari bunday tovarlarni aniqlay olishi uchun yetarlicha batafsil tavsifi, agar huquq egasi yoki uning vakolatli vakili shunday maʼlumotlarga ega boʻlsa;
taxmin qilinayotgan huquqbuzarlikni aniqlashga koʻmaklashadigan har qanday boshqa axborot (eksport qiluvchi, import qiluvchi yoki yukni qabul qiluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar).
Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizaga huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining tovarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish tufayli deklarantga yetkazilishi mumkin boʻlgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi yozma shakldagi majburiyati ilova qilinadi.
Mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi majburiyatda har bir intellektual mulk obyekti uchun bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdoridagi mablagʻlar tegishli bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi”;
43) 389-moddaning birinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi” degan soʻzlar “Bojxona organi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
44) 390-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan tovarlarni chiqarib yuborish oʻn ish kuniga qadar toʻxtatib turilgan taqdirda, bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kiritilgan pul mablagʻlarining oʻttiz foizi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining maxsus jamgʻarmasiga oʻtkaziladi”;
45) 393-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga” degan soʻzlar “bojxona organiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-fevral,
OʻRQ-913-son
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 3822-modda. Bojxona organlarining intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarning bojxona nazoratini amalga oshirishdagi qoʻshimcha huquqlari Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-913-son). neolex.uz/uz/laws/law-6817520/3822 (lex.uz/docs/-6817504)