Xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida xorijdan keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish (438-son)
18.05.1998
Tartib
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 18-mayda 438-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 19-yanvardagi 31-son “Xalqaro ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirishni, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar grantlari boʻyicha ilmiy dasturlar va loyihalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) tomonidan xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida xorijdan tekin, gumanitar va texnik yordam tariqasida keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning (priborlar, materiallar, axborot va tashkiliy-texnika tizimlari va vositalari) ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar (bundan buyon matnda xulosa deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
1.2. Xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar grantlari boʻyicha hamda tekin, gumanitar va texnikaviy yordam tartibidagi ilmiy hamkorlik sohasidagi xalqaro bitimlar doirasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan olingan ilmiy tadqiqotlar, ilmiy va innovatsiya dasturlari va loyihalarini bajarishga yoʻnaltirilgan pul mablagʻlari va moddiy-texnik zaxiralar xulosalarni berish obyekti hisoblanadi.
1.3. Vazirlikning xulosasi xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari, shuningdek, ilmiy hamkorlik sohasidagi xalqaro shartnomalar doirasida tekin gumanitar va texnik yordam tartibida ilmiy tadqiqotlar, ilmiy va innovatsion dasturlar hamda loyihalarni bajarishga yoʻnaltirilgan pul mablagʻlari va moddiy-texnik zaxiralarning oluvchisi hisoblangan jismoniy va yuridik shaxslarga beriladi.
1.4. Grantlarni olgan jismoniy shaxslar daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishda grantlar boʻyicha olingan daromadning qiymati, daromad soligʻi miqdori, Vazirlikning soliqqa tortish maqsadlari uchun yillik umumiy yillik daromaddagi chiqarib tashlangan mablagʻlar boʻyicha xulosasini koʻrsatadi.
Soliqqa tortish maqsadida grant qiymatini Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi — soʻmda hisoblash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining yuridik shaxsning hisobiga oʻtkazilgan yoki jismoniy shaxs tomonidan pul mablagʻlarining olingan kunidagi kursiga binoan amalga oshiriladi.
1.5. Grantlar boʻyicha keltiriladigan asbob-uskunalarning amortizatsiyasi va hisobdan chiqarish amaldagi qonunchilikka muvofiq umum qabul qilingan tartibda amalga oshiriladi.
II. EKSPERTIZANI OʻTKAZISh VA XULOSALARNI BERISh TARTIBI
2.1. Olingan pul mablagʻlari, moddiy-texnika zaxiralari (asbob-uskunalar, jihozlar, materiallar, axborot va tashkiliy texnika tizimlari va vositalari)ning ajratilgan grantlarning maqsadlari va vazifalariga muvofiqligi boʻyicha xulosa Vazirlik tomonidan grantni oluvchi — ilmiy tadqiqotlar, ilmiy va innovatsion dasturlar va loyihalar ijrochisining Innovatsion rivojlanish vaziri nomiga berilgan ushbu Tartibning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasi asosida beriladi. Bunda arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalardan grantlar ajratilganini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari (shartnoma, grantni tuzish uchun berilgan ilmiy loyiha, ishlarni bajarish uchun kalendar reja, xarajatlar smetasi va ish maqsadini belgilovchi boshqa hujjatlar);
bajarish uchun olingan pul mablagʻlari yoki asbob-uskunalar (jihozlar, materiallar, axborot va tashkiliy texnika tizimlari va vositalari)ni tasdiqlovchi xalqaro ilmiy va innovatsion dasturlardan koʻchirma;
olingan pul mablagʻlari va moddiy-texnik vositalarni tasdiqlovchi va ularning ajratilgan grantlarning yoki xalqaro ilmiy dasturlar va ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro shartnomalar boʻyicha loyihalarning maqsadlari va vazifalariga muvofiqligi boʻyicha tadqiqot ishlarini bajarish uchun ekspertizasini oʻtkazishga imkon beruvchi boshqa hujjatlar.
Talabgor xulosa berish uchun Vazirlikka kiritilgan hujjatlardagi maʼlumotlar chinligi uchun javobgardir.
2.2. Vazirlik ariza kelib tushgan sanadan boshlab 15 kun mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning ilmiy-texnikaviy ekspertizasini oʻtkazadi, uning natijalariga koʻra xulosa beriladi.
2.3. Vazirlik arizada keltirilgan vositalar, asbob-uskunalarning xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlariga, xalqaro ilmiy va innovatsion dasturlarga muvofiqligini aniqlash uchun taqdim etilgan hujjatlar boʻyicha ekspertizani oʻtkazadi. Ekspertizaga respublikaning ixtisoslashtirilgan muassasalari va tashkilotlari ekspertlari jalb etilishi mumkin. Bunda, ekspertiza oʻtkazilganligi va xulosa taqdim etilganligi uchun ariza beruvchidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
Ekspertiza natijalariga koʻra, ekspertiza uchun talablarga toʻliq muvofiq keladigan arizaning hujjatlari bilan qabul qilib olingandan keyin 10 ish kunidan kechiktirmasdan yuridik va jismoniy shaxslar uchun 2-shakl boʻyicha (2-ilova), jismoniy shaxslar uchun 3-shakl boʻyicha (3-ilova) Vazirlik blankasida rasmiylashtirilgan, rahbariyat tomonidan imzolangan xulosa beriladi.
2.4. Xulosaning asl nusxasi subyekt — grantni oluvchining qoʻliga, uning notarial tasdiqlangan nusxalari esa soliq, bojxona va bank muassasalariga taqdim etiladi.
III. GRANTLARNI OLGAN ShAXSLARGA BERILADIGAN IMTIYOZLAR
3.1. Jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan yillik umumiy daromadiga xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari boʻyicha hamda Vazirlikning xulosalari asosida ilmiy sohadagi xalqaro shartnomalar doirasida olingan pul mablagʻlari summasi kiritilmaydi.
Mazkur imtiyoz, grant oluvchilar bilan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishlar va xizmatlarni bajarishga tuzilgan shartnomalar asosida grant oluvchi — yuridik shaxslardan foyda olgan grantlarning ijrochilari — jismoniy shaxslarga ham tatbiq etiladi.
3.2. Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalarning grantlari, shuningdek, ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro shartnomalar boʻyicha bajariladigan ilmiy va innovatsion dasturlarni amalga oshirish uchun keltiriladigan asbob-uskunalar (jihozlar, materiallar, axborot va tashkiliy texnika tizimlari va vositalari) bojxona rasmiylashtiruvida undiriladigan bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi, aksiz soligʻidan ozod etiladi.
3.3. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy hamkorlik sohasidagi xalqaro shartnomalar doirasida keltirilgan asbob-uskunalar (jihozlar, materiallar, axborot va tashkiliy texnika tizimlari va vositalari) reyestrini yuritadi va belgilangan tartibda nazoratini amalga oshiradi.
Xorijdan keltirilgan asbob-uskunalar (jihozlar, materiallar, axborot va tashkiliy texnika tizimlari va vositalari) begonalashtirilgan holatda barcha toʻlovlar va soliqlar grant oluvchi tomonidan belgilangan tartibda toʻlanadi.
Xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida xorijdan keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish tartibiga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 6-q/q-son, Moliya vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 19-son, Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 16-avgustdagi 2022-25-son va Davlat bojxona qoʻmitasining 2022-yil 11-avgustdagi 13/02-22-28-sonli qarori (roʻyxat raqami 438-5, 09.09.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2022-y., 10/22/438-5/0814-son)
Xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida xorijdan keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish tartibiga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 6-q/q-son, Moliya vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 19-son, Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 16-avgustdagi 2022-25-son va Davlat bojxona qoʻmitasining 2022-yil 11-avgustdagi 13/02-22-28-sonli qarori (roʻyxat raqami 438-5, 09.09.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2022-y., 10/22/438-5/0814-son)
Xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamgʻarmalar hamda ilmiy hamkorlik boʻyicha xalqaro bitimlar doirasida xorijdan keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning ajratilgan grantlar maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish tartibiga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 6-q/q-son, Moliya vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 19-son, Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 16-avgustdagi 2022-25-son va Davlat bojxona qoʻmitasining 2022-yil 11-avgustdagi 13/02-22-28-sonli qarori (roʻyxat raqami 438-5, 09.09.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2022-y., 10/22/438-5/0814-son)
