Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (93-son)
16.02.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 24-oktabrdagi PQ-343-son qaroriga asosan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida aholi punktlariga ichimlik suv taʼminoti va ularga oqova suv xizmatlari koʻrsatishni tashkil etishning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalarining boshqaruvchisini tanlash;
davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida ichimlik suv taʼminoti va oqova suv chiqarish xizmatlari bilan taʼminlash uchun qurilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha loyiha va pudrat tashkilotlarini tanlash;
davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) foydalanishga topshirish.
2. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda:
davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari boshqaruvchisining tanlov takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlasin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalarining boshqaruvchisi bilan hamkorlikda davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish shartnomasining namunaviy shaklini ishlab chiqsin;
2024-yilda davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida ichimlik suv bilan taʼminlanadigan qishloq aholi punktlarining manzilli dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda 2024-yilda davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
Bunda har yili Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga 50 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarni kiritish hamda ushbu mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq ajratish choralarini koʻrsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-fevral,
93-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-fevraldagi 93-son qaroriga ILOVA
Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini (keyingi oʻrinlarda — davlat ijtimoiy buyurtmalari) berish hamda mazkur ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Davlat ijtimoiy buyurtmalari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan tanlov asosida nodavlat notijorat tashkilotlariga beriladi.
3. Davlat ijtimoiy buyurtmalari ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida moliyalashtiriladi.
Davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish uchun grant va homiylik xayriyalari ham jalb etilishi mumkin.
4. Davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasida ochiladigan hisobvaraqlar orqali moliyalashtiriladi.
Davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida amalga oshiriladigan loyihalar qiymatining 30 foizgacha boʻlgan qismi loyiha amalga oshiriladigan hududda yashovchi aholining oʻz mablagʻlari yoki mahsulot (tovar) va xizmatlar koʻrinishidagi ulushi, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida amalga oshiriladigan loyihalarda aholini ichimlik suv bilan taʼminlash va (yoki) ularga oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatishning minimal talablaridan tashqari boshqa ishlarni (xizmat koʻrsatishning innovatsion yondashuvlarini, yaʼni raqamlashtirish, masofadan boshqarish, suv sifatini taʼminlash va boshqa yoʻnalishlardagi) moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Barcha shakllanadigan mablagʻlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot tizimida har bir nodavlat notijorat tashkilotlariga ochiladigan maxsus hisobvaraqlarda jamlanadi va belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.
Shakllantirilishi lozim boʻlgan mablagʻlar toʻliq jamlanmagunga qadar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishdan tashqari maqsadlarga moliyalashtirishni ochishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda mahsulot (tovar) va xizmatlar koʻrinishidagi aholining ulushi va homiylik xayriyalari maxsus hisobvaraqlarda shakllanadigan mablagʻlar hisoblanmaydi.
5. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat ijtimoiy buyurtmasi — markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan aholi punktlarini ichimlik suv bilan taʼminlash va (yoki) ularga oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish loyihalarini amalga oshirish uchun Vazirlik hamda loyiha boshqaruvchisi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan belgilangan ishlarni bajarish yoki tadbirlar oʻtkazishga qaratilgan davlat topshirigʻi;
loyiha boshqaruvchisi — davlat ijtimoiy buyurtmasini boshqarish va amalga oshirish uchun tanlov asosida aniqlangan nodavlat notijorat tashkilot;
tanlov komissiyasi — davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish istagini bildirgan nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish, umumlashtirish va baholash boʻyicha Vazirlikda tashkil etiladigan kollegial organ;
oferta — tanlov hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq taqdim etilgan tanlov savdolari predmetiga nisbatan talabgorning taklifi;
jamoatchilik kengashi — davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida aholi punktlarini ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini nazorat qiluvchi va kelgusida bu borada xizmat koʻrsatishni tashkil etishga koʻmaklashuvchi Vazirlikning masʼul xodimi, nodavlat notijorat tashkiloti, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning tavsiyasiga asosan mahallada yashovchi fuqarolardan iborat tarkibda har bir loyiha uchun tashkil etiladigan kengash;
ichimlik suv taʼminoti tashkiloti — davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida tashkil etilgan, faoliyatining asosiy turi isteʼmolchilarga ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan iborat boʻlgan nodavlat notijorat tashkiloti.
6. Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalari ushbu Nizomga 1-ilovada koʻrsatilgan sxema asosida amalga beriladi.
2-bob. Davlat ijtimoiy buyurtmasi dasturini shakllantirish tartibi
7. Har yili 1-aprelga qadar davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari bilan taʼminlashning kelgusi yillik manzilli dasturlari Vazirlik tomonidan shakllantiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish boʻyicha belgilangan tartibda taqdim etiladi.
8. Vazirlik davlat ijtimoiy buyurtmasining manzilli dasturlarini shakllantirishda aholi yashash punktlarida ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish zarurati hamda ularning joylashuvi boʻyicha keng jamoatchilik fikrini oʻrganadi.
9. Davlat ijtimoiy buyurtmasi dasturi quyidagi mezonlar asosida shakllantiriladi:
tanlanayotgan aholi punkti markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan boʻlishi;
ulush qoʻshishga hamda homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishiga aholining aksariyat qismining roziligi;
tanlanayotgan aholi yashash punkti va unga tutash yoki yaqin hududda ichimlik suv ishlab chiqarish uchun suv manbalarining mavjudligi hisobga olinganligi.
3-bob. Loyiha boshqaruvchisini tanlash tartibi
10. Vazirlik tomonidan loyiha boshqaruvchisini tanlash maqsadida tanlov komissiyasi raisi, toʻrt nafar aʼzolari va kotibidan iborat tanlov komissiyasi tashkil etiladi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga Vazirlik va uning hududiy boshqarmasi xodimlari va mustaqil konsultantlar kiritiladi.
11. Tanlov komissiyasi nodavlat notijorat tashkilotlari (siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlardan tashqari) tomonidan tanlovda ishtirok etish boʻyicha kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish, umumlashtirish, baholash va tanlov natijasiga koʻra gʻolibni belgilash funksiyasini amalga oshiradi.
12. Vazirlik har yili davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish haqidagi eʼlonni tanlov oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalari hamda oʻzining Internet butunjahon axborot tarmogʻidagi oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
13. Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
davlat ijtimoiy buyurtmachisining nomi, joylashgan joyi va elektron manzili;
davlat ijtimoiy buyurtmasining tavsifi, amalga oshiriladigan hudud va qamrab olinishi lozim boʻlgan xonadon va aholi soni;
davlat ijtimoiy buyurtmasini moliyalashtirish manbalari va miqdori;
davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish muddati;
tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati;
oferta taqdim etiladigan joy, shu jumladan, elektron pochta manzili;
ofertani taqdim etishning oxirgi kuni va vaqti;
ofertani ochish joyi, kuni va vaqti.
14. Tanlovda ishtirok etish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ushbu Nizomga 2-ilovaga asosan ariza taqdim etilishi lozim.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
davlat roʻyxatidan oʻtganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
nodavlat notijorat tashkiloti ustavining nusxasi;
davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida amalga oshiriladigan loyihalarga ushbu loyihalar amalga oshiriladigan hudud aholisidan va (yoki) homiylik xayriyalari yoki qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan ulush jalb etishning kafolatli miqdori haqidagi hujjatlar;
davlat ijtimoiy buyurtmalarini optimal va samarali amalga oshirish boʻyicha texnik yechimlar toʻgʻrisida takliflar;
davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) samarali ekspluatatsiya qilish boʻyicha institutsional takliflar;
davlat ijtimoiy buyurtmasida loyiha boshqaruvchisi sifatida ishtirok etish xarajatlari miqdori.
15. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nodavlat notijorat tashkilotlaridan mazkur Nizomning 14-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan ortiqcha hujjatlarni talab etish taqiqlanadi.
16. Tanlovda ishtirok etish uchun ofertalar:
bevosita tanlov komissiyasi kotibi orqali;
pochta xizmati orqali;
elektron koʻrinishda tanlov eʼlonida koʻrsatilgan elektron pochta manzili orqali taqdim etilishi mumkin.
Bunda elektron manzilga hujjatlar PDF formatda taqdim etilishi zarur.
17. Oferta ochilganda tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi aniqlansa, tanlovda ishtirok etish haqidagi arizani koʻrib chiqish rad etiladi va bu haqda oferta topshirgan nodavlat notijorat tashkiloti manziliga yoki elektron pochta manziliga ikki kun muddatda aniq sabablari koʻrsatilgan maʼlumot tanlov komissiyasi tomonidan taqdim etiladi.
18. Oferta ochilgandan soʻng arizalar ikki hafta muddatda koʻrib chiqiladi va Vazirlik tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanadi hamda tanlov komissiyasining koʻpchilik ovozi bilan eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega deb topilgan nodavlat notijorat tashkiloti gʻolib deb eʼlon qilinadi.
19. Tanlov natijalari tanlov komissiyasining tegishli bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
4-bob. Davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish shartnomasini tuzish
20. Vazirlik va tanlovda gʻolib boʻlgan loyiha boshqaruvchisi oʻrtasida davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish shartnomasi tuziladi.
21. Shartnoma quyidagi qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim:
davlat ijtimoiy buyurtmasining maqsadi;
davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish shartlari va muddatlari;
davlat ijtimoiy buyurtmasiga ajratilgan mablagʻlar miqdori;
mablagʻ bilan taʼminlash muddatlari va shartlari;
davlat ijtimoiy buyurtmasiga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanganlik yuzasidan nazorat shakllari va shartlari;
hisobotlar berish muddatlari va shakllari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari hamda javobgarligi.
5-bob. Davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish uchun loyiha va pudrat tashkilotlarini tanlash tartibi
22. Loyiha-smeta hujjatlarida erishilishi kutiladigan asosiy koʻrsatkichlar Vazirlik bilan kelishilgan holda, Loyiha boshqaruvchisi tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida tayyorlanadi.
23. Loyiha va pudrat tashkilotlari loyiha boshqaruvchisi hamda Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida “Shaffof qurilish” axborot portali orqali tanlab olinadi.
Loyiha-smeta hujjatlarining shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.
24. Loyiha boshqaruvchisi loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha loyiha tashkilotlari va qurilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha pudrat tashkilotlari bilan shartnoma imzolaydi.
6-bob. Davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirishda nazorat
25. Davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalarini amalga oshirishda Vazirlik, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va tegishli sektor rahbarlari tomonidan davlat nazorati oʻrnatiladi.
26. Davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalarini amalga oshirishda jamoatchilik nazorati Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
7-bob. Jamoatchilik kengashi vazifalari
27. Jamoatchilik kengashi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
loyiha boʻyicha bajarilayotgan ishlar umumiy holati va sifatini oʻrganadi;
aholi punktida ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun aholi tomonidan qoʻshilishi mumkin boʻlgan ulush miqdoriga aniqlik kiritadi;
kelgusida ushbu aholi punktiga xizmat koʻrsatuvchi ichimlik suv taʼminoti tashkilotini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatadi;
ichimlik suv va oqova suvlarni tozalash inshooti hamda tarmoqlarni qurish, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilganda, pudrat tashkiloti tomonidan olib kelinayotgan qurilish materiallari sifatini baholaydi va loyiha boshqaruvchisiga maʼlumot taqdim etadi.
28. Vazirlik, jamoatchilik kengashi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan tashkilot (mualliflik nazorati) hamda loyiha boshqaruvchisi yollagan texnik nazoratchi yoki tashkilot:
davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarishga ajratilgan moliyaviy mablagʻlar sarflanishi, shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlarni (koʻrsatilayotgan xizmatlarni) hamda uning alohida bosqichlarini;
qurilish va rekonstruksiya ishlari loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan ishlarning sifati va toʻliqligini;
qurilish jarayonlarida mualliflik nazoratini amalga oshiradi.
8-bob. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) foydalanishga topshirish tartibi
29. Vazirlik davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida amalga oshirilayotgan ishlarni (koʻrsatilayotgan xizmatlarni) hamda uning alohida bosqichlarini nazorat qiladi.
30. Jamoatchilik kengashi tomonidan ichimlik suv taʼminoti tashkilotini tashkil etish boʻyicha hududdagi aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borib, bu turdagi tashkilotni tashkil etish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish hamda tegishli davlat organlariga topshirishga toʻliq koʻmaklashiladi.
31. Loyiha boshqaruvchisi davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida amalga oshirilgan ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangandan soʻng, Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasiga oid yagona maʼmuriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 20-apreldagi 200-son qaroriga asosan ichimlik suv taʼminoti tashkilotiga foydalanish uchun topshiradi.
32. Jamoatchilik kengashi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) foydalanishga topshirish boʻyicha yigʻilish bayoni rasmiylashtiriladi.
33. Tashkil etilgan ichimlik suv tashkilotlari tomonidan ichimlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suv chiqarib yuborish xizmatlari uchun birinchi marotaba belgilanadigan toʻlovlar miqdori (tariflar) loyiha boshqaruvchisi tomonidan belgilangan tartibda hisob-kitob qilinib, joylarda tashkil etilgan umumiy yigʻilishga topshiriladi va umumiy yigʻilish bayoniga asosan maʼqullangandan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritiladi.
9-bob. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) ekspluatatsiya qilish
34. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlari (inshootlari) ichimlik suv taʼminoti tashkiloti tomonidan ekspluatatsiya qilinadi.
35. Loyiha boshqaruvchisi ichimlik suv taʼminoti tashkiloti xodimlarini:
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini ekspluatatsiya qilish va ularda sodir boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish;
davlat standarti talablariga amal qilgan holda ichimlik suvni ishlab chiqarish;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari uchun tariflarni hisoblash va tasdiqlash uchun taqdim etish;
isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish, ular bilan shartnoma munosabatlarini oʻrnatish va toʻlovlarni undirish;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish va boshqa zarur masalalarda malakasini oshirishni tashkil etadi.
36. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) samarali ekspluatatsiya qilinishi Vazirlik tomonidan muntazam ravishda nazorat qilinadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha yuzaga kelgan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
38. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish
SXEMASI
Bosqich Chora-tadbirlar Masʼullar Amalga oshirish mexanizmi Muddat 1-bosqich Davlat ijtimoiy buyurtmalari dasturi va manzilli roʻyxatini shakllantirish Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 1. Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan aholi punktlarini aniqlash va ularning roʻyxatini shakllantirish. Har yili 1-aprelga qadar 2. Shakllantirilgan roʻyxatdagi aholi punktlaridagi aholining davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasiga oʻz ulushi bilan ishtirok etishini oʻrganish. Har yili 15-aprelga qadar 3. Shakllantirilgan roʻyxatlarni xalq deputatlari Kengashlariga muhokamaga kiritish. 4. Yakuniy manzilli dasturni shakllantirish. Har yili 1-mayga qadar 2-bosqich Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida belgilangan loyihalarning yakuniy manzilli roʻyxatini kelishish Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Yakuniy manzilli roʻyxatlarni koʻrib chiqish va kelishish hamda keyingi yil dasturiga kiritish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritish. Har yili 1-iyunga qadar 3-bosqich Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 1. Davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish haqidagi eʼlonni joylashtirish. 2. Tanlov komissiyasi tuzish. 3. Tanlovni amalga oshirish. 4. Loyiha boshqaruvchisi bilan shartnoma rasmiylashtirish. Tanlov komissiyasi qarori qabul qilingandan soʻng 5 kun muddatda 4-bosqich Davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Loyiha boshqaruvchisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 1. Ajratilgan mablagʻlar maxsus hisobvaraqlarda shakllantirilishini taʼminlash. Belgilangan muddatlarda 2. Davlat ijtimoiy buyurtmasini samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish hamda ajratilgan mablagʻlarning sarflanishini ustidan doimiy monitoring qilish. Doimiy 3. Qurilish ishlarida nazorat va oʻlchovlarni oʻtkazish; Doimiy 4. Davlat qabul komissiyasi bayonnomasini rasmiylashtirish. Qurilish yakunlangandan soʻng 15 kun muddatda 5-bosqich Xizmat koʻrsatish Loyiha boshqaruvchisi, hududlarda tashkil etilishi nazarda tutilayotgan nodavlat notijorat tashkiloti 1. Yangi tashkil etilgan ichimlik suv tashkilotini nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etish. 1 oy muddatda 2. Nodavlat notijorat tashkilotining huquq va majburiyatlari hamda javobgarligi bilan tanishtirish. 3. Isteʼmolchilar bilan shartnoma tuzish. 2 oy muddatda
Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini boshqarish va amalga oshirish loyiha boshqaruvchisini tanlash boʻyicha tanlov komissiyasiga ARIZA Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan _________________________________________________________________________ (davlat ijtimoiy buyurtmasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan hudud nomi) davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suv bilan taʼminlash va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini boshqaruvchi va amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotini tanlash boʻyicha _____________________________________________ _________________________________________________________(eʼlon berilgan sana) berilgan eʼlonga asosan tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar ilovada yuborilmoqda. 1. ____________________ nodavlat notijorat tashkilotining davlat _____________ (NNT nomi) roʻyxatidan oʻtganlik haqidagi guvohnoma nusxasi; 2. ____________________ nodavlat notijorat tashkiloti ustavining nusxasi; _____________ (NNT nomi) 3. Davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida amalga oshiriladigan loyihalarga ushbu loyihalar amalga oshiriladigan hudud aholisidan va (yoki) homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan ulush jalb etishning kafolatli miqdori haqidagi hujjatlar. 4. Davlat ijtimoiy buyurtmalarini optimal va samarali amalga oshirish boʻyicha texnik yechimlar boʻyicha takliflar. 5. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) samarali ekspluatatsiya qilish boʻyicha institutsional takliflar. 6. Davlat ijtimoiy buyurtmasida loyiha boshqaruvchisi sifatida ishtirok etish xarajatlari miqdori.
