30-modda. Xususiylashtiriladigan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish
Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-907-son) · Sana: 14.02.2024 · Amalda
Xususiylashtiriladigan davlat mulki boʻyicha:
davlat koʻchmas mulk obyektining oldi-sotdi shartnomasi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari, xaridor hamda balansda saqlovchi ishtirokida, shu jumladan elektron shaklda tuziladi;
davlat muassasalarining, xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushining oldi-sotdi shartnomasi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari va xaridor oʻrtasida, shu jumladan elektron shaklda tuziladi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomalarida quyidagi maʼlumotlar va shartlar boʻlishi kerak:
taraflarning nomi va manzili;
shartnomani tuzish uchun asos;
sotib olish toʻlovini amalga oshirish miqdori, tartibi va muddatlari;
taraflarning majburiyatlari, shu bilan birga sotilayotgan davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqini sotuvchidan xaridorga oʻtkazish, shu jumladan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatni berish shartlari, tartibi va ketma-ketligi;
shartnomada koʻrsatilgan majburiyatlar bajarilmaganligi va oʻz vaqtida bajarilmaganligi yuzasidan taraflarning javobgarligi, neustoyka miqdori hamda ularni toʻlash shartlari;
davlat mulkini xususiylashtirishning shartlari bajarilmagan yoki oʻz vaqtida bajarilmagan taqdirda, xaridor toʻlashi lozim boʻlgan neustoyka summasi;
nizolarni hal qilish tartibi, shartnomani bekor qilish shartlari, qoʻllaniladigan huquq, fors-major vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda harakatlarni belgilash va ularni bajarish tartibi, shartnomaning tili, nusxalarning soni, shartnomaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish shartlari, shartnomaning kuchga kirish sanasi;
taraflarning ilovalar tarzidagi kafolatlari.
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomasida zarur boʻlganda quyidagilar koʻrsatilishi mumkin:
toʻlovlarni kechiktirish va shartnoma shartlarini bajarish davrida xaridorning xususiylashtiriladigan davlat mulkiga egalik qilish va undan foydalanish shartlari;
shartnomada koʻrsatilgan shartlar bajarilishini tasdiqlash tartibi va mezonlari.
