3-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-907-son) · Sana: 14.02.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat koʻchmas mulk obyektlari — davlatga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mulkiy majmualar (korxonalar), binolar va inshootlar, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlar;
davlat mulkini xususiylashtirish — davlat mulkini ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarga realizatsiya qilish;
ishtirokchi — ommaviy savdolarda ishtirok etuvchi talabgor yoki uning vakolatli vakili;
professional maslahatchi — xususiylashtiriladigan davlat mulkini xususiylashtirish jarayoniga tayyorlashni va sotishni, shuningdek u bilan bogʻliq bitimlar tuzishni tashkil etish maqsadida jalb qilinadigan, turli yoʻnalishdagi maslahat xizmatlari, shu jumladan moliyaviy, investitsiyaviy, iqtisodiy va (yoki) yuridik masalalar boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan yuridik yoki jismoniy shaxs (shu jumladan chet el yuridik yoki jismoniy shaxsi);
talabgor — xususiylashtiriladigan davlat mulki boʻyicha ommaviy savdolarda ishtirok etish uchun ariza bergan jismoniy yoki nodavlat yuridik shaxs (shu jumladan chet el yuridik yoki jismoniy shaxsi);
xaridor — vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari yoxud uning vakolatli shaxsi bilan ushbu Qonunga muvofiq davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasini yoki birja bitimini tuzgan shaxs yoki uning vakili;
xoʻjalik jamiyati — aksiyadorlik jamiyati, masʼuliyati cheklangan jamiyat.
