28-modda. Xususiylashtiriladigan davlat mulkining xaridoriga nisbatan talablar
Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-907-son) · Sana: 14.02.2024 · Amalda
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining xaridoriga nisbatan quyidagi talablar qoʻyilishi mumkin:
tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etish hamda davlat mulkini xususiylashtirish obyektini tegishli holatda saqlashga qaratilgan muayyan ishlarni amalga oshirish shartlari;
fuqaro muhofazasi, ijtimoiy, tabiatni muhofaza qilish obyektlarining va safarbarlik ahamiyatiga molik obyektlarning, davlat mulkini xususiylashtirish obyekti tarkibiga kirmaydigan, lekin texnik tavsiflariga va joylashgan yeriga (koʻchmas mulk obyektlari) koʻra, xususiylashtiriladigan davlat mulkining ajralmas qismi hisoblanadigan obyektlarning taʼminoti;
oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (oʻtish, transportda tashish, chegaraviy, geodezik belgilarni va boshqa belgilarni joylashtirish imkoniyati, elektr uzatish, aloqa liniyalarini va quvurlarni, suv taʼminoti, kanalizatsiya va melioratsiya tizimlarini taʼminlashga doir majburiyat, shuningdek ulardan foydalanish imkoniyati) va qonunchilikka muvofiq boshqa talablar ham mavjud boʻlishi mumkin.
Xususiylashtirilgan davlat mulkini boshqa shaxslarga oʻtkazish koʻrsatilgan talablarning bekor qilinishiga sabab boʻlmaydi va ushbu talablar keyingi xaridorga oʻtkaziladi.
