26-modda. Davlat muassasasini xususiylashtirishning umumiy tartibi
Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-907-son) · Sana: 14.02.2024 · Amalda
Davlat muassasasini xususiylashtirish quyidagi usullardan biridan foydalangan holda amalga oshiriladi:
xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirish orqali davlat ulushlarini realizatsiya qilish;
mulkiy majmua sifatida sotish;
mulkiy majmuani xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) ulush sifatida kiritish;
davlat muassasasini kelgusida xususiylashtirish sharti bilan ijaraga berish.
Davlat muassasasi davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartiriladi.
Xoʻjalik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi ushbu Qonunda belgilangan usullardan biri bilan realizatsiya qilinadi.
Davlat muassasasi tanlov savdolarida yoki muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yoʻli bilan mulkiy majmua sifatida sotiladi.
Davlat muassasasini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi xabarnoma ushbu Qonunning 35-moddasiga muvofiq eʼlon qilinadi.
Davlat muassasasi xususiylashtirilganda uni tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgartirilgan holda qayta roʻyxatdan oʻtkazish xususiylashtirilayotgan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat mulkini xususiylashtirish natijasida davlat muassasasining mehnat munosabatlari boʻyicha huquqiy vorisligi qonunchilikda belgilangan tartibda xaridorga oʻtadi.
Davlat muassasasini xususiylashtirish belgilangan tartibda amalga oshirilmagan taqdirda, vakolatli davlat organi uni qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish toʻgʻrisida tashabbus bilan chiqishi mumkin.
Davlat muassasasini keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan xoʻjalik jamiyatiga ijaraga berish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda davlat muassasasining davlat mulkini xususiylashtirish jarayonidagi kelgusi faoliyatini nazorat qilish maqsadida cheklangan muhitda (qamrov hududi, ijara muddati, faoliyat sohasi, xodimlar soni, ishlab chiqarish (xizmatlar) hajmi va boshqalar) sinovdan oʻtkazish uchun “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etilishi mumkin.
“Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
