23-modda. Davlat mulkini raqobatga asoslangan muloqot yoʻli bilan xususiylashtirish
Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-907-son) · Sana: 14.02.2024 · Amalda
Davlat mulkini xususiylashtirishda mazkur mulkni sotishning eng maqbul usulini aniqlash uchun sotish shartlari, tovar va moliya bozorlarining talablari, investitsiya loyihalarining maqsadli koʻrsatkichlari aniq boʻlmagan hollarda, davlat mulkini sotish raqobatga asoslangan muloqot yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Raqobatga asoslangan muloqotga taklif qilish toʻgʻrisidagi xabarnoma ushbu Qonunning 35-moddasiga muvofiq eʼlon qilinadi. Bunda davlat mulkining boshlangʻich narxi oshkor qilinmaydi.
Raqobatga asoslangan muloqotga taklif qilish toʻgʻrisidagi xabarnomaning matnida raqobatga asoslangan muloqot predmetiga taalluqli boʻlmagan talablar, shuningdek xususiylashtiriladigan davlat mulki boʻyicha talabgorlarga nisbatan shartlar, mezonlar va talablar nazarda tutilmaydi.
Vakolatli davlat organi oʻz takliflarini bergan raqobatga asoslangan muloqot ishtirokchilarining har biri bilan alohida muzokaralar oʻtkazadi, shuningdek qoʻshimcha ravishda raqobatga asoslangan muloqotning barcha ishtirokchilari bilan davlat mulkini xususiylashtirishning ayrim jihatlarini muhokama qilishi mumkin.
Vakolatli davlat organi davlat mulkini raqobatga asoslangan muloqot yoʻli bilan xususiylashtirishning barcha bosqichlarida professional maslahatchilarni jalb qilishga haqli.
Muzokaralar jarayoni va natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Muzokaralar jarayonida berilgan takliflar va ularning natijalari asosida savdoga qoʻyish shartlari va mezonlari, talabgorlar uchun savdoda ishtirok etishga doir yoʻriqnoma, xususiylashtirilayotgan davlat mulki oldi-sotdi shartnomasining loyihasi tayyorlanadi.
Vakolatli davlat organi takliflar bergan ishtirokchilarga davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha majburiy boʻlgan narxga doir taklifini, shuningdek, mavjud boʻlgan taqdirda, davlat mulkidan foydalanish boʻyicha muayyan shartlarini taqdim etish toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Ishtirokchilar tomonidan takliflarni berish muddati raqobatga asoslangan muloqotni oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oltmish kundan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Ishtirokchilarga xususiylashtiriladigan davlat mulkining soliqqa oid, moliyaviy, huquqiy va ekologik tahlillari bilan tanishish imkoniyati beriladi. Bu holda ishtirokchilar bilan axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisida bitim imzolanadi.
