Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-908-son)
15.02.2024
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 29-dekabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2024-yil 19-yanvarda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda xalqaro tashkilotlardagi tutgan oʻrnini yanada yaxshilash, shuningdek xalqaro tashkilotlarga qoʻshilishi boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini tezlashtirish dolzarb masalalardan biridir. Davlatning Jahon savdo tashkilotiga kirishi shartlaridan biri milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkilotining bitimlarida nazarda tutilgan normalarga muvofiqlashtirishdan iboratdir.
Shu munosabat bilan Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari toʻgʻrisidagi bitim talablariga asosan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi hamda “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga ushbu Qonun bilan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, ularda sanoat mulki obyektiga boʻlgan huquqdan huquq egalarining manfaatlarini inobatga olgan holda, ushbu obyektlar egasining roziligisiz foydalanishning aniq tartibini belgilash hamda tovar belgilari boshqa shaxslar tomonidan insofsiz tarzda roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda, huquqlarni himoya qilish uchun daʼvo muddatini chiqarib tashlash nazarda tutilmoqda. Shuningdek “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻrsatilgan Bitim talablaridan kelib chiqqan holda, farmatsevtika faoliyatidagi klinik sinovlarga qadar va klinik sinov natijasida olingan maʼlumotlar egalarining huquqini himoya qilish tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari ushbu Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga patent bojlarining, shuningdek chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni va boshqa tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun olinadigan davlat bojining miqdorlarini birxillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga mahalliy va chet el ishlab chiqaruvchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun sanoat mulki obyektlarining egalari huquqlarini himoya qilishga, patent bojlarining va tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun olinadigan davlat bojlarining miqdorlarini birxillashtirishga, shuningdek milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uygʻunlashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-mayda qabul qilingan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi 1062-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 29-avgustda qabul qilingan 397-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 9, 158-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 7, 355-modda; 2011-yil, № 12/2, 364-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 11-moddaning beshinchi qismi chiqarib tashlansin;
2) quyidagi mazmundagi 111-modda bilan toʻldirilsin:
“111-modda. Sanoat mulki obyektlari uchun majburiy litsenziya
Patent egasi qaysi muddat kechroq tugashiga qarab, patent roʻyxatga olingan sanadan eʼtiboran uch yil yoki patent olish uchun talabnoma berilgan sanadan eʼtiboran toʻrt yil mobaynida sanoat mulki obyektidan foydalanmasa yoki yetarli darajada foydalanmasa va bu bozorda tegishli tovarlar, ishlar va xizmatlar taklifi yetarli emasligiga olib kelsa, sanoat mulki obyektidan foydalanishni xohlovchi har qanday shaxs patent egasi maqbul tijorat shartlari asosida litsenziya shartnomasini tuzishni rad etgan taqdirda oʻziga majburiy oddiy (nomutlaq) litsenziya (bundan buyon matnda majburiy litsenziya deb yuritiladi) berish yuzasidan sudga murojaat qilishi mumkin. Bunday murojaat patent egasiga litsenziya shartnomasini tuzish toʻgʻrisida taklif yuborilgan sanadan eʼtiboran ikki oy oʻtgach beriladi.
Agar patent egasi foydalanmaslik yoki yetarli darajada foydalanmaslik uzrli sabablar bilan bogʻliq ekanligini isbotlamasa, sud majburiy litsenziyani berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Majburiy litsenziyaga asosan olingan sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqi boshqa shaxsga faqat ushbu obyektdan foydalanilayotgan korxona yoki uning tegishli qismi bilan birgalikda berilishi mumkin.
Agar patent egasi sanoat mulki obyektidan uning tarkibida boshqa shaxsga tegishli muhofaza qilinayotgan oʻzga obyekt qoʻllanilishi tufayli foydalana olmasa, patent egasi ushbu obyektdan foydalanish uchun oʻziga majburiy litsenziya berilishi yuzasidan sudga murojaat qilishga haqli. Bunday holda sudga murojaat qilinguniga qadar boshqa muhofaza hujjatining egasi maqbul tijorat shartlari asosida litsenziya shartnomasini tuzishni rad etgan boʻlishi zarur.
Agar patent egasi uning sanoat mulki obyekti muhim texnik yutuq ekanligini va boshqa muhofaza hujjati egasining sanoat mulki obyekti oldida katta iqtisodiy ahamiyatga egaligini isbotlasa, sud unga majburiy litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga asosan olingan sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqi boshqa shaxsga faqat tarkibida ushbu obyektdan foydalanilayotgan, patent bilan tasdiqlangan sanoat mulki obyektiga boʻlgan huquqni oʻtkazish bilan birgalikda beriladi.
Majburiy litsenziya ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq berilgan taqdirda, bunday litsenziya asosida foydalanish huquqi berilgan sanoat mulki obyektining patent egasi majburiy litsenziya qaysi qaram sanoat mulki obyekti munosabati bilan berilgan boʻlsa, oʻsha obyektdan foydalanish uchun litsenziya olish huquqiga ham ega boʻladi.
Majburiy litsenziya, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozorining ehtiyojlarini taʼminlash uchun berilishi kerak.
Majburiy litsenziyani berishda sud sanoat mulki obyektidan foydalanish hajmini, davomiyligini, patent egasiga toʻlanadigan toʻlov miqdorini, muddatini va uning tartibini belgilashi kerak.
Majburiy litsenziya boʻyicha toʻlov miqdori amaliyotga muvofiq belgilanadigan litsenziyaning bozor narxidan kam boʻlmasligi kerak.
Majburiy litsenziya uni berish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar tugatilgan taqdirda sud tomonidan bekor qilinadi.
Vazirlik sudning qaroriga asosan sanoat mulki obyektlaridan majburiy litsenziya shartlari asosida foydalanish huquqi berilganligi va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi”;
3) 12-moddaning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“patentlar bilan muhofaza qilinadigan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda patent egasini eng qisqa muddatda xabardor qilgan va keyinchalik mutanosib miqdorda unga tovon toʻlagan holda qoʻllash”;
4) 30-modda:
ikkinchi qismining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Agar patentlangan usul bilan olingan mahsulot yangi boʻlsa, aksini isbotlovchi dalillar mavjud boʻlmagan taqdirda, aynan oʻxshash mahsulot patentlangan usuldan foydalanish orqali olingan hisoblanadi”;
uchinchi qismi toʻrtinchi qism deb hisoblansin;
5) 32-moddaning:
uchinchi qismidagi “nomutlaq” degan soʻz “oddiy (nomutlaq)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi va beshinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat mudofaasi va xavfsizligini taʼminlash, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish bilan bogʻliq soʻnggi zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda, sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanilishiga uni bu haqda eng qisqa muddatda xabardor qilgan va keyinchalik mutanosib miqdorda unga tovon toʻlagan holda ruxsat berishi mumkin.
Tovon miqdorini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustda qabul qilingan “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi 267-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 178-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 9, 418-modda; 2011-yil, № 12/2, 364-modda; 2012-yil, № 12, 336-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214-modda) 24-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tovar belgisi egasining harakatlari belgilangan tartibda insofsiz raqobat fakti deb topilgan taqdirda, tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi OʻRQ-776-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 571-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 8-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi)”;
2) 39-modda:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“39-modda. Pivoni, tabiiy va koʻpiklanadigan vinolarni reklama qilish”;
birinchi qismining:
birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi qismining birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
uchinchi qismining birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi 415-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-399-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 1, 1-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2020-yil, № 7, 449-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 11, 922-modda) 12-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Tarkibida yangi kimyoviy moddalar mavjud boʻlgan dori vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda taqdim etilgan dori vositasining roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlaridagi mavjud maxfiy axborot ariza beruvchi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran olti yil mobaynida uning roziligisiz oshkor qilinishi va undan tijorat maqsadlarida foydalanilishi mumkin emas.
Yangi kimyoviy modda deganda patentga layoqatliligidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ilgari roʻyxatdan oʻtkazilmagan har qanday kimyoviy birikma tushuniladi.
Ushbu moddaning yettinchi qismida koʻrsatilgan axborotni ariza beruvchining roziligisiz oshkor qilishga va undan foydalanishga sudning qaroriga asosan, quyidagi hollardan biri mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
dori vositasini yetkazib berish hajmi Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy mobaynida aholining ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmaganda;
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzish hollari aniqlanganda”;
yettinchi — oʻninchi qismlar tegishincha oʻninchi — oʻn uchinchi qismlar deb hisoblansin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 23-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonun ilovasining 10-bandi “a” — “g” kichik bandlarida nazarda tutilgan ixtirolar va foydali modellarni muhofaza qilish bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishda quyidagi imtiyozlar beriladi:
II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga 90 foiz miqdorida;
taʼlim oluvchi shaxslar, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foiz miqdorida;
yuridik shaxs boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlariga, davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foiz miqdorida”;
2) ilova:
7-bandining “b” kichik bandining birinchi — toʻrtinchi qatorlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
10 — 15-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
8-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 3-moddasi 2-bandi va 5-moddasi 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-fevral,
OʻRQ-908-son
