2002-yil 3-aprelda imzolangan yoʻlovchilar hamda yuklarni avtomobilda xalqaro tashish toʻgʻrisidagi Bitimga va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Bayonnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida (4516-CH-2023-H-son)
23.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shveysariya Federal Kengashi oʻrtasida
BAYoNNOMA
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 17-iyulda 4516-CH-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Shveysariya Federal Kengashi, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
2002-yil 3-aprelda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shveysariya Federal Kengashi oʻrtasida yoʻlovchilar hamda yuklarni avtomobilda xalqaro tashish toʻgʻrisidagi Bitimning (keyingi oʻrinlarda “Bitim” deb yuritiladi) 12-moddasiga muvofiq,
Yoʻlovchilar hamda yuklarni xalqaro avtomobil transportida tashish sohasida Ahdlashuvchi Tomonlarning hamkorligini rivojlantirish va koʻmaklashish istagida,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimning 4-moddasi (Yuklarni tashish) quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining tashuvchilari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga yuklarni tashish maqsadida boʻsh yoki yuklangan transport vositasini ruxsatsiz vaqtincha olib kirish huquqiga ega:
a. bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi oʻrtasida; yoki
b. boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan uchinchi mamlakatga borish yoki uchinchi mamlakat hududidan Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududiga yoʻl olish; yoki
c. boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududi boʻylab tranzit yurish.”.
2-modda
Bitimning 5-moddasi (Ruxsatnoma olishdan ozod boʻlish) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3-modda
Bitimni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Bayonnomaning V moddasi (Transport vositalarining ogʻirligi va hajmi) quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Transport vositalarining ogʻirligi va hajmini xar bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida roʻyxatdan oʻtgan transport vositalari uchun oʻz davlati hududida roʻyxatga olingan transport vositalariga nisbatan qoʻllaniladigan ogʻirroq cheklovchi shartlarni qoʻllamaslik majburiyatini oladi.
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida qoʻllaniladigan maksimal ogʻirlik va hajmlardan oshadigan transport vositalariga nisbatan quyidagi tartiblar qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (Toshkent, Mustaqillik shoh koʻchasi, 68-uy) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllarida katta oʻlchamdagi yuklarni tashish uchun ruxsatnomalarni milliy qonunchilikka muvofiq taqdim etadi.
Shveysariya uchun:
Federal yoʻllar maʼmuriyati (Bern, CN-3003) tomonidan, yoʻl sharoitlari ruxsatnoma berishga imkoniyati boʻlsa, faqat boʻlinmaydigan yuklarni tashish uchun maxsus ruxsatnomalar beradi.
Shu bilan birga, avtotransport vositasi roʻyxatga olish hujjatida koʻrsatilgan umumiy ogʻirlikdan oshmasligi lozim.”.
4-modda
Mazkur Bayonnoma Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bayonnoma Bitim va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Bayonnomaning ajralmas qismi hisoblanadi, Bitim va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Bayonnomaning amal qilish muddati davomida amal qiladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, quyida oʻzlarining tegishli hukumatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bayonnomani imzoladilar.
Toshkent shahrida 2023-yil 23-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek va fransuz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
(imzolar)
