Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini (0063-24-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (34-8/64-son)
19.01.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 29-yanvarda hisobga olindi, hisob raqami 231]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2012-yil 17-fevralda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalaridagi kompyuter sinflarining qurilmalari, jihozlari, tarkibi va ishlash rejimiga qoʻyiladigan gigiyenik talablar (0303-12-sonli SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-yanvar,
34-8/64-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2023-yil 26-dekabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 17-yanvar
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2024-yil 6-yanvar
Yoshlar siyosati va sport vaziri A. IKRAMOV
2023-yil 28-dekabr
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K. KARIMOV
2023-yil 27-dekabr
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
2024-yil 3-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2024-yil 19-yanvardagi 34-8/64-son qaroriga ILOVA
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari (bundan buyon matnda taʼlim tashkilotlari deb yuritiladi) hamda bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (bundan buyon matnda AKT deb yuritiladi) oʻquv xonalari, ularning sanitariya-gigiyena holati, jihozlanishi, AKTdan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. AKT oʻquv xonalarining joylashuviga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
1. AKT oʻquv xonalari:
AKT oʻquv xonalari bolalar salomatligi uchun ehtimoliy xavfli boʻlgan hamda AKT vositalari va uskunalarining texnik holatiga taʼsir koʻrsatadigan fizik-kimyoviy omillarning yuqori darajadagi manbalariga ega boʻlgan fizika, kimyo, mehnat (amaliy) darslari boʻladigan xonalardan ajratilgan boʻlishi;
bolalarning fiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda AKT oʻquv xonalari 1-qavatda (maktabgacha yoshdagi bolalar uchun), binoning 2 va 3-qavatlarida (maktab yoshidagi va undan katta yoshdagi bolalar uchun) shimol va shimoli-sharqiy yoʻnalishda joylashtirilishi;
tabiiy yorugʻlik boʻlmagan yertoʻlalarda va podvallarda joylashtirilmasligi lozim.
2. 6 — 20 kV kuchlanishli va 1000 kVgacha quvvatga ega boʻlgan elektr taqsimlash punktlari hamda elektr va magnit maydonlariga ega yuqori chastotali transformatorlarni oʻquvchilar va oʻqituvchilarga hamda AKT vositalari va uskunalariga taʼsirining oldini olish hamda shovqindan himoya qilish maqsadida, muassasalar binosining derazalaridan kamida 10 m masofada joylashtirilishi kerak.
3. Nam tozalash imkonini beruvchi panellardan (poldan 1,5 — 1,7 m yuqori boʻlgan) yuqori boʻlgan shift va devorlar AKT oʻquv xonalaridan chiquvchi tovushni yutuvchi materiallar bilan qoplanishi kerak.
4. AKT oʻquv xonalarining pol yuzasi tekis, chuqurchalarsiz, sirpanchiq boʻlmasligi va tozalash uchun oson va qulay boʻlishi kerak.
5. AKT oʻquv xonalaridagi barcha qoplamalar uchun ishlatiladigan materiallar elektr izolyatsion, statik elektrlanishni kamaytiradigan (antistatik) xususiyatlarga ega boʻlgan yonmaydigan va texnologik jihatdan almashtirsa boʻladigan materiallardan tayyorlanishi lozim. Qoplamalar sifatida polimer materiallardan qilingan pol qoplamalari yoki maxsus pol uchun boʻyoqlar bilan qoplangan yogʻoch ishlatilishi kerak. Elektr xavfsizligini taʼminlash maqsadida AKT oʻquv xonalari metall pol qoplamalari bilan qoplanmasligi lozim.
6. AKT oʻquv xonalarini pardozlashda:
AKT oʻquv xonalarini bezashda chang chiqarmaydigan (masalan, devor va shiftlar uchun suvga asoslangan oqartirish) va nam tozalashga imkon beradigan materiallar ishlatilishi;
AKT oʻquv xonalarini ichki bezatish uchun gigiyenik xavfsiz boʻlgan qurilish materiallari qoʻllanilishi, yaʼni zararli kimyoviy moddalar va birikmalarni AKT oʻquv xonasi havosiga chiqarmaydigan boʻlishi;
bolalar asab tizimi zoʻriqishining oldini olish maqsadida devorlar koʻk, ochiq koʻk, yashil, ochiq yashil, binafsha va kulrang ranglar bilan boʻyalishi;
monitordan chiqadigan nurda 0,3-0,4 reflektor koeffitsiyenti mavjudligi sababli monitor ekrani qarshisida joylashgan devorlarning boʻyoqlari kulrang ranglar bilan boʻyalmasligi lozim.
2-bob. AKT oʻquv xonalarining suv taʼminoti va kanalizatsiyasiga, isitish va sovutish tizimiga hamda havoning ventilyatsiyasiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
7. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan taʼlim tashkilotlarining AKT oʻquv xonalari umumiy kanalizatsiya tizimiga ulangan, issiq va sovuq suv bilan taʼminlangan, rakovinalar bilan jihozlangan, qoʻlni yuvish, dezinfeksiya qilish va quritish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
8. AKT oʻquv xonalari markazlashtirilgan yoki boshqa uzluksizligi taʼminlangan ichimlik suvi taʼminoti tizimiga ulangan boʻlishi, uning gigiyenik talablari va sifati “Oʻzbekiston aholisining xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti markazlashtirilgan tizimi suvining gigiyenik mezonlari va ular sifatining nazorati” 0211-06-son SanQvaNga muvofiq boʻlishi kerak.
9. AKT oʻquv xonalari “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” 2.04.05-97-son QMQ talablariga muvofiq isitish tizimi, ventilyatsiya yoki konditsioner bilan jihozlanishi lozim.
Bunda:
optimal harorat parametrlari 18 — 20º ni, ruxsat etilgan havo harorati 18 — 22º ni, nisbiy namlik 40 — 60 foizni, havo tezligi 0,1 m/s ni tashkil etishi kerak.
Shuningdek, AKT oʻquv xonasida oʻquvchilarning (tarbiyalanuvchilar) ish joyida havo aylanishini taʼminlash maqsadida havo harakati yuqori zonada past tezlikda 0,1 m/s dan oshmagan holda boʻlishi kerak.
10. AKT oʻquv xonasining ishchi maydoni havosidagi mikroiqlim parametrlari mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga, konditsionerning quvvatini hisoblash tartibi 2-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
11. AKT oʻquv xonasidagi havo mashgʻulotlar (darslar) boshlanishidan oldin va darslarning har bir oʻquv soatidan soʻng almashtirilishi, shuningdek, qulay ob-havo sharoitida darslar derazalar ochiq yoki derazalarning yuqori qanoti ochiq boʻlgan holatida oʻtkazilishi, deraza romlari yoki deraza darchalari ilgaklar yoki maxsus metall tayoqlar yordamida ochib qoʻyilishi kerak.
3-bob. AKT oʻquv xonalarini yoritish tizimiga qoʻyilgan sanitariya-gigiyena talablari
12. AKT oʻquv xonalari tabiiy va sunʼiy yoritish bilan taʼminlanishi hamda ish joylarining yorugʻlik darajasi “Tabiiy va sunʼiy yoritish” 2.01.05-19-son QMQ talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
13. AKT oʻquv xonalarini yoritishda:
tabiiy yoritish derazalaridan foydalanilishi;
derazalar shimol, shimoli-sharqiy va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishga ega boʻlgan bir tomonlama joylashtirilgan boʻlishi;
tabiiy yorugʻlikning asosiy oqimi chap tomonda joylashishi;
oʻng, orqa va old tomonlama yorugʻlik yoʻnaltirilishi;
quyosh nuri va koʻzgu oʻquvchilarning koʻziga va monitor ekranlariga tushmasligi;
quyosh nurining AKT oʻquv xonasiga va kompyuter ekraniga toʻgʻridan-toʻgʻri tushishining oldini olish maqsadida quyoshdan himoyalanish vositalari qoʻllanilishi;
oyna romlari, deraza tokchalari oq boʻyoq bilan boʻyalishi lozim.
14. AKT oʻquv xonalaridagi derazalar:
yorugʻlikni tartibga soluvchi qurilmalar yoki quyoshdan himoya qilish vositalari (sozlanishi mumkin boʻlgan xona ichi jalyuzi pardalar, yorugʻlik oʻtkazuvchi och rangdagi qalin pardalar va boshqalar) bilan jihozlanishi va bunda mazkur vositalar AKT oʻquv xonasini qorongʻulashuviga olib kelmasligi;
pardalari devorlarning rangi bilan uygʻunlashgan, toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurining oʻtishiga yoʻl qoʻymaydigan, derazani butunlay qoplagan boʻlishi;
pardaning kengligi oyna hajmidan ikki marta katta boʻlishi;
qora rangdan tashqari har qanday rangdagi pardalar ishlatilishi lozim.
15. AKT oʻquv xonalarini sunʼiy yoritish uchun xonalar:
lampalar (lyuminessent, energiyani tejovchi yoki yorugʻlikni AKT oʻquv xonasining barcha qismlariga bir xilda tarqatuvchi) bilan taʼminlangan boʻlishi;
lyuminessent lampalar bilan yoritishda lampaning zaxira koeffitsiyenti 1,4 ga teng boʻlishi;
lampalarning pulsatsiya koeffitsiyenti 10 foizdan ortiq boʻlmasligi;
xonadagi mavjud yorugʻlik yetarli boʻlmasa, AKT oʻquv xonalaridagi oʻquvchilarning ishchi joylari yorugʻlikni ishchi joyining barcha qismlariga bir xilda tarqatib beruvchi hamda koʻzga toʻgʻridan-toʻgʻri tushmaydigan mahalliy yoritish moslamalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
16. AKT oʻquv xonalaridagi oʻquvchilar ishchi joylarining yoritilganlik darajasi 3-ilovaga muvofiq boʻlishi lozim.
17. Yaroqsiz lampalarni oʻz vaqtida almashtirish, yoritgich va deraza oynalarini yiliga kamida 2-marta tozalash kerak.
18. AKT oʻquv xonalaridagi oʻquvchilar ishchi joylarida oʻquvchilarning koʻrish sohasidagi yorqinlik 3:1 nisbatda, ekran-stol yuzasi bilan devorlar, pol, shift va oʻquv doskasi oʻrtasida yorqinlik 10:1 nisbatda boʻlishi lozim.
19. Ishchi yuzalar va AKT oʻquv xonalari interyeri elementlarining (shift, devorlar, pol, mebel jihozlari, uskunalar va boshqalar) rangli sirtqi yuzalarini aks ettirish koeffitsiyenti quyidagicha boʻlishi lozim:
shiftlar uchun — 0,7-0,8 foiz;
devorlar uchun — 0,5-0,6 foiz;
pol uchun — 0,3-0,4 foiz;
stollar uchun — 0,45 — 0,5 foiz;
klaviatura uchun — 0,4 — 0,6 foiz.
4-bob. AKT oʻquv xonalarining fizik va kimyoviy omillariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
20. AKT oʻquv xonalarining oʻquvchilar ishchi joylaridagi elektrostatik maydonlarning (bundan buyon matnda ESM deb yuritiladi) kuchlanish darajasi 15 kV/m dan oshmasligi kerak. ESMning darajasi oshib ketgan holda AKT oʻquv xonalaridagi mebel, pol va barcha ishchi yuzalar statik elektrlanishni kamaytiradigan xususiyatlarga ega (antistatik) boʻlishi hamda xonada havo almashinuvini taʼminlashi kerak boʻlib, AKT oʻquv xonalaridagi elektromagnit maydonning ruxsat etilgan darajalari mazkur sanitariya qoidalarining 4-ilovasi 1-jadvaliga va ESMning ruxsat etilgan darajalari esa 2-jadvaliga muvofiq boʻlishi lozim.
21. AKT oʻquv xona havosida ionlar mavjud boʻlib, musbat va manfiy havo ionlari darajasi mazkur sanitariya qoidalarining 5-ilovasida keltirilgan koʻrsatkichlarga mos boʻlishi lozim.
22. Kompyuterda ishlayotganda ish joyidagi shovqin darajasi 50 dBA dan oshmasligi lozim.
AKT jihozlarining (chop etish va nusxa koʻchirish uskunalari hamda boshqalar) funksional xususiyatlari tufayli kelib chiqadigan shovqin darajasi 50 dBA dan yuqori boʻlsa barcha jihozlar asosiy AKT oʻquv xonasidan tashqarida joylashgan boʻlishi lozim.
AKT oʻquv xonasida joylashgan kompyuterda ishlash natijasida kelib chiqadigan shovqin darajasining ruxsat etilgan parametrlari mazkur sanitariya qoidalarining 6-ilovasi 1-jadvalida va tebranishning ruxsat etilgan parametrlari 2-jadvalida keltirilgan koʻrsatkichlarga mos boʻlishi lozim.
23. AKT oʻquv xonalarining ishchi hududi havosidagi zararli kimyoviy moddalarning tarkibi “Ishchi maydon havosidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasiga (REK) qoʻyiladigan gigiyenik normativlar” 0294-11-son SanQvaN ga muvofiq boʻlishi kerak.
5-bob. AKT oʻquv xonalariga, ularni jihozlash va dezinfeksiyalashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
24. AKT oʻquv xonalari bir kishilik stollar bilan jihozlanishi, ular AKT bilan ishlashga moʻljallangan boʻlishi kerak.
25. AKT oʻquv xonasida har bir foydalanuvchining (oʻquvchi va oʻqituvchilar) ishchi joyi maydoni kamida 4 — 6 m2, xonaning balandligi esa kamida 2,8 m boʻlishi kerak.
AKT oʻquv xonalaridagi dars jarayonlarini sinfdagi oʻquvchilarning umumiy sonini ikkiga boʻlib oʻtkazish kerak.
26. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan taʼlim tashkilotlari binolari uchun AKT oʻquv xonalarini joriy etishda maydoni 18 m2 dan kam boʻlmagan hamda ikkita chiqish yoʻliga (AKT oʻquv xonasi va zinapoyaga yoki koridorga) ega laboratoriya xonasi tashkil etilishi kerak.
27. AKT oʻquv xonalaridagi jihozlar mazkur sanitariya qoidalarining 7-ilovasi 1-jadvalida va 2-jadvalida keltirilgan sxemalar asosida joylashtirilishi mumkin.
28. Kompyuter stollarini joylashtirishda quyidagilar hisobga olinishi kerak:
devor va kompyuter stollari oʻrtasidagi masofa kamida 0,7 mni;
kompyuter korpusining yon yuzalari oʻrtasidagi masofa kamida 1,2 mni;
stollar oʻrtasidagi masofa kamida 0,8 mni, agar stollar shaxmat taxtasi shaklida (monitorlarning orqa yuzalari bilan bir-biriga qarama-qarshi) joylashgan boʻlsa;
stollar va isitish elementlari oʻrtasidagi masofa kamida 0,5 — 1,0 mni tashkil etishi kerak.
29. AKT oʻquv xonalarida ishlatiladigan mebellar (stol va stullardan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻquv asbob-uskunalari va anjomlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament talablariga javob berishi lozim.
30. Oʻquvchilar va oʻqituvchilarning kompyuterlariga keladigan tarmoq sim kabellari yerga ulangan hamda ustida himoya qoplamlari boʻlgan holatda joylashtirilishi kerak.
31. Oʻquvchilar (tarbiyalanuvchilar)da tayanch harakat tizimi va koʻz kasalliklarining oldini olish hamda koʻrish maydonini yaxshilash maqsadida AKT vosita va uskunalari (interfaol oʻquv doskalar, sensorli ekranlar, axborot panellari va axborotni koʻrsatishning boshqa vositalari) mahkamlanadigan, gorizontal va vertikal aylantirish imkoniyatini berishi lozim.
32. AKT oʻquv xonalarini AKT vosita va uskunalari bilan jihozlashda quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
AKT vosita va uskunalari yaltirash xususiyatiga ega boʻlmasligi;
yaltiramaydigan yuzaga ega koeffitsiyenti 0,4 — 0,6 ga teng boʻlishi;
kompyuter va noutbuk monitori diagonali — kamida 39,6 sm, planshet uchun esa — 26,6 sm boʻlishi kerak.
33. AKT vosita va uskunalari displeyning (monitor) ruxsat etilgan vizual parametrlari mazkur sanitariya qoidalarining 8-ilovasida keltirilgan koʻrsatkichlarga mos boʻlishi lozim.
34. AKT oʻquv xonalarini interfaol oʻquv doskasi (interaktiv panel) bilan jihozlashda quyidagi talablarni inobatga olish lozim:
interfaol oʻquv doskasi xonaning frontal devori markazida joylashishi;
interfaol oʻquv doskasining oʻlchamlari va joylashtirilishi xonaning maydoniga mos boʻlishi;
interfaol oʻquv doskasi diagonali kamida 165,1 sm boʻlishi;
interfaol oʻquv doskasining faol yuzasi yaltiroq boʻlmasligi;
oʻquvchi (tarbiyalanuvchi) interfaol oʻquv doskasini xonaning hamma tomonidan koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
35. AKT oʻquv xonalarida qoʻshimcha elektromagnit maydon va radiatsiyaning bola organizmi sogʻligʻiga zararli taʼsiri sababli katod nurlari trubalari asosidagi, faol wi-fi aloqasiga ega boʻlgan “aqlli” televizorlar va interfaol oʻquv doskasidan foydalanish mumkin emas.
36. Radiochastota diapazonidagi elektromagnit maydonlarning salbiy taʼsirini oldini olish uchun taʼlim tashkilotlarida faol wi-fi ulanish nuqtalarini oʻrnatish mumkin emas. Taʼlim tashkilotlarida xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda Internet tarmogʻiga kabel, shu jumladan optik kabel aloqasi orqali ulanishni taʼminlash kerak.
37. AKT oʻquv xonalarida flomaster bilan yozish uchun moʻljallangan oʻquv doskasidan foydalanish lozim.
38. Taʼlim tashkilotlarida mashgʻulotlar (darslar) vaqtida oʻquvchilar (tarbiyalanuvchilar) tomonidan bir vaqtning oʻzida ikki xildan ortiq AKT vosita yoki jihozlaridan (interfaol oʻquv doskasi va kompyuter, interfaol oʻquv doskasi va planshet) foydalanishga ruxsat etilmaydi.
39. AKT oʻquv xonalaridagi vositalar va jihozlardan foydalanish toʻxtatilganda oʻchirilishi yoki kutish rejimiga qoʻyilishi kerak.
40. AKT oʻquv xonalarida ish yoki oʻqish paytida tanadagi zoʻriqishni kamaytirish uchun moʻljallangan ish stollaridan foydalanishga ruxsat etiladi, bunda AKT vosita yoki jihozlarining miqdoriy va dizayn xususiyatlarini, bajarilgan ishning mohiyatini hisobga olgan holda ish stolida maqbul holatda joylashishini taʼminlash imkoniyatini yaratish lozim.
41. Ish stollarining yuzalari tabiiy yogʻoch hamda och koʻk, och yashil va och kulrang ranglarga boʻyalishi kerak. Yopiq tuzilmalarning yuzalari silliq va yaltiramaydigan boʻlishi kerak.
42. Kompyuter yoki boshqa AKT bilan ishlashga moʻljallangan bir kishilik stollarning tuzilishi quyidagicha boʻlishi kerak:
ikkita alohida yuzaga ega boʻlishi, bunda birinchi yuza kompyuterni (monitor) joylashtirish uchun gorizontal, 520 — 760 mm masofada tekis balandlikda va moslashtirish xususiyatiga ega boʻlishi, ikkinchi yuza klaviaturani joylashtirish uchun balandligi moslashtirish xususiyatiga ega, yuzaning egilish burchagi esa 0 dan 15 darajagacha va maqbul ish holatida esa 12 — 15 daraja egilish burchagiga ega boʻlishi;
monitor va klaviatura uchun yuzalarning kengligi 750 mm dan (ikkala yuzaning kengligi bir xil) va chuqurligi 550 mm dan kam boʻlmasligi;
agar ish joyi printer bilan jihozlansa, yuzalarning kengligini 1200 mm gacha kengaytirilishi.
43. Kompyuterdan foydalanuvchiga qaragan bir kishilik stol chetining balandligi va oyoq uchun taglik balandligi oʻquvchilarning poyabzaldagi boʻyiga mos kelishi lozim (9-ilova 1-jadval).
44. Agar stol va stul balandligi oʻquvchilarning boʻyiga mos kelmasa, bolalardagi tayanch harakat tizimi kasalliklarining oldini olish maqsadida bolaning oyogʻi 90 gradus toʻgʻri burchak ostida bukilib turishini taʼminlovchi oyoq ostiga qoʻyiladigan taglikdan foydalanish kerak.
45. Oʻquvchilar va tarbiyalanuvchilarning ishchi joyi stulining asosiy oʻlchamlari ularning poyabzaldagi boʻyiga mos kelishi lozim (9-ilova 2-3-jadvallari).
46. Charchoq rivojlanishining oldini olish, boʻyin-yelka mushaklarining statik zoʻriqishini kamaytirish maqsadida ishchi stul (kreslo) dizayni kompyuterda ishlayotganda ratsional ish pozitsiyasini saqlashi va pozitsiyani oʻzgartirishga imkon berishi lozim.
Ishchi stul (kreslo) turi foydalanuvchining boʻyi, AKT bilan ishlash xususiyati va davomiyligini hisobga olgan holda tanlanishi kerak.
47. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun kompyuter stolining tuzilishi quyidagicha boʻlishi kerak:
monitor uchun ishchi yuza 460 — 520 mm chuqurlikda va kamida 600 mm kenglikda, moslashtirish xususiyatiga ega boʻlishi;
klaviatura uchun balandligi moslashtirish xususiyatiga ega, yuzaning egilish burchagi 0 dan 10 darajagacha boʻlishi;
klaviatura ostidagi yuzaning kengligi va chuqurligi 600 mm dan kam boʻlmasligi;
klaviatura uchun stol yuzasi tekis, chuqurchalarsiz boʻlishi;
stol ostiga oyoq uchun moʻljallangan hamda 400 mm dan kam boʻlmagan taglik qoʻyilishi lozim.
48. AKT oʻquv xonalarida kompyuter va oʻquv-kanselyariya vositalarini saqlash uchun yopiq shkaf-javonlar boʻlishi lozim.
49. AKT oʻquv xonalaridagi AKT vosita va uskunalari ekranlari (monitor) bir biriga va deraza oynalariga qarama-qarshi yoʻnalishda joylashtirilishi lozim.
50. AKT oʻquv xonalarini kunlik namli tozalash yuvish va dezinfeksiyalash vositalari yordamida amalga oshirilishi kerak.
51. Kompyuterlarning barcha yuzalari, AKT vositalari va uskunalari (turli xil koʻrinishdagi quloqchinlar), shu jumladan jihozlari va mebellari har kuni changdan tozalanishi kerak.
52. AKT oʻquv xonalaridagi jihozlar yuzalari, mebellar va koʻp ishlatiladigan AKT vosita va uskunalarining yuzalari kamida 70 foiz spirtni oʻz ichiga olgan eritmalar yoki salfetkalardan foydalangan holda dezinfeksiya qilinishi kerak.
6-bob. AKT uskunalari va vositalaridan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
53. Oʻquvchilarning koʻzlari bilan kompyuter ekrani va klaviaturagacha boʻlgan optimal masofasi 0,6-0,7 m oraligʻida, ruxsat etilgan alifbo-raqam belgilar va ramzlar hajmini hisobga olgan holda kamida 0,5 mni tashkil etishi kerak.
54. AKTdan taʼlimga oid hujjatli filmlar, dasturlar yoki boshqa maʼlumotlarni namoyish qilish uchun foydalanganda koʻzning zoʻriqishini oldini olish maqsadida ekrandan (monitor) chiqayotgan yorugʻlikning teng taqsimlanishi taʼminlanishi va AKT dan chiqayotgan yorugʻlikning koʻzga toʻgʻridan-toʻgʻri tushishining oldini olish kerak.
55. Oʻquv mashgʻulotlari davomida kompyuter va boshqa AKT vosita va uskunalarida ishlash muddati, oʻquvchilarning yoshi, ishning boshlanish vaqti, dam olish muddatlari, shu bilan birga ish joyini tashkil etish, sharoitlarga nisbatan gigiyenik talablarga rioya qilish lozim.
56. Masofaviy hamda elektron taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda oʻquv dasturlarini amalga oshirishda:
dars jadvali oʻquvchilarning aqliy faoliyat koʻrsatkichlarining kundalik va haftalik dinamikasi hamda oʻquv fanlarining qiyinligini hisobga olgan holda tuzilishi;
soat 18:00 dan oldin mashgʻulotlar yakunlanishi;
AKT oʻquv darsi kuniga bir marta qoʻyilishi kerak.
57. Taʼlim tashkilotlarida mashgʻulotda (darslar) turli AKT vositalari va jihozlaridan foydalanishning uzluksiz va umumiy muddati “Umumiy taʼlim maktablarida taʼlim shartlari va tashkil etilishiga qoʻyilgan sanitar-epidemiologik talablar” 0341-16-son SanQvaNga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
58. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarda asab va tayanch-harakat tizimlariga AKT ning salbiy taʼsirini oldini olish maqsadida quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:
5 yoshgacha boʻlgan bolalarga AKT yordamida mashgʻulotlar (darslar) oʻtkazilmasligi;
5 yoshdagi bolalar uchun rivojlantiruvchi oʻyin shaklidagi darslarda AKT bilan ishlashning tavsiya etilgan uzluksiz davomiyligi 10 daqiqadan, 6 yoshli bolalar uchun esa 15 daqiqadan oshmasligi lozim.
59. AKTdan foydalanishda:
darslar (mashgʻulotlar) kuniga bir marta va haftasiga uch martadan koʻp boʻlmagan hamda bolalarning eng yuqori ish qobiliyatiga ega boʻlgan kunlarda (seshanba, chorshanba va payshanba kunlari) oʻtkazilishi;
bolalar bilan darsdan soʻng koʻzning zoʻriqishini va koʻz kasalliklari kelib chiqishini oldini olish maqsadida koʻz mashqi gimnastikasi amalga oshirilishi;
AKT mashgʻulotlarini uyqu, kunduzgi sayr va boshqa koʻngilochar tadbirlar oʻrniga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi;
AKT darslaridan oldin bolalarning jismoniy jihatdan zoʻriqishiga olib kelmaydigan oʻyinlar oʻtkazilishi;
uxlashdan oldin AKT vositalaridan foydalanilmasligi lozim.
60. Bolalarning yoshidan qatʼi nazar, AKT bilan oʻtkaziladigan darslar (mashgʻulotlar) tarbiyachi yoki oʻqituvchi nazoratida oʻtkazilishi lozim.
61. Oʻquvchilar (tarbiyalanuvchilar) tomonidan AKTdan olingan maʼlumotlarni daftarga yozib olishni hisobga olgan holda AKTda uzluksiz ishning davomiyligi quyidagicha boʻlishi lozim:
maktabgacha yoshdagi bolalar uchun (5 — 7 yosh) 5 — 7 daqiqa;
I — IV sinf oʻquvchilari uchun 10 daqiqa;
V — IX sinflar uchun darslar 15 daqiqa;
X — XI sinflar hamda oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun darslar 20 daqiqani tashkil etishi kerak.
62. AKTdan foydalanishning umumiy davomiyligi:
mashgʻulot (dars) interfaol oʻquv doskasidan foydalangan holda oʻtkazilganda 7 — 10 yoshli bolalar uchun 20 daqiqa, 10 yoshdan katta bolalar uchun 30 daqiqa;
kompyuterdan foydalangan holda oʻtkazilganda I-II sinflar uchun 20 daqiqa, III-IV sinflar uchun 25 daqiqa, V — IX sinflar uchun 30 daqiqa, X — XI sinflar hamda oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun 35 daqiqadan oshmasligi lozim.
63. I — IV sinflar uchun oʻquv kuni davomida AKTdan foydalangan holda mashgʻulotlarning optimal soni 1 ta dars, V — VIII sinflar uchun 2 ta dars, IX — XI sinflar hamda oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun 3 ta darsni tashkil etishi lozim.
64. AKT qoʻllaniladigan darslar (mashgʻulotlar) oʻrtasidagi tanaffus 10 daqiqadan 20 daqiqagacha boʻlishi lozim.
65. Yuqori sinf oʻquvchilarining darslarda oʻquv rejasiga rioya qilgan holda va profilaktika maqsadida AKT bilan ishlash muddati dars vaqtining 50 foizidan oshmasligi kerak.
66. Darsdan tashqari AKT mashgʻulotlari haftasiga 2-martadan koʻp boʻlmasligi va mashgʻulotlarning davomiyligi:
II — V sinf oʻquvchilari uchun 60 daqiqadan oshmasligi;
VI va undan yuqori sinf hamda oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun 90 daqiqadan oshmasligi lozim;
maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun esa AKT oʻquv darsi davomiyligi maktab yoshiga bogʻliq.
67. AKT vosita va uskunalaridan foydalanishga boʻlgan koʻnikmani hosil qilish maqsadida kompyuter oʻquv-tarbiyaviy oʻyinlarini oʻynash vaqti II — V sinf oʻquvchilari uchun 10 daqiqa, yuqori sinf oʻquvchilari uchun 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
68. Bolalar tomonidan shaxsiy kompyuter va boshqa AKT vositalaridan foydalanishning profilaktika choralarini hisobga olgan holda foydalanishning umumiy davomiyligi:
toʻgarak va fakultativ mashgʻulotlar uchun haftasiga 2 soatdan oshmasligi;
toʻgaraklar va fakultativ mashgʻulotlari oʻquv mashgʻulotlari tugaganidan keyin 50 — 60 daqiqa oʻtib oʻtkazilishi;
toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash esa 1 soatdan koʻp boʻlmasligi lozim.
69. “Bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyenik talablari” 0026-22-son SanQvaNga koʻra, sogʻlomlashtiruvchi oromgohlarida 2 — 4 hafta davom etadigan kun tartibini inobatga olib, AKT vositalaridan foydalangan holda taʼlim mashgʻulotlarini tashkil etish lozim.
70. Bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlarida AKT vositalari yordamida tashkillashtirilgan mashgʻulotlar haftasiga 6 kundan ortiq boʻlmagan va quyidagi vaqtlarda oʻtkazilishi kerak:
7 — 10 yoshli bolalar uchun ertalab 45 daqiqadan ortiq davom etadigan bitta dars;
11 — 13 yoshli bolalar uchun 45 daqiqadan iborat ikkita (biri ertalab, ikkinchisi tushdan keyin) dars;
14 — 16 yoshli bolalar uchun har biri 45 daqiqadan uchta ikkitasi ertalab va bittasi tushdan keyin) dars.
71. Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida AKT vositalari yordamida tashkillashtirilgan mashgʻulotlar, xususan ritmik kompyuter oʻyinlarini bir kunda bir martadan koʻp boʻlmagan va boshlangʻich sinf yoshidagi bolalar uchun 10 daqiqagacha, oʻrta va oʻrta maktab yoshidagi bolalar uchun esa 15 daqiqagacha vaqt mobaynida oʻtkazish kerak.
72. Agar darslar bevosita kompyuter yoki boshqa AKT vositalari bilan ishlash va bu darslar uchun ajratilgan vaqtning 50 foizdan koʻprogʻini tashkil etsa, koʻz mashqi gimnastikasi, jismoniy daqiqalar va jismoniy tanaffuslardan iborat profilaktika choralari oʻtkazilishi lozim.
73. Taʼlim tashkilotlari mashgʻulotlarida (darslar) AKT vositalarini uzluksiz ishlatish natijasida kelib chiqadigan charchoqning oldini olish uchun quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
har 15 — 20 daqiqada koʻz mashqi gimnastikasini bajarish;
oʻquv jarayonidan qatʼi nazar, mashgʻulotlarning har bir akademik soatidan keyin kamida 15 daqiqa davom etadigan tanaffuslar hamda 3-4 daqiqa davom etadigan jismoniy tanaffuslarni tashkil etish;
charchoqning dastlabki belgilari paydo boʻlganda individual ravishda bajariladigan mahalliy charchoqni bartaraf etish uchun 1-2 daqiqa davomida jismoniy mashqlarni bajarish;
har 2-3 haftada mashqlar toʻplamini almashtirish lozim.
74. Taʼlim tashkilotlarida mashgʻulot (dars) paytida quloqchinlardan foydalanish tartibi quyidagicha:
uzluksiz foydalanish vaqti 1 soatdan oshmasligi;
ovoz balandligining eng yuqori darajasi 60 foizdan oshmasligi kerak.
75. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati 10-ilovada keltirilgan.
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 1-ILOVA
AKT oʻquv xonasining ishchi maydoni havosidagi mikroiqlim parametrlari
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 2-ILOVA
Konditsionerning quvvatini hisoblash tartibi
Konditsionerning quvvati Qrange — 5 foizdan +15 foizgacha boʻlgan Q oraligʻiga muvofiq taʼminlanishi lozim.
Konditsioner (sovutish) Q (kW) quvvatini hisoblash quyidagi metodologiyaga muvofiq amalga oshiriladi:
Q = Q1 + Q2 + Q3, bu yerda:
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 3-ILOVA
AKT oʻquv xonalarining yoritilganlik darajasi*
*Izoh:
“V” — vertikal sirti, “G” — gorizontal sirti.
QMQ 2.01.05-2019-sonli “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq, ishning aniqlik darajasiga koʻra, AKT vosita va uskunalarida bajariladigan ishlar asosan vizual ishlarning III toifasiga mansubligi tufayli umumiy va mahalliy sunʼiy yoritish yoki aralash yoritish tizimidan foydalangan holda ish joylari quyidagi yorugʻlik darajalariga ega boʻlishi kerak:
ish stoli va klaviaturaning gorizontal yuzalari uchun 400 lyuks;
umumiy yoritish tizimi uchun esa 300 — 500 lyuks.
Shuningdek, monitor ekranlariga tashqi manbalardan keladigan yorugʻlik darajasini oʻlchash uchun yorugʻlik oʻlchov qurilmasining fotoelementi monitor ekranining markaziga vertikal joylashganda monitor ekranining yorugʻlik darajasi 300 lyuksdan ortiq boʻlishi, umumiy va mahalliy yoritishda esa monitor ekranidagi tabiiy yorugʻlik koeffitsiyenti 3 foizdan, yon tomondan yoritishda esa 1,2 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 4-ILOVA
AKT oʻquv xonalaridagi elektromagnit maydonning ruxsat etilgan darajalari
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 5-ILOVA
AKTdan foydalanganda xonalardagi musbat va manfiy havo ionlari soni
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 6-ILOVA
Izoh: Tovush darajasi va tovush bosimi darajasi asbob-uskunaning yuzasidan 60 — 70 sm masofada va tovush manbai (lar) ning balandligida oʻlchanadi.
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 7-ILOVA
AKT oʻquv xonasining perimetr shakldagi joylashuv sxemasi
1-jadval
1. Ikki kishilik kompyuter stoli
2. Proyektorli stol-stend
3. Kompyuter stoli
4. Oʻquvchi stoli
5. Stul/ kreslolar
6. Oʻquv jihozlari uchun shkaflar
7. Kompyuterlar
8. doska
AKT oʻquv xonasining “P” shaklidagi joylashuv sxemasi
2-jadval
1. Ikki kishilik kompyuter stoli
2. Proyektorli stol-stend
3. Kompyuter stoli
4. Kompyuterlar
5. Stul/kreslolar
6. Oʻquv jihozlari uchun shkaflar
7. doska
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 8-ILOVA
AKT vosita va uskunalari displeyning (monitor) ruxsat etilgan vizual parametrlari
Izoh:
Diskret tekis ekranlarda (LED, plazma va boshqalar) displeylar uchun yangilanish darajasi maʼlum bir turdagi displey uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan kafolatlangan barcha ekran oʻlchamlari rejimlari uchun kamida 60 Nz ni tashkil qiladi.
Bunda:
koʻrish sathi vertikal joylashgan monitor markaziga yoki uning 2/3 qismiga tushishi lozim, shu jumladan:
koʻrish chizigʻi ekran markaziga perpendikulyar boʻlib, vertikal tekislikdagi optimal burilish darajasi ±5ga, ruxsat etilgan darajasi ±10ga;
ekranning markaziy oʻqidan optimal gorizontal koʻrinish darajasi ±15ga, ruxsat etilgan darajasi ±30ga teng boʻlishi kerak.
Shuningdek, planshetlardan foydalanishda ularni stend yordamida 30 daraja burchak ostida stol ustiga joylashtirish, monitor ekrani monitordan axborotni idrok qilish oson boʻlishi uchun yetarli darajada koʻrish burchagiga ega boʻlishi kerak.
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 9-ILOVA
Izoh: oyoq uchun joyining kengligi va uzunligi stolning dizayni bilan belgilanadi.
*Izoh:
Mazkur oʻlchamlar maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun tatbiq etilmaydi.
Taʼlim tashkilotlari va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻquv xonalari, ularning jihozlanishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tartibiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0063-24-son SanQvaN)ga 10-ILOVA
