Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasi obyektlarini barpo etishda buyurtmachi xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-65-son)
08.02.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasiga ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish va ularni iqtisod qilish, kelgusida maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni saqlash xarajatlarini qisqartirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-404-son qarori bilan tasdiqlangan 2024 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) doirasida Kompaniya maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi vazifasini bajarishi;
Kompaniyaga Dastur doirasida tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida obyektlar uchun markazlashgan holda asosiy qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni (qurilish jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan mebel jihozlari va asbob-uskunalar bundan mustasno) xarid qilish huquqini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (keyingi oʻrinlarda — Respublika shtabi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Respublika shtabining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tashkil etilayotgan Kompaniya faoliyatini yoʻlga qoʻyish, moliyalashtirish va saqlash, shu jumladan Kompaniya zimmasiga yuklangan funksiyalarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
obyektlar qurilishiga ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish hamda ortiqcha xarajatlarni qisqartirish orqali mablagʻlarni iqtisod qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrish;
Kompaniya tomonidan obyektlar uchun markazlashgan holda qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni xarid qilish hamda oʻz vaqtida yetkazib berishda yuzaga keladigan muammoli masalalarni tezkor hal etib borish;
obyektlarda loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bajarish hajmi va muddatlari boʻyicha doimiy ravishda Kompaniya va masʼullarning hisobotini eshitib borish;
Dastur doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar hisobiga yangi va qoʻshimcha obyektlarni qurib, foydalanishga topshirish boʻyicha manzilli dasturni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish;
obyektlardagi qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarining holatini har oyda muhokama qilib borish.
3. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
a) Kompaniya obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun:
xaridlarni amalga oshirish doirasida mahsulotlar va xizmatlarni topish va baholash, ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib borish hamda mahsulotlar sifatini pasaytirmagan holda tejamkor bitimlar tuzilishini taʼminlaydi;
xarid qilingan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni obyektlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib beradi hamda pudratchilarga topshiradi;
b) Kompaniya obyektlarning sifatini muntazam nazorat qilib borish maqsadida hududlar kesimida har beshta obyektga kamida bitta texnik nazorat xodimini biriktiradi;
v) Kompaniyaga:
obyektlar uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalar ishlab chiqaruvchilar takliflari oʻrtacha birja narxlaridan 20 foiz arzon boʻlgan taqdirda, istisno tariqasida, tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish orqali tovarlarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish;
asoslangan hisob-kitoblarga koʻra obyektlar uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni xarid qilish (yetkazib berish) uchun oldindan 30 foiz avans (boʻnak) ajratish;
hududlarda zarur infratuzilmaga ega omborxonalar tashkil etish uchun tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri ijara shartnomalarini tuzish;
markazlashgan holda yetkazib beriladigan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalardan tashqari, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari doirasida zarur qoʻshimcha tovarlarni xarid qilish uchun, keyinchalik ularning qiymatini bajarilgan ishlar uchun hisob-kitob qilish sharti bilan bosh pudrat tashkilotlariga tegishli mablagʻlarni ajratish;
mahalliy va xorijiy boshqaruvchi, maslahatchilarni (PMC — Project Management Consultancy) tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali jalb qilish huquqi beriladi.
4. Belgilansinki:
a) Kompaniyaning faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda mahalliy va xorijiy maslahatchilarni jalb qilish xarajatlari Dastur doirasida ajratilgan mablagʻlarning 1 foizdan kam boʻlmagan qismi hisobidan amalga oshiriladi;
b) Dastur doirasida avvalgi yillarda boshlangan yildan-yilga oʻtuvchi obyektlar boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari bajaradi;
v) obyektlar boʻyicha minimal reyting talablarini toʻgʻri belgilash maqsadida ularning boshlangʻich qiymati Kompaniya tomonidan xarid qilinadigan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarning loyiha-smeta hujjatlaridagi qiymati bilan birga hisoblanadi;
g) obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlari tanlovi uchun “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining elektron tender platformasida:
eʼlon shartlarini belgilashda markazlashgan tartibda xarid qilinadigan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalar hajmi va qiymati Kompaniyaning xarajatlarini inobatga olgan holda alohida qator bilan joylashtiriladi;
joylashtirilgan eʼlonlarda obyektlarning boshlangʻich qiymatidan Kompaniya tomonidan xarid qilinadigan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarning loyiha-smeta hujjatlaridagi qiymati ayriladi. Bunda, bosh pudratchining toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatga hisoblangan xarajatlari summasi toʻliq saqlanadi;
d) obyektlar hududidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini koʻchirish, shuningdek, ichimlik va oqova suv taʼminoti, elektr, gaz va aloqa tarmoqlarini tortib kelish tadbirlari tegishliligi boʻyicha “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻzbektelekom” AK tomonidan mahalliy budjetlarda ushbu maqsadlarga moʻljallangan mablagʻlar hamda ularning qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni loyihalashtirish, qurilish-montaj va moliyalashtirish ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Bosh prokuror oʻrinbosari S.I. Samadov Dastur doirasida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
7. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar obyektlarni qurish boʻyicha oʻtkazilgan tajriba-sinov samaradorligi tahlili natijalaridan kelib chiqib:
zaruratga koʻra mazkur amaliyotni ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida boshqa soha obyektlariga nisbatan joriy etish;
budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga oid qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilish uchun masʼul va shaxsan javobgar etib qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sh.S. Hidoyatov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, vazifalar ijrosiga masʼul vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-fevral,
PQ-65-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-fevraldagi PQ-65-son qaroriga 1-ILOVA
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablar qurilishi ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha
RESPUBLIKA ShTABI TARKIBI
Izoh: Respublika shtabi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-fevraldagi PQ-65-son qaroriga 2-ILOVA
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarni loyihalashtirish, qurilish-montaj va moliyalashtirish ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha
ChORA-TADBIRLAR REJASI
