Amaldagi diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish toʻgʻrisida
18.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gretsiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 20 oktabrda 4526-GR-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlarining ikki tomonlama munosabatlarini faollashtirish istagida,
mavjud doʻstona munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini hisobga olib, bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boʻlgan fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududiga sayohatini osonlashtirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
(1) Amaldagi Gretsiya diplomatik pasportlariga ega boʻlgan, Gretsiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasalariga tayinlanmagan yoxud Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan xalqaro tashkilotlardagi Gretsiya Respublikasining vakili boʻlmagan Gretsiya Respublikasi fuqarolari har qanday bir yuz sakson (180) kunlik muddat ichida toʻqson (90) kundan ortiq boʻlmagan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish, tranzit oʻtish, unda boʻlish va undan chiqib ketish uchun viza talablaridan ozod qilinadi.
(2) Amaldagi Oʻzbekiston diplomatik pasportlariga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining Gretsiya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasalariga tayinlanmagan yoxud Gretsiya Respublikasida joylashgan xalqaro tashkilotlardagi Oʻzbekiston Respublikasining vakili boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari har qanday bir yuz sakson (180) kunlik muddat ichida toʻqson (90) kundan ortiq boʻlmagan muddatga Gretsiya Respublikasi hududiga kirish, tranzit orqali oʻtish, unda boʻlish va undan chiqib ketish uchun viza talablaridan ozod qilinadi.
(3) Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ishlash uchun ruxsatnoma talab qilinadigan haq toʻlanadigan faoliyatni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-modda
(1) Mazkur Bitim har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan ushbu Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududidagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasalariga tayinlangan yoki ushbu Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xalqaro tashkilotlardagi vakillari hisoblangan fuqarolarini qabul qiluvchi davlat hududiga kelishidan oldin akkreditatsiya qilish uchun viza olish talabidan ozod qilmaydi.
(2) Mazkur Bitim (1)-bandda koʻrsatilgan shaxslarning oila aʼzolari boʻlgan, ularning uy xoʻjaliklarining bir qismi hisoblangan va amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan aʼzolarini qabul qiluvchi davlat tomonidan ularning hududiga kelishidan oldin viza olish talabidan ozod qilmaydi.
(3) Qabul qiluvchi davlat mazkur moddaning (1) va (2)-bandlarda koʻrsatilgan vizalarni milliy qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtiradi.
3-modda
Mazkur Bitimning (1) va (2)-moddalarida qayd etilgan shaxslar boshqa Tomon davlati hududiga xalqaro yoʻlovchi tashish uchun ochiq boʻlgan barcha chegara punktlari orqali kirish, tranzit oʻtish va undan chiqib ketishlari mumkin.
4-modda
Mazkur Bitim yuqoridagi 1 va 2-moddalarda qayd etilgan shaxslarning qabul qiluvchi davlat qonunlarini hurmat qilish majburiyatiga daxl qilmaydi.
5-modda
Mazkur Bitim Tomon davlatlaridan birining vakolatli organlarining oʻz davlatlari hududiga kirish va yashash uchun nomaqbul deb topilgan yoki amaldagi shartlarga javob bermagan shaxslarga kirishni rad etish yoki unda boʻlib turishlarini taqiqlash huquqiga daxl qilmaydi.
6-modda
(1) Tomonlar diplomatik kanallar orqali oʻzlarining diplomatik pasportlari namunalarini bir Tomon boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali 10-moddaga muvofiq oʻzining tegishli ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnomani olgan kundan soʻng oʻttiz (30) kun ichida almashadilar.
(2) Tomonlardan biri diplomatik pasportlarga oʻzgartirishlar kiritgan taqdirda, ushbu Tomon boshqa Tomonni oʻzgartirilgan pasport namunalarini ular joriy etilishidan kamida oʻttiz (30) kun oldin yuborgan holda diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladi. Tomonlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tomonidan tavsiya etilgan mashina oʻqiydigan biometrik yoʻl hujjatlari uchun standartlarni qoʻllaydilar.
(3) Tomonlar diplomatik pasportlar berish boʻyicha milliy qonunchiligidagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini kechiktirmasdan xabardor qiladilar.
(4) Tomonlar oʻz davlatlari fuqarolarining diplomatik pasportlarini yoʻqotish, oʻgʻirlash yoki haqiqiy emas deb topish holatlari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bir-birlarini kechiktirmasdan xabardor qiladilar.
7-modda
(1) Har bir Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibi yoki sogʻliqni saqlash nuqtai nazaridan ushbu Bitimning bajarilishini toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyishi mumkin.
(2) Mazkur Bitimning bajarilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan Tomon boshqa Tomonni bunday toʻxtatib turish toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bunday chora kuchga kirishidan kamida oʻn besh (15) kalendar kuni oldin yozma ravishda xabardor qiladi.
(3) Mazkur Bitimning bajarilishini toʻxtatib turish ushbu Bitimning 1 va 2-moddalarida koʻrsatilgan boshqa Tomon davlati hududida boʻlgan har qanday Tomon fuqarolarining huquqlariga taʼsir qilmaydi.
(4) Mazkur Bitimni bajarilishini toʻxtatib turishni tugatish toʻgʻrisida boshqa Tomon diplomatik kanallar orqali bunday chora kuchga kirishidan kamida yetmish ikki (72) soat oldin yozma ravishda xabardor qilinadi.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin. Har qanday oʻzgartirishlar ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun 10-moddada nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
9-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali hal qilinadi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali tegishli davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida xabardor qilgan oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan soʻng oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga amal qiladi. Tomonlardan har biri istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga yozma xabarnoma yuborish orqali uni tugatishi mumkin. Tugatish boshqa Tomon bunday xabarnomani olgan kundan boshlab toʻqson (90) kun ichida kuchga kiradi.
Nʼyu-York shahrida 2023-yil 18-sentabrda ikki nusxada, har biri ingliz tilida tuzildi, bunda ikkala matn teng autentikdir.
(imzolar)
