3-modda. Pedagogning maqomi
Pedagogning maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-901-son) · Sana: 01.02.2024 · Amalda
Taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan jismoniy shaxs pedagogdir.
Oʻzbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinadi. Pedagoglarning oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar beriladi.
Pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻladi.
Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxati tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Taʼlim tizimida ishlayotgan pedagogning kasbiy darajasiga doir talablar Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida hamda pedagogning kasbiy standartlarida belgilanadi.
Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, pedagogik oliy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarga qayta tayyorlash kurslaridan oʻtganidan keyin taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilishi mumkin.
Zarurat boʻlganda professional taʼlim tashkilotlari ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini, shuningdek tegishli bilim hamda amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan, oliy maʼlumoti boʻlmagan boshqa mutaxassislarni amaliy va qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtkazish uchun jalb etishi mumkin.
Ishlab chiqarish taʼlimi ustalari qayta tayyorlash kurslaridan oʻtmasdan professional taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga haqli.
