15-modda. Pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga oid cheklovlar
Pedagogning maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-901-son) · Sana: 01.02.2024 · Amalda
Quyidagi shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari boʻlgan shaxslar;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar.
Pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlikka oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning bir yil muddat davomida quyidagi taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari;
professional taʼlim tashkilotlari;
bolalar uchun qoʻshimcha taʼlim tashkilotlari.
Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlarga qabul qilish man etiladi.
Pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
