Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-39-son)
23.01.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2023-yil 18-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab, qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Savdo-sanoat palatasi, Soliq qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning 2024-yil 1-fevraldan boshlab qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash va qoʻshimcha ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini (keyingi oʻrinlarda — reyting) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
a) reyting doirasida tadbirkorlik subyektlari quyidagi toifalarga ajratiladi:
“AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
“VVV”, “VV” va “V” toifalar — oʻrta barqarorlik reytingi;
“SSS”, “SS” va “S” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
“D” toifa — quyi barqarorlik reytingi;
b) reyting Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida (keyingi oʻrinlarda — platforma) idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi;
v) yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Jamoatchilik kengashi) taklifiga asosan har yili 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga tavsiya etiladi.
3. Savdo-sanoat palatasi Soliq qoʻmitasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda reyting koʻrsatkichlari mezonlari boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqib, uning soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin.
4. Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi ragʻbatlantirish choralari joriy etilsin:
a) “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno), shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) bir kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi. Mazkur tartib tadbirkorlik subyektini qayta tashkil etish natijasida huquqiy vorisda hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasiga nisbatan tatbiq etilmaydi;
v) “A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlariga soliqlar boʻyicha (qoʻshilgan qiymat soligʻi bundan mustasno) mavjud ortiqcha toʻlov summasini qaytarish uch kun muddatda amalga oshiriladi;
g) “BBB” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini oʻzaro hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur qarorning 4-bandida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish choralari davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi;
2024-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi, bundan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, soliq toʻlovchiga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish mustasno.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim qilishning yangilangan tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Platformaning 2024-yil 1-fevraldan toʻliq ishga tushirilishini taʼminlash maqsadida:
Oliy sud oʻzining axborot tizimlari platformaga integratsiya qilinishini taʼminlasin;
Soliq qoʻmitasi Savdo-sanoat palatasiga platformadan foydalanish huquqini bersin;
Savdo-sanoat palatasi reyting maʼlumotlarini hamda kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor javob berilishini monitoring qilib borsin va maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlasin.
7. Jamoatchilik kengashining quyidagi takliflari maʼqullansin:
Jamoatchilik kengashi aʼzolarini hududlar va sohalarga biriktirgan holda, 2024-yilning I choragida tadbirkorlik subyektlariga reyting tizimi va uning imkoniyatlarini oʻrgatish boʻyicha seminarlar oʻtkazish;
har hafta mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikri va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shoular, munozaralar, brifinglar, savol-javoblar, videoroliklar va boshqa targʻibot tadbirlarini tashkil etish;
reyting natijalarini hududlar, sohalar va toifalar kesimida har chorakda Jamoatchilik kengashida muhokama qilish va aniqlangan tizimli muammolarni hal etish boʻyicha takliflarni kiritib borish.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini yuritish tartibini tasdiqlasin.
9. Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini yoritish va uni joriy etishning tashkiliy masalalarini hal etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Savdo-sanoat palatasi Soliq qoʻmitasi va Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda:
a) har hafta tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, oʻrta, qoniqarli va quyi barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlarining reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha ularga tizimli ravishda amaliy yordam koʻrsatib borsin;
b) har chorakda:
yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlari faoliyati toʻgʻrisida videoroliklar va tashviqot materiallarini tayyorlab, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borsin va mahallalarda targʻibot tadbirlarini amalga oshirsin;
yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlari ishtirokida umumiy, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun oʻquv kurslari va mahorat darslarini tashkil qilsin;
v) har yili reyting koʻrsatkichlari mezonlari va ularni baholash metodikasini reyting natijalarining xolisligini taʼminlash nuqtai nazaridan Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida tahlil qilib, ularni takomillashtirib borsin.
11. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritsin.
12. Soliq qoʻmitasi Savdo-sanoat palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 23-yanvar,
PQ-39-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PQ-39-son qaroriga ILOVA
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini yoritish va uni joriy etishning tashkiliy masalalarini hal etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
