“Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Tashkulovning javobi haqida (3857-IV-son)
26.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Tashkulov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibini, shu jumladan ekspertlarning huquq va majburiyatlarini, ekspertiza metodlarini, normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy jihatdan baholash mezonlarini, huquqiy xulosaga qoʻyilgan talablarni, ekspertiza oʻtkazish muddatlarini hamda boshqalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-dekabr,
3857-IV-son
