Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyatini raqamlashtirish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish toʻgʻrisida (3861-IV-son)
26.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) qonun ijodkorligi, parlament nazorati, saylovchilar bilan muloqot qilish, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasi Kengashining 2023-yil 24-iyuldagi 3373-IV-sonli Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Oʻtgan davrda ushbu chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar doirasida Qonunchilik palatasi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator ishlar bajarildi.
Jumladan, Qonun ijodkorligi avtomatlashtirilgan tizimi (qonun.gov.uz) doirasida norma ijodkorligining muhim bosqichlari avtomatlashtirilib, qonun loyihasining harakatlanishini kuzatib borish va barcha hujjatlarni yagona elektron bazada saqlash imkoniyati yaratildi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali elektron shaklda kiritish va qabul qilingan qonunlarni mazkur tizim orqali Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborish tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti takomillashtirilib, unda saylovchilar tomonidan deputatlarga onlayn murojaat qilish, fuqarolarning xalq vakillari qabuliga yozilish imkoniyati yaratildi.
Qonunchilik palatasi va uning organlari qarorlarini elektron tarzda rasmiylashtirish uchun “e-qaror.gov.uz” tizimida roʻyxatdan oʻtish ishlari amalga oshirildi.
Qonunchilik palatasining faoliyatini raqamlashtirish borasida koʻrilayotgan bu kabi chora-tadbirlar uning ishi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga mazkur yoʻnalishda hujjatlarning integratsiyasini va sifatini yaxshilash, ijro intizomi nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili Qonunchilik palatasi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni yanada jadallashtirish lozimligini, ishga tushirilgan elektron axborot tizimlarini bugungi kun talablari asosida takomillashtirib borish zarurligini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-76-sonli Farmoniga muvofiq hozir hukumat va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga toʻliq oʻtkazilmoqda.
Bu Qonunchilik palatasining qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan qonun loyihalari va hujjatlar almashinuvini raqamlashtirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazishni taqozo etmoqda.
Qonunchilik palatasi va uning organlari qarorlarini, deputat soʻrovlarini elektron tarzda rasmiylashtirish, deputatlarning masofadan turib ham ishlash, elektron arxivdagi hujjatlarni tizimlashtirilgan holda saqlash, mobil versiya orqali hujjatlarni imzolash imkoniyatini yaratish maqsadida Qonunchilik palatasi faoliyatida ham “edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimini joriy etish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan bugungi kunda “project.gov.uz” portalining yangi versiyasi yaratilmoqda. Unda qonun loyihasini ishlab chiqish, kelishish, muhokama qilish jarayonlari, qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirish, qonun loyihasiga doir tahliliy va statistik maʼlumotlarni taqdim etish imkoniyatlari nazarda tutilmoqda. Shunga koʻra, Qonunchilik palatasida ham qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha jarayonlarini ushbu tizimi orqali (project.gov.uz) amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytini deputatlar faoliyati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olish hamda koʻrilayotgan qonun loyihalari boʻyicha takliflar yuborish imkoniyatini nazarda tutgan holda takomillashtirish, yangi ruknlar bilan toʻldirish lozim.
Bundan tashqari qonun loyihalarini Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti hamda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) orqali jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirish imkoniyati mavjudligi sababli qonun loyihalari muhokamasini fuqarolar bilan Internet portalida masofaviy tarzda muhokama qilish hamda takliflarni olish boʻyicha alohida axborot tizimini (kraudsorsing platformasi) yaratishga ehtiyoj yoʻqligi maʼlum boʻldi.
Oʻtkazilgan tahlillar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga (project.gov.uz) hamda “edo.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimiga oʻtilishi tufayli Qonunchilik faoliyatining elektron hujjat aylanish (EHA) tizimiga hujjatlarni kiritish hamda tahrir qilish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish boʻyicha onlayn tizimini yaratish maqsadga muvofiq emasligini koʻrsatmoqda.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami hamda ularni sifatli tashkil etish zarurati Qonunchilik palatasi faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan muddatlarni qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2023-yil 24-iyuldagi 3373-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga “project.gov.uz” portali orqali elektron shaklda kiritish va Senatga yuborish tartibi yoʻlga qoʻyilganligi, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida deputatlarga onlayn murojaat qilish, ularning qabuliga yozilish imkoniyati yaratilganligi, qarorlarni elektron rasmiylashtirish uchun “e-qaror.gov.uz” tizimida roʻyxatdan oʻtish ishlari amalga oshirilganligi, Qonunchilik palatasi arxivini 2024 — 2026-yillarda raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining faoliyatini raqamlashtirishga doir ishlarni yanada samarali tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi (bundan buyon matnda chora-tadbirlar rejasi deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni (B. Radjabov):
Qonunchilik palatasi faoliyatida “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimini 2024-yil 1-yanvarga qadar sinov shaklida ishga tushirish hamda 2024-yil 1-fevraldan boshlab Qonunchilik palatasi faoliyatida barcha hujjatlar almashinuvini ushbu tizim orqali yoʻlga qoʻyish;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichlarini “project.gov.uz” portali orqali amalga oshirish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2023-yil 24-iyuldagi 3373-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni rahbari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi B. Radjabov hamda Axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish boʻlimi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi A. Ismoilov:
chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar etib belgilansin;
tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qonunchilik palatasining faoliyatini raqamlashtirish ishlarini yakunlash choralarini koʻrsin;
chora-tadbirlar rejasining bajarilishi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga axborot kiritib borsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-dekabr,
3861-IV-son
