Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida (32-son)
18.01.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-300-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, milliy estrada sohasini yanada rivojlantirish, estrada yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan xonandalarni qoʻllab-quvvatlash, yosh isteʼdodlarni izlab topish va munosib ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-300-son qarorida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotini taʼsis etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Estrada yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan isteʼdodli yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti taʼsis etilsin.
3. Quyidagilar:
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotiga taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti (keyingi oʻrinlarda — mukofot) estrada yoʻnalishida nom qozongan ijodkorlarning hayoti va ijodini oʻrganish, ularning asarlarini ijro qilish, shu asosda yangi asarlar yaratish kabi jarayonlarda yuqori natijalarga erishgan ijodkorlar, shu jumladan, oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarga tanlov asosida beriladi;
b) mukofot uchun tanlovni yuqori saviyada oʻtkazishga Madaniyat vazirligi — masʼul tashkilot, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Eshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi — hamkor tashkilotlar hisoblanadi;
v) mukofot bilan taqdirlash har yili Botir Zokirov tavallud topgan sana — 26-aprelda “Xotira kechasi” tadbirlari doirasida amalga oshiriladi.
5. Madaniyat vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti bilan taqdirlash dasturini har yili 1-aprelga qadar ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi uch oy muddatda Madaniyat vazirligi buyurtmasiga binoan shartnoma asosida mukofot statuetkasi eskizi loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Tashkiliy qoʻmitaga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-yanvar,
32-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-yanvardagi 32-son qaroriga 1-ILOVA
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotiga taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
1. O. Nazarbekov — Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, Oʻzbekiston xalq artisti, Tashkiliy qoʻmita raisi 2. R. Abdullayev — Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi 3. S. Saidov — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri 4. A. Nuridinov — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Oʻzbekiston xalq rassomi 5. F. Zokirov — Estrada xonandasi, Oʻzbekiston xalq artisti 6. N. Abdullayeva — Estrada xonandasi, Oʻzbekiston xalq artisti 7. G. Yakubov — Estrada xonandasi, Oʻzbekiston xalq artisti 8. J. Piyazov — Estrada xonandasi, Oʻzbekiston xalq artisti 9. M. Toirov — Oʻzbekiston xalq shoiri 10. D. Omonullayeva — Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, bastakor 11. K. Oʻrinboyev — Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist 12. A. Mansurov — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti rektori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi 13. Sh. Toxtasimov — Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori 14. A. Mullaxonov — Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri direktori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist 15. T. Qoʻziyev — Sozanda, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist 16. B. Abdulpattayev — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlimi boshligʻi 17. S. Erdanov — “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi direktor oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita masʼul kotibi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan xodimlar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-yanvardagi 32-son qaroriga 2-ILOVA
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom milliy estrada sanʼati asoschilaridan biri Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov ijodiy merosini keng targʻib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyatini aks ettiradigan Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti (keyingi oʻrinlarda — mukofot) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Mukofotga estrada yoʻnalishidagi ijodkorlar hayoti hamda ijodini oʻrganish, ularning asarlarini ijro qilish, shu asosda yangi asarlar yaratish kabi jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan ijodkorlar va oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlar orasidan nomzodlar koʻrsatilishi mumkin.
3. Mukofotga nomzodlar Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotiga taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) xulosasi hamda keng jamoatchilik tanlovi asosida tanlab olinadi.
Tashkiliy qoʻmita jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) hisoblanadi.
Ishchi organ tomonidan nomzodlar haqida taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilib, mukofotga tavsiya etish boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Tashkiliy qoʻmita qarori yigʻilish bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
4. Mukofot uchun nomzodlarni tanlab olish quyidagi nominatsiyalar asosida tashkil etiladi:
1) “Eng yaxshi xonanda”;
2) “Eng yaxshi bastakor va kompozitor”;
3) “Eng yaxshi ijodkor va tashabbuskor”.
Mazkur nominatsiyalar roʻyxatiga Tashkiliy qoʻmitaning tegishli tavsiyasiga koʻra qoʻshimcha nominatsiyalar ham kiritilishi mumkin.
5. Mukofot nominatsiyalari boʻyicha maʼlumotlar har yili 1-fevralga qadar Madaniyat vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinadi.
6. Nomzodlarni koʻrib chiqish va tanlab olish quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — oʻtgan yil davomida Botir Zokirov ijodiga murojaat qilib, uning asarlarini muxlislarga havola etib kelgan sanʼatkorlar (xonandalar, opera ijrochilari), estrada yoʻnalishida faol ijod qilgan va qoʻshiqlari ommalashgan bastakor, kompozitorlar, rangtasvir sanʼati bilan eʼtirofga sazovor boʻlgan rassomlar, buyuk sanʼatkor ijodini keng targʻib qilishga hissa qoʻshgan ijodkorlar, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish borasida munosib tashabbus koʻrsatgan faol insonlar ijodidan kelib chiqqan holda nomzodlarni koʻrib chiqish va tanlab olish Tashkiliy qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi;
ikkinchi bosqich — Tashkiliy qoʻmita xulosasiga asosan eng yuqori baholangan ijodkorlar jamoatchilik tanlovidan oʻtkaziladi.
7. Tanlov mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
2-bob. Nomzodlarning saralash bosqichlarini muvofiqlashtirish
8. Saralash bosqichlarini tashkil etish uchun mos ravishda Tashkiliy qoʻmita faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
9. Quyidagilar Tashkiliy qoʻmitaning vazifalari hisoblanadi:
nomzodlarni saralash bosqichlarini oʻtkazish sanasi va joyini belgilash hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish;
saralash bosqichlarining mazkur Nizom talablari asosida oʻtkazilishini taʼminlash;
saralash bosqichlari oʻtkazilishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish;
saralash bosqichlari natijalari asosida nomzodlarni koʻrib chiqish uchun yuqori turuvchi organlarga taqdim etish.
10. Saralash tadbirlarining adolatli va shaffof oʻtkazilishi Madaniyat vazirligiga yuklanadi.
3-bob. Mukofot bilan taqdirlash uchun nomzodlarni tanlab olish mezonlari
11. Mukofot bilan taqdirlash uchun tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
sanʼatkorning (xonandalar, opera ijrochilari) oʻtgan yil davomida Botir Zokirov ijodiga murojaat qilib, uni muxlislarga havola etib kelganligi;
Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qoʻshiqchilari tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etganligi;
yurtimiz va jahon miqyosidagi koʻrik-tanlov hamda festivallarda yuqori oʻrinlarni egallaganligi;
oʻzbek sanʼati va madaniyatini dunyo sahnalarida muntazam ravishda muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotganligi;
Botir Zokirov ijodini turli mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilikka targʻib qilganligi;
madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish borasidagi tashabbuskorligi;
xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, mustaqillik gʻoyalarini, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-maʼrifiy islohotlar mohiyatini sanʼat vositasida targʻib etishga xizmat qilayotgan yuksak darajada yaratilgan ijodiy asarlari;
yil davomida ijodiy asarlari ommalashganligi;
yuksak badiiy did bilan yondashgan holda musiqa asarlari yaratganligi.
4-bob. Mukofotga nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish tartibi
12. Sanʼat sohasidagi ijodkorlar (nomzod) oʻzi (qonuniy vakili) yoki faoliyat yuritayotgan tashkiloti orqali har yili 10-fevralga qadar arizalarni belgilangan tartibda ishchi organga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi (anketa);
maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) nusxasi (mavjud boʻlsa);
nomzodga berilgan ijodiy tavsifnoma (tasdiqlangan);
ommaviy axborot vositalarida nomzodning Botir Zokirov haqida tayyorlagan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlari yoki mamlakatimizda va chet ellarda chop etilgan maqolalari havolasi (mavjud boʻlsa);
nomzodning ijodiy ishlari, faoliyati va erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi hujjatlar (mualliflik asarlari yoki repertuar roʻyxati, video va audio albomlari, qoʻshiqlari).
Belgilangan muddatdan kech taqdim etilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.
13. Taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomga muvofiq ishchi organ tomonidan har yili 20-fevraldan 1-martga qadar oʻrganiladi hamda koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun hujjatlar Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etiladi.
14. Tashkiliy qoʻmita har yili 10-martdan 15-martga qadar har bir nominatsiya boʻyicha eng yuqori natijalarga erishgan uch nafar nomzodni saralaydi.
15. Tashkiliy qoʻmitaning tegishli qarori bilan mukofotga munosib deb topilgan uch nafar nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik orasida ovoz berilishi uchun joylashtiriladi.
Har bir nominatsiya boʻyicha nomzodlarga jamoatchilik tomonidan berilgan jami ovozlar soni inobatga olinib, Tashkiliy qoʻmitaning yakuniy xulosasiga qoʻshiladi va natijalar umumlashtiriladi.
16. Ovoz berish jarayoni ijtimoiy tarmoqlarda har yili 20-martdan 20-aprelga qadar oʻtkaziladi.
17. Ishchi organ Tashkiliy qoʻmita xulosasi va jamoatchilikning ovoz berish natijalarini umumlashtiradi.
18. Mukofotga munosib deb topilgan nomzodlar mukofotni tantanali topshirish marosimiga qadar jamoatchilikka eʼlon qilinmaydi.
19. Nomzodlarning umumiy natijalari teng boʻlib qolgan holatda Tashkiliy qoʻmita raisi hal qiluvchi ovozga ega.
20. Mukofotga sazovor boʻlgan ijodkorlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan moddiy ragʻbatlantiriladi va ularga mukofot maxsus statuetkasi hamda sertifikat topshiriladi.
5-bob. Taqdirlash marosimini tashkil etish va oʻtkazish
21. Gʻoliblarni taqdirlash va mukofotni topshirish marosimi har yili Botir Zokirov tavallud sanasi — 26-aprel kuni Toshkent shahrida “Xotira kechasi” tadbiri doirasida oʻtkaziladi.
22. Mukofot bilan taqdirlanadigan madaniyat va sanʼat vakillari roʻyxati respublika ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizom talablari buzilishi boʻyicha kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti bilan taqdirlash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Madaniyat vazirligi Mukofot nominatsiyalari boʻyicha maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qiladi Har yili 1-fevralgacha 2-bosqich Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar yoki nomzodlar Tegishli hujjatlarni ishchi organga taqdim etadi Har yili 10-fevralgacha 3-bosqich Ishchi organ (“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi) Taqdim etilgan nomzodlar hujjatlarini oʻrganadi hamda tegish�i qaror qabul qilish uchun hujjatlarni Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etadi Har yili 20-fevraldan 1-martga qadar 4-bosqich Tashkiliy qoʻmita Taqdim etilgan nomzodlarni saralaydi Har yili 10-martdan 15-martga kadar 5-bosqich Madaniyat vazirligi Har bir nominatsiya boʻyicha eng yuqori natijalarga erishgan 3 nafar nomzodlar roʻyxatini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiradi Har yili 20-martdan 20-aprelga qadar 6-bosqich Ishchi organ (“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi) Tashkiliy qoʻmita xulosasi va jamoatchilikning ovoz berish natijalarini umumlashtirgan holda, gʻoliblarni aniqlaydi Har yili 20-apreldan 25-aprelga qadar 7-bosqich Madaniyat vazirligi Gʻoliblar Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrugʻi asosida mukofotlanadi Har yili 26-aprelda
