Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida (KQ-652-IV-son)
29.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan vakolatlarni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini yaratish va qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 29-dekabr,
KQ-652-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 29-dekabrdagi KQ-652-IV-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi (bundan buyon matnda Tartib deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) tomonidan qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kiritish tartib-taomillarini belgilaydi.
3. Qonunchilik takliflari qonun loyihasi yoki asoslantirilgan tahliliy hujjat shaklida kiritiladi.
2-bob. Qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va Qonunchilik palatasiga kiritish
4. Qonunchilik takliflari Senat qoʻmitalari tomonidan oʻz tashabbusi bilan va Senatning, Senat Kengashining topshirigʻiga binoan ishlab chiqiladi (bundan buyon matnda Qonunchilik takliflarini tayyorlash deb yuritiladi).
Qonunchilik takliflari bir nechta Senat qoʻmitalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilishi mumkin.
Qonunchilik takliflarini tayyorlash uchun quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni qonun yoʻli bilan tartibga solish zarurati;
parlament nazorati tadbirlari, shu jumladan joylardagi ishlarning holatini oʻrganish natijalari;
huquqni qoʻllash amaliyotida vujudga kelayotgan muammolar, qonunlar normalari oʻrtasidagi ziddiyatlar;
Senat qoʻmitalari tomonidan oʻtkazilgan konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlarda ilgari surilgan takliflar va tavsiyalar;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻida eʼlon qilingan materiallar, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlaridan kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish natijalari.
Qonunchilik takliflarini tayyorlash uchun boshqa masalalar ham asos boʻlishi mumkin.
5. Qonunchilik takliflarini tayyorlash va koʻrib chiqish:
qonunchilik takliflarini tayyorlash toʻgʻrisidagi taklifni koʻrib chiqish va uni tayyorlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishni;
zarur materiallar va axborot toʻplashni;
qonunchilik takliflarining konsepsiyasini ishlab chiqishni;
qonunchilik taklifi matnini tayyorlashni;
qonunchilik taklifi qonun loyihasi shaklida ishlab chiqilganda qonun loyihasining konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati, taqqoslash jadvali, Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida tegishli xalqaro tajriba qoʻllanilishining maqbulligi koʻrsatilgan qiyosiy jadval tayyorlash;
qonunchilik taklifi matnini Senat qoʻmitalari, Senat devoni tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishishni (zarur hollarda qonunchilik taklifi davlat organlari bilan kelishilishi mumkin);
huquqiy va boshqa zarur ekspertiza oʻtkazishni;
qonunchilik taklifining maromiga yetkazilgan matnini koʻrib chiqish uchun Senat Rahbariyatiga kiritishni;
qonunchilik takliflarini Senat Kengashiga kiritish va majlisida koʻrib chiqishni oʻz ichiga oladi.
6. Qonunchilik takliflarini ishlab chiqishga tayyorgarlik koʻrish tartibi Senat qoʻmitasining raisi tomonidan belgilanadi.
7. Qonunchilik takliflarini ishlab chiqish uchun Senat qoʻmitasi tomonidan ishchi guruh tashkil etiladi.
Ishchi guruh tarkibiga senatorlar, masʼul qoʻmita kotibiyati xodimlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, davlat organlari, ekspertlar, mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari kiritilishi mumkin.
Ishchi guruh aʼzolari qonunchilik taklifini tayyorlash uchun zarur boʻlgan tegishli bilim va tajribaga ega boʻlishlari kerak.
8. Senat qoʻmitasining raisi yoki Senatning tegishli qoʻmitasi aʼzosi — senator ishchi guruh rahbari boʻladi.
Ishchi guruh rahbari ishchi guruhning har bir aʼzosi uchun ish doirasini belgilab beradi.
9. Ishchi guruh qonunchilik takliflarini tayyorlash maqsadida quyidagilarni amalga oshiradi:
qonunchilikning holatini, qonunchilik taklifida ifodalangan normalarning tartibga solish predmeti boʻyicha qoʻllanish amaliyotini oʻrganadi;
ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan boʻshliqlar va ziddiyatlarni, shuningdek, huquqiy jihatdan tartibga solishga boʻlgan ijtimoiy ehtiyojni, qonunchilikning samaradorligiga taʼsir koʻrsatuvchi sabablar va sharoitlarni aniqlaydi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek, ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar va mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari maʼlumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;
zarur materiallar va axborotni toʻplaydi;
milliy qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazadi, ilgʻor xorijiy mamlakatlarning tajribasini tahlil qiladi;
qonunchilik takliflarining konsepsiyasini ishlab chiqadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik va boshqa xulosalarni, statistik va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
qonunchilik takliflarining matnini tayyorlaydi;
qonunchilik taklifi qonun loyihasi shaklida ishlab chiqilganda qonun loyihasining konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati, taqqoslash jadvali, Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida tegishli xalqaro tajriba qoʻllanilishining maqbulligi koʻrsatilgan qiyosiy jadvalini tayyorlaydi;
qonunchilik takliflarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
10. Ishchi guruh amalga oshiriladigan ishlarning hajmiga qarab kichik guruhlarga boʻlinishi mumkin. Ishchi guruh rahbari ishchi guruh aʼzolari orasidan kichik guruh rahbarini tayinlaydi. Har bir kichik guruh oʻz ishining natijalari haqida alohida maʼlumotnoma tayyorlaydi. Kichik guruhlar tayyorlagan maʼlumotnomalar asosida umumiy maʼlumotnoma tuziladi.
11. Ishchi guruh tomonidan tayyorlangan materiallar ishchi guruh rahbari va uning aʼzolari tomonidan imzolanadi.
12. Qonunchilik takliflarini tayyorlash uning konsepsiyasini ishlab chiqishdan boshlanadi.
Konsepsiyada quyidagilar belgilanishi kerak:
huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy gʻoyasi, maqsadi va predmeti;
tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning mazkur sohada amalda boʻlgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tahlili ilova qilingan holdagi umumiy tavsifi va holatiga berilgan baho;
qonunchilik taklifini ishlab chiqish zaruriyati asoslari;
qonunchilik taklifining asosiy qoidalari.
13. Qonunchilik takliflarini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining prinsiplari va normalari hisobga olinadi, shuningdek, boshqa davlatlar tajribasi oʻrganiladi.
14. Ishchi guruh tomonidan tayyorlangan konsepsiya asosida qonunchilik taklifi matni tayyorlanadi.
15. Ishchi guruh tomonidan qonunchilik taklifi tayyorlanganidan soʻng mazkur masala tegishli Senat qoʻmitasi majlisida muhokama etiladi.
Senat qoʻmitasi qonunchilik taklifi boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishni, shu jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining va ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakillari ishtirokida oʻrganishni tashkil etishi mumkin.
16. Qonunchilik taklifi Qoʻmita majlisida muhokama etilganidan keyin uning matni Senat qoʻmitalari, Senat devoni tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishiladi (zarur hollarda qonunchilik taklifi davlat organlari bilan kelishilishi mumkin).
Qonunchilik taklifi matni boʻyicha kelishuv tartib-taomillari amalga oshirilganidan soʻng qonunchilik taklifining matni belgilangan tartibda:
Senat devoni Yuridik boshqarmasi tomonidan oʻn ish kuni ichida huquqiy ekspertizadan;
Senat devoni Nazorat-tahlil boshqarmasining Tarjima va tahrir boʻlimi tomonidan oʻn ish kuni ichida lingvistik va boshqa zarur ekspertizadan oʻtkaziladi.
17. Qonunchilik taklifi zarur ekspertizalardan oʻtkazilib takomiliga yetkazilganidan keyin u yuzasidan Senat Raisiga axborot beriladi.
18. Qonunchilik taklifi Senat Raisi tomonidan koʻrib chiqilganidan soʻng mazkur masala Senat qoʻmitasi majlisida koʻrib chiqiladi va qonunchilik taklifini Senat Kengashi muhokamasiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Qarorda quyidagi masalalar aks ettirilishi lozim:
preambula (qonunchilik taklifini ishlab chiqish uchun qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlarning qisqacha tavsifi, qonunchilik taklifini ishlab chiqish zarurati);
qonunchilik taklifi yuzasidan axborot berishga masʼul boʻlgan senator;
qonunchilik taklifini belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga yuborish toʻgʻrisida tavsiya.
19. Qonunchilik taklifi tegishincha Senat Kengashida muhokama etiladi va uni Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.
Senat Kengashi mazkur masalani muhokama etish yakunlari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qonunchilik taklifini Qonunchilik palatasiga kiritish;
qonunchilik taklifini rad etish;
qonunchilik taklifini maromiga yetkazish uchun tegishli qoʻmitaga qaytarish.
20. Qonunchilik taklifi Qonunchilik palatasiga kiritilayotganda qonunchilik taklifining matni va unga doir hujjatlar, qonunchilik taklifini kiritish toʻgʻrisidagi Senat Kengashining qarori, qonunchilik taklifini koʻrib chiqish chogida ishtirok etadigan senator (vakil) haqidagi maʼlumot taqdim etiladi.
21. Qonunchilik taklifi mazkur taklif Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilguniga qadar chaqirib olinishi mumkin.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Qonunchilik takliflari Senatning, Senat Kengashining topshirigʻiga muvofiq tayyorlanganda masʼul etib koʻrsatilgan senator va u aʼzo boʻlgan Senatning tegishli qoʻmitasi kotibiyati boshqaruv xodimi qonunchilik taklifiga doir materiallar belgilangan muddatlarda tayyorlanishi, qonunchilikka muvofiqligi, unda koʻrsatilayotgan maʼlumotlar asosliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
23. Tartib buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy yoki boshqa javobgarlik choralari qoʻllanilishi mumkin.
24. Tartibga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, uni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish Senat Kengashi qarori asosida amalga oshiriladi.
