Idishlarda qadoqlangan ichimlik va tabiiy mineral suvlarni qayta ishlash va quyish bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun sanitariya qoidalarini (0058-23-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (25-son)
21.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 14-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 224]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Idishlarda qadoqlangan ichimlik va tabiiy mineral suvlarni qayta ishlash va quyish bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun sanitariya qoidalari (0058-23-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2016-yil 25-fevralda tasdiqlangan “Idishlarda qadoqlangan ichimlik va mineral suvlarni qayta ishlash, quyish korxonalari uchun sanitariya qoidalari” (0328-16-son SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-noyabr,
25-son
Kelishildi:
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2023-yil 24-oktabrʼ
Suv xoʻjaligi vaziri Sh. XAMRAYEV
2023-yil 17-noyabr
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2023-yil 21-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2023-yil 31-oktabr
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri L. KUDRATOV
2023-yil 14-noyabr
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari O. QUDRATOV
2023-yil 24-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2023-yil 21-noyabrdagi 25-son qaroriga ILOVA
Idishlarda qadoqlangan ichimlik va tabiiy mineral suvlarni qayta ishlash va quyish bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun sanitariya qoidalari (0058-23-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) idishlarda qadoqlangan ichimlik va tabiiy mineral suvlarni qayta ishlash va quyish bilan shugʻullanuvchi korxonalarning sanitariya-texnik holati, ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarishda mehnat sharoitlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
Mazkur sanitariya qoidalari Kodeks Alimentarius Komissiyasining “Oziq-ovqat mahsulotlari gigiyenasi. Asosiy matnlar” (3 nashr, 2006-yil), “Ichimlik suvlari” (2007-yil) va “Jarayon boʻyicha qoʻllanma” (21 nashr, 2013-yil) asosida ishlab chiqilgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu sanitariya qoidalarida quyidagi atama va tushunchalar qoʻllaniladi:
idishlarda qadoqlangan ichimlik suvi — suv manbasiga bogʻliq boʻlmagan karbonat angidrid miqdori kamida 0,2 g/dm3 boʻlgan, temirli tabiiy mineral ichimlik suvlar uchun temir miqdori kamida 0,4 g/dm3, kimyoviy xavfsizlik koʻrsatkichlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan meʼyorlardan yuqori boʻlmagan, realizatsiya qilinadigan birlamchi qadoqlash idishlariga quyilgan ichimlik suvi;
ishlov berish — suvni tozalash bilan bogʻliq jarayon boʻlib, suvni tozalash yoki qayta tozalash (filtrlash, ionsizlantirish, mikroblarga qarshi ishlov berish va boshqalar), karbonat angidrid bilan toʻyintirish yoki muhim makro va (yoki) mikrokomponentlar bilan boyitishni oʻz ichiga olgan jarayon;
tabiiy mineral ichimlik suvi — antropogen taʼsirlardan himoyalangan suvli qatlamlardan yoki suvli komplekslardan olinadigan, tabiiy kimyoviy tarkibini saqlab qolgan, alohida biologik faol komponentlari (brom, bor, mishyak, umumiy temir, yod, kremniy, organik moddalar, erkin karbonat angidrid) yoki minerallashuvi koʻp miqdorda boʻlgan, davolovchi va profilaktik taʼsirga ega boʻlgan yer osti suvlari;
trigalometanlar — tarkibida galogenlar boʻlgan zararli organik moddalarning (xloroform, bromoform, dibromoxlorid, bromodixlorometan) umumiy miqdori;
xavf — oziq-ovqat mahsulotida mavjud boʻlgan potensial xavf-xatarlarning (biologik, kimyoviy, fizikaviy va boshqa omillar) isteʼmolchilar hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatish ehtimoli;
xavfni baholash — ilmiy maʼlumotlar va usullarga asoslangan holda xavfli omillarning xususiyatlarini aniqlash, taʼsirini baholash va xavfni tavsiflash bosqichlaridan iborat boʻlgan jarayon;
xavfni boshqarish — xavf-xatarlarni va boshqa omillarni baholash natijasida ularni bartaraf qilish maqsadida ogohlantiruvchi choralarni ishlab chiqish va qoʻllash jarayoni;
yer osti suvlari — yer sathidan pastda yer qobigʻining togʻ jinslari qatlamlarida joylashgan suvlar;
er usti suvlari — yer qobigʻining ustida joylashgan suvlar.
2. Xavfni baholashda ishlab chiqarish jarayonining barcha zanjirlaridagi quyish, tashish va saqlash inson salomatligida noxush oqibatlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan boʻlishi kerak.
3. Idishlarga qadoqlangan ichimlik suvini ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish va utilizatsiya qilishga oid majburiy talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-oktabrdagi 861-son qarori bilan tasdiqlangan Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga muvofiq belgilanadi.
2-bob. Korxonalar hududini saqlash, suv taʼminoti va kanalizatsiyasiga qoʻyiladigan sanitariya talablari
4. Suv taʼminoti manbasini tanlash va uning sanitariya jihatdan ishonchliligi SanQvaN 0200-06-son “Oʻzbekiston aholisini markazlashtirilgan xoʻjalik ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun yer usti va yer osti suv manbalari sinflarini aniqlash, gigiyenik baholashning sanitariya qoidalari va normalari” talablariga muvofiq sifatli ichimlik suvi olish imkoniyatini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
5. Suv obyektlarining sanitariya-muhofaza zonasi va sanitariya-himoya mintaqasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Korxona ikkita kanalizatsiya quvurlari tizimi (sanoat chiqindilari uchun va ichki maishiy oqava suvlari (hojatxonalar va dush xonalaridan chiqqan suv uchun) bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Bunda sanoat chiqindilarini toʻplash alohida tizimlar tomonidan amalga oshirilishi va shundan soʻng markazlashtirilgan tarmoqqa chiqarilishi lozim.
7. Ifloslangan sanoat va maishiy chiqindilarning mexanik va biologik tozalash, zararsizlantirish hamda choʻkmaga ishlov berish usullari asosida tozalanmagan holda ochiq suv havzalariga chiqarilishi, shuningdek markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi boʻlmagan hududlarda chiqindilarni yigʻish quduqlarining oʻrnatilishi qatʼiyan man etiladi.
8. Korxonalarni kanalizatsiya oʻrnatilmagan hududlarga joylashtirishda sanoat va maishiy oqava suvlarning alohida-alohida oqimi uchun mahalliy kanalizatsiya tizimi nazarda tutilishi lozim. Korxonada hosil boʻluvchi sanoat oqava suvlarini yigʻish uchun majburiy ravishda gidravlik nasosga ega beton oʻra boʻlishi lozim.
9. Korxonalarda taralar, qurilish va xoʻjalik buyumlari maxsus jihozlangan shiyponli omborlarda asfalt yoki betonlangan maydonlarda saqlanishi kerak.
10. Korxona hududida yaroqsiz idishlarni, singan shisha va chiqindilarni yigʻish va vaqtincha saqlash uchun asfaltlangan yoki betonlangan joylarga chiqindi qutilari yoki konteynerlari oʻrnatilishi zarur.
Bunda polimer, metall, qogʻoz, shisha, tetrapak va boshqa turdagi yaroqsiz idishlarni alohida-alohida qutilarda yigʻish (boshqa turdagi maishiy chiqindilar bilan aralashtirmaslik) talab etiladi.
11. Chiqindi qutilari toʻlishi bilan tozalanishi kerak. Dezinfeksiyalash sovuq mavsumda oyiga kamida bir marta, issiq mavsumda haftasiga kamida bir marta dezinfeksiyalovchi eritma vositasida amalga oshirilishi kerak.
12. Korxona hovlisida joylashgan hojatxonalar doimo toza saqlanishi, har kuni dezinfeksiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirilishi kerak. Hovlida joylashgan hojatxonalarga quruq kukun bilan ishlov berish taqiqlanadi. Hovli hojatxonalari ishlab chiqarish binolaridan kamida 25 metr masofada joylashgan boʻlishi zarur.
3-bob. Ishlab chiqarish obyektlari, xonalar va uskunalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
13. Issiq mavsumda ishlab chiqarish obyektlari va xonalardagi barcha ochiladigan oyna va derazalar hasharotlar kirishidan himoyalash maqsadida metall va polimer toʻrlar bilan himoyalanishi lozim.
14. Umumiy dezinfeksiya suvlarni saqlash uchun rezervuarlardan boshlanib, texnologik jarayon liniyasi boʻylab suvlarni qadoqlarga quyish joylarigacha yiliga kamida bir marta amalga oshiriladi. Agar bakterial ifloslanish aniqlansa, ifloslanish aniqlangan boʻlimlarda navbatdan tashqari dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.
15. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlarini oʻtkazishdan oldin asbob-uskunalarni yaxshilab mexanik tozalash amalga oshiriladi. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya uchun faqat yangi tayyorlangan eritmalar qoʻllanilishi kerak, uning konsentratsiyasi tegishli ishchilar va laboratoriyalar tomonidan nazorat qilinishi lozim.
16. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiyalash vositalari alohida yopiq xonada saqlanishi zarur.
17. Har bir dezinfeksiyalashdan soʻng, foydalanilgan suvning oxirgi qismi bakteriologik nazorat uchun olinishi lozim.
18. Kronenprobkalarni (metal tunukadan yasalgan, idishlarni yopish uchun moʻljallangan tiqin) saqlash va korxona ichida tashish uchun ishlatiladigan inventar va qutilar gigiyenik qoplamaga ega boʻlishi va har hafta 0,5 foizli kalsiylangan soda yoki boshqa dezinfeksiyalovchi vositalarning eritmasi bilan yuvilishi va toza suv bilan chayilishi kerak.
19. Xavfni boshqarish uchun barcha ishlab chiqarish obyektlari va xonalar, shuningdek inventarlar smenadan-smenaga toza holda va tartib bilan oʻtkazilishi lozim.
20. Barcha ishlab chiqarish obyektlari va xonalar, jihozlar va inventarlar ish oxirida nam usulda tozalanishi zarur.
21. Tozalash tugagandan soʻng, barcha tozalash inventarlari suv bilan yuvilishi va dezinfeksiyalovchi eritma bilan zararsizlantirilishi kerak. Ishlab chiqarish obyektlarining tozalash inventarlari tamgʻalanishi va alohida javonlarda saqlanishi kerak. Ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
22. Toza va kir kiyimlar alohida xonalarda saqlanishi lozim.
23. Rakovinalar oldida va hojatxonalarda sovun, qogʻoz sochiq yoki qoʻllarni quritish moslamasi va xalatlar uchun ilgaklar boʻlishi kerak.
24. Unitazlar va pissuarlarni har haftada kamida bir marta texnik xlorid kislota bilan urat kislotasi tuzlaridan tozalash zarur. Hojatxonaga kirishdan oldin oyoq kiyimlarni dezinfeksiyalash uchun dezinfeksiyalovchi eritmada namlangan latta (mato) boʻlishi lozim.
25. Hojatxonalarni tozalash va dezinfeksiya qilish uchun alohida tamgʻalangan maxsus inventarlar (chelak, xokandoz, latta, choʻtkalar va boshqalar) boʻlishi lozim. Hojatxonalarni tozalash inventarlari boshqa maishiy binolarni tozalash inventarlaridan alohida saqlanishi kerak.
26. Turli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarda ichimlik va tabiiy mineral suvlarni boshqa turdagi mahsulotlarni quyish uchun moʻljallangan uskunalar jamlanmasida quyish taqiqlanadi.
4-bob. Tabiiy mineral ichimlik suvi va idishlarda qadoqlangan ichimlik suvi uchun sanitariya-gigiyena talablari
27. Tabiiy mineral ichimlik suvi va idishlarda qadoqlangan ichimlik suvini ishlab chiqarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan belgilangan tartibda foydalanishga yaroqliligi haqida xulosa berilgan markazlashtirilgan, markazlashtirilmagan va avtonom ichimlik suvi manbalari yoki tizimlaridan foydalanish kerak.
28. Qadoqlangan ichimlik suvining ion-tuz, gaz, mikrokomponent tarkibining sifati, xavfsizligi, barqarorligi va oʻziga xos xususiyatlarini (radioaktivlik, harorat, pH qiymati va boshqalar) tekshirish davomida koʻrsatkichlarning mavsumiy oʻzgarishi inobatga olinishi lozim.
29. Qadoqlangan ichimlik suvini qadoqlashdan oldin suv olish punktlarida suvning ion-tuz, gaz, mikrokomponent tarkibi va oʻziga xos xususiyatlarining barqarorligini baholash kamida bir yil muddatga har bir manba uchun alohida oʻtkazilishi kerak.
30. Qadoqlangan ichimlik suvi uchun xomashyo sifatida foydalaniladigan yer osti va yer usti manbalaridan olinadigan tabiiy suv hamda ichimlik suvi taʼminoti tizimidagi suvlar SanQvaN 0211-06-son “Oʻzbekiston aholisining xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti markazlashtirilgan tizimi suvining gigiyenik mezonlari va ular sifatining nazorati” talablariga muvofiq boʻlishi zarur.
31. Yer osti va yer usti manbalaridan olinadigan tabiiy suvni qadoqlash uchun boshqa hududlarga tashishda inson salomatligiga zarar yetkazmaydigan tashuvchi materiallardan foydalanish lozim.
32. Qadoqlangan ichimlik suvini ishlab chiqarishda suvni tozalash yoki qayta tozalash SanQvaN 0200-06-son “Oʻzbekiston aholisini markazlashtirilgan xoʻjalik ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun yer usti va yer osti suv manbalari sinflarini aniqlash, gigiyenik baholashning sanitariya qoidalari va normalari” talablarida belgilangan texnologiyalardan (reagent, reaktivsiz, aralash) foydalaniladi.
33. Qadoqlangan ichimlik suvini qadoqlashdan oldin mikroorganizmlardan tozalash uchun ozonlashdan foydalanish, shuningdek havo va kislorod qoʻshish mumkin. Bunda qoldiq ozonning konsentratsiyasi 0,1 mg/dm3 dan oshmasligi kerak.
34. Qadoqlashdan oldin ichimlik suviga qayta ishlov beriladi. Qayta ishlov berish jarayonida paydo boʻluvchi uchuvchi fenol birikmalarining (xlorfenollar) miqdori bolalar ovqati uchun moʻljallangan suvda 0,0005 mg/dm3 dan, boshqa barcha turdagi qadoqlangan suvlar uchun esa 0,001 mg/dm3 dan oshmasligi zarur.
35. Qadoqlangan ichimlik suvida qoldiq bogʻlangan va erkin xlor, xloroform, formaldegid, trigalometanlar (xloroform, bromoform, dibromoxlorid, bromodixlorometan) boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
36. Bolalar ovqatini tayyorlash uchun qadoqlangan ichimlik suvida kumushdan konservant sifatida foydalanish taqiqlanadi.
37. Qadoqlangan ichimlik suvining umumiy qattiqligi kamida 1,5 mmol/dm3 boʻlishi zarur.
38. Qadoqlangan ichimlik suvini qadoqlashdan oldin uning tarkibidagi temir, marganets, margimush va oltingugurt birikmalari kabi beqaror tarkibiy qismlardan suvni aeratsiyalash, choʻktirish va/yoki filtrlash yoʻli bilan cheklangan miqdorda tozalashga ruxsat beriladi, bunda suv tarkibidagi asosiy moddalar saqlanib qolishi kerak.
39. Qadoqlangan ichimlik suvining sifati uni qadoqlash, tashish, saqlash vaqtida ham Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-oktabrdagi 861-son qarori bilan tasdiqlangan Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament talablariga mos kelishi kerak.
40. Xavfni baholash hamda suvda mavjud boʻlgan barcha komponentlarni aniqlash uchun ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan toʻliq kimyoviy va mikrobiologik hamda radiologik tahlil oʻtkazilishi lozim. Mazkur tahlillar davomida suvdagi mavjud meʼyoriy koʻrsatkichlar SanQvaN 0211-06-son “Oʻzbekiston aholisining xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti markazlashtirilgan tizimi suvining gigiyenik mezonlari va ular sifatining nazorati” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
41. Qisqartirilgan kimyoviy tahlil quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
quduqlarni qidirish va burgʻulash jarayonida, yer usti manbalarini tanlashda, ichimlik suvini dastlabki baholash uchun va manbalarni monitoring qilishda;
ichimlik suvi sifati va xavfsizligini nazorat qilishda;
qadoqlangan ichimlik suvining asosiy koʻrsatkichlarining barqarorligini aniqlash maqsadida.
42. Toʻliq va qisqartirilgan kimyoviy tahlilni oʻtkazish davriyligi suv manbalarini tadqiq qilish qadoqlangan ichimlik suvini idishlarga quyish bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan belgilanadi.
43. Mikrobiologik tahlil suvdagi mikroorganizmlarni miqdor va sifat koʻrsatkichlarini aniqlash uchun oʻtkaziladi. Mikrobiologik tahlilning salbiy natijalari olinganda tayyor mahsulotlar karantinga oʻtkaziladi. Karantin davrining davomiyligi mikrobiologik tahlil natijalariga qarab belgilanadi. Agar namunalarning birida koli-indeks (1 litr suyuqlikda aniqlanuvchi ichak tayoqchasi mikroorganizmlari miqdori) 6 dan ortiq yoki ikki va undan ortiq namunalarda 3 — 6 oraligʻida boʻlsa, tayyor mahsulot karatinda 5 kun davomida saqlanadi. Karantinga olingan mahsulotlarning takroriy tahlillari kamida 3 kundan keyin amalga oshiriladi. Namunalarning koli-indeks qiymati 3 va undan past boʻlganda tahlillar toʻxtatiladi. Mikrobiologik tahlilning salbiy natijalari olinganda tayyor mahsulot 90 kun davomida karantinda boʻlishi lozim.
44. Barcha turdagi qadoqlangan ichimlik suvlarida faol xlor, uchuvchi xlorfenollarning xloroformi (uchuvchi fenollar), formaldegid mavjudligi suvlarni quyishda foydalaniluvchi uskunalarni tozalash va yuvish jarayonidan keyin aniqlanadi.
45. Qadoqlangan ichimlik suvlari quruq, ventilatstsiyalanuvchi, qorongʻi omborlarda namlikning tushishini istisno qiladigan sharoitlarda, 5°C dan 20°C gacha boʻlgan haroratda saqlanishi kerak. Qadoqlangan ichimlik suvini oʻtkir hidli mahsulotlar (neft mahsulotlari, kir yuvish kukunlari, boʻyoqlar, pigmentlar, aromatik moddalar) bilan birgalikda saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Mehnat sharoiti va shaxsiy gigiyenaga qoʻyiladigan talablar
46. Korxonalardagi mikroiqlim SanQvaN 0324-16-son “Ishlab chiqarish korxonalari mikroiqlimining sanitariya-gigiyenik normalari” talablariga hamda jihozlar, mashinalar va uskunalarning tebranish darajasi SanQvaN 0326-16-son “Ish joylaridagi umumiy va lokal tebranishlarning sanitariya normalari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
47. Ishchi xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va keyinchalik davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
48. Xavfni oldini olish maqsadida ishchi xodimlar shaxsiy gigiyenaga rioya qilishlari lozim, xususan:
ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati boʻlganda, jarohatni plastir bilan berkitish;
ish joyida zargarlik buyumlari taqib yurmaslik;
ish joyida maxsus himoya kiyimlari, bosh kiyim, poyabzal va baxillalar kiyish.
49. Ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etuvchi ishchi xodimlarning ish boshlanishidan avval tana harorati oʻlchanishi lozim. Tana harorati yuqori boʻlgan, shamollash, oʻtkir respirator kasalliklar alomatlari boʻlgan, burun, ogʻiz boʻshligʻi, tomoqda, yiringli kasalliklari boʻlgan, qoʻllarida va tananing ochiq yuzalarida yaralari boʻlgan xodimlarni ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish taqiqlanadi.
50. Ishlab chiqarish jarayonlari bilan bogʻliq xonalarda chekish, tupurish, ovqatlanish, ochiq mahsulotlar ustida aksirish yoki yoʻtalish kabi ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
51. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ilovada keltirilgan.
Idishlarda qadoqlangan ichimlik va tabiiy mineral suvlarni qayta ishlash va quyish bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun sanitariya qoidalariga (0058-23-son SanQvaN) ILOVA
