7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoʻl harakati sohasidagi vakolatlari
Yoʻl harakati toʻgʻrisida (O‘RQ-900-son) · Sana: 19.01.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoʻl harakati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yoʻl harakati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va qabul qiladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yoʻl harakati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yoʻl harakati sohasi bilan bogʻliq mutaxassisliklar, kasblar va lavozimlar roʻyxatini, shuningdek ularga doir malaka talablarini belgilaydi;
yoʻl harakatini tashkil etishning asosiy koʻrsatkichlarini shakllantirish, ularning hisobini yuritish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlaydi;
transport vositalari va yoʻllarning texnik holatiga, yoʻllarda va temir yoʻllar kesishmalarida yoʻl harakati xavfsizligiga doir yagona talablarni belgilaydi;
transport vositalarining haydovchilarini tayyorlashga, shuningdek aholiga Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatishga doir umumiy talablarni belgilaydi;
haydovchilarni, transport vositalarini, Yoʻl harakati qoidalarining buzilishlarini, yoʻl-transport hodisalarini va yoʻl harakati sohasidagi boshqa maʼlumotlarni hisobga olishning yagona tizimini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
