Respublika davlat taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarga oʻquv-uslubiy filmlar yordamida dars oʻtish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (24-son)
13.01.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-300-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-300-son qarorida taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarga oʻquv-uslubiy filmlar yordamida dars oʻtish tizimini joriy etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kinematografiya agentligi) 2024-yil 1-aprelga qadar oʻquv-uslubiy filmlar portali va mobil ilovasini yaratsin.
4. Belgilansinki:
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq har yili 50 tagacha oʻquv-uslubiy film ishlab chiqariladi;
oʻquv-uslubiy filmlar ishlab chiqarish hamda oʻquv-uslubiy filmlar portali va mobil ilovasini yaratish xarajatlari uchun mablagʻlar davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish uchun har yili Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Madaniyat vazirligiga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida ajratiladi.
Bunda, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi uchun oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish bilan bogʻliq xarajatlar ushbu vazirlikning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Kinematografiya agentligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda:
respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtishda foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni yuqori saviyada tayyorlash hamda oʻquvchi va talabalarga yetkazib berish boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻysin;
oʻquv-uslubiy filmlarni tayyorlashda kinoijodkorlar va taʼlim sohasi mutaxassislarining oʻzaro hamkorligini tashkil qilsin.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bir oy muddatda respublika davlat taʼlim muassasalarida oʻquv-uslubiy filmlar yordamida dars oʻtish tizimini joriy etish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K.X. Karimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-yanvar,
24-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-yanvardagi 24-son qaroriga ILOVA
Respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat oliy taʼlim, oʻrta maxsus, professional hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — taʼlim muassasalari) dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni (keyingi oʻrinlarda — filmlar) ishlab chiqarish tartibini belgilaydi.
2. Filmlar mavzulari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vazirliklar) tomonidan tasdiqlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kinematografiya agentligi) buyurtmasiga asosan vazirliklar tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq har yili 50 tagacha film ishlab chiqariladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan davlat buyurtmasiga asosan taʼlim muassasalarida dars oʻtishda foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha xarajatlar smetasini tuzish, tasdiqlash, roʻyxatdan oʻtkazish va unga oʻzgartirishlar kiritish budjet qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Taʼlim muassasalarida dars oʻtishda foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqaruvchilar davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq xarid qilish tartib-taomillari natijalariga koʻra aniqlanadi.
6. Filmlarni ishlab chiqarish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Filmlar mavzularini belgilash va ishlab chiqarish tartibi
7. Vazirliklar tomonidan har yili 30-yanvarga qadar filmlarning tasdiqlangan mavzulari roʻyxati Kinematografiya agentligiga taqdim etiladi. Bunda:
filmlarning mavzulari oʻquvchi va talabalar oʻzlashtirishi murakkab boʻlgan fanlar, ularning asoslari, mavzulari (formula, teorema, qonuniyatlari) asosida shakllantiriladi;
har bir filmga vazirliklar tomonidan masʼul konsultantlar (ekspert, oʻqituvchi, soha mutaxassisi) biriktiriladi hamda ular filmlarni ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etadi;
filmlarning mavzulari roʻyxati ushbu Nizomning 2-ilovasida keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq tuziladi.
8. Kinematografiya agentligi tomonidan har yili 30-aprelga qadar 10 — 15 daqiqalik filmlarning adabiy ssenariylari va xarajatlar smetasi tayyorlanadi, ijodiy guruhlar shakllantiriladi.
9. Kinematografiya agentligining Badiiy kengashi va Ekspertlar kengashi tomonidan vazirliklar tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida har yili 1-iyunga qadar filmlarning adabiy ssenariysi va xarajatlar smetasi koʻrib chiqiladi va ular yuzasidan tegishli xulosa beriladi.
Kinematografiya agentligining Badiiy kengashi va Ekspertlar kengashi tarkibiga vazirliklar vakillari kiritiladi.
Oʻquv-uslubiy filmlarning adabiy ssenariysi va xarajatlar smetasini koʻrib chiqish Kinematografiya agentligining Badiiy kengashi va Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Kinematografiya agentligi tomonidan har yili 30-iyunga qadar filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha davlat buyurtmalari shakllantiriladi va filmlarni ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuziladi.
11. Filmlar davlat buyurtmasi asosida uni ishlab chiqaruvchilar tomonidan yil yakuniga qadar ishlab chiqiladi.
3-bob. Filmlarni koʻrib chiqish va qabul qilish tartibi
12. Ishlab chiqarish yakunlangan filmlarni koʻrib chiqish va qabul qilish boʻyicha Kinematografiya agentligida kengaytirilgan Badiiy kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil qilinadi.
Kengash vazirliklar va Kinematografiya agentligi vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
13. Filmlar Kengashning ijobiy xulosasi berilgan taqdirda, uning qarori asosida qabul qilinadi. Kengashning salbiy xulosasi boʻlgan taqdirda, film qayta ishlash uchun qaytariladi.
14. Filmlardan taʼlim muassasalarida dars oʻtish jarayonida foydalaniladi.
15. Filmlar Kinematografiya agentligi tomonidan yaratiladigan oʻquv-uslubiy filmlar portali va uning mobil ilovasiga yuklanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Filmlarning mavzulari roʻyxatini shakllantiradi hamda Kinematografiya agentligiga taqdim etadi Har yili 30-yanvarga qadar 2-bosqich Kinematografiya agentligi Filmlarning adabiy ssenariylari va xarajatlar smetasini tayyorlaydi, ijodiy guruhlarni shakllantiradi Har yili 30-aprelga qadar 3-bosqich Kinematografiya agentligining Badiiy kengashi va Ekspertlar kengashi Filmlarning adabiy ssenariysi va xarajatlar smetasini koʻrib chiqadi, xulosa beradi Har yili 1-iyunga qadar 4-bosqich Kinematografiya agentligi Filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha davlat buyurtmalarini shakllantiradi, shartnomalar tuzadi Har yili 30-iyunga qadar 5-bosqich Filmlarni ishlab chiqaruvchilar Filmlarni ishlab chiqarishni yakunlaydi Yil yakuniga qadar 6-bosqich Kinematografiya agentligining kengaytirilgan Badiiy kengashi Filmlarni koʻrib chiqadi va qabul qiladi (yoki rad etadi). Rad etilgan filmlar qayta ishlash uchun qaytariladi. Yil davomida
Respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Respublika davlat taʼlim muassasalarida dars oʻtish uchun foydalaniladigan oʻquv-uslubiy filmlar mavzulari roʻyxatining
NAMUNAVIY SHAKLI
T/r Film mavzusi Mavzu tavsifi Masʼul konsultant (F.I.O., bogʻlanish maʼlumoti) 1. 2. 3. …
