Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining haq toʻlanadigan malaka amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida (11-son)
08.01.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarori ijrosini taʼminlash hamda talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ularni kasbiy faoliyatga tayyorlash darajasi va sifatini oshirish, shuningdek, amaliyot oʻtash davrida qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasini transformatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 8-bandida oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida tashkil etiladigan qisqa muddatli maqsadli ishlab chiqarish amaliyotlarini “haq toʻlanadigan amaliyot” mexanizmi asosida tashkil etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
haq toʻlanadigan amaliyotni tanlov asosida tashkil etish;
talabalarning haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyoti boʻyicha tanlovda ishtirok etish tartibi va shartlarini belgilash;
haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va amaliyotga rahbarlik qilish;
amaliyot boʻyicha mehnat munosabatlarini belgilash va moliyalashtirish hamda monitoringini yuritish.
3. Kadrlar buyurtmachilari boʻlgan vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab, oʻz ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib, yillik rejaga asosan:
oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim shaklidan qatʼi nazar, talabalarning tegishli taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) boʻyicha haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotlari tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida shartnoma asosida tizimli ravishda oʻtkazilishini hamda ishlab chiqarish amaliyotining reja jadvali va dasturlari toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilasin;
ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash davrida talabalarga amaliyotchi maqomini bersin va ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni mavjud boʻsh ish oʻrinlari (davlat organi boshqaruv lavozimlari bundan mustasno) hisobiga vaqtincha ish bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash davrida amaliyotchi talabalarga ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, yetarli shart-sharoitlar (shaxsiy himoya vositalari, maxsus ovqat va boshqalar) hamda shartnoma asosida budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan zarur hollarda talabalar yashashi uchun vaqtincha turar joylar bilan taʼminlash va qabul qiluvchi tashkilotdan tayinlangan amaliyot rahbarlarini mehnat qonunchiligiga muvofiq moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin;
ishlab chiqarish amaliyotini namunali oʻtagan talabalarni oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng ushbu tashkilotlarning oʻzida yoki ularning hududiy boʻlinmalarida ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, ish bilan taʼminlashga tavsiya etsin;
talabalar mehnatiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq toʻlashni nazarda tutsin.
4. Belgilansinki, mazkur qarorga muvofiq ishlab chiqarish amaliyoti bilan bogʻliq xarajatlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K.X. Karimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-yanvar,
11-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 11-son qaroriga ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining (keyingi oʻrinlarda — talabalar) iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom harbiy va harbiylashtirilgan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyoti (keyingi oʻrinlarda — amaliyot) — kasbiy malakaga va ish tajribasiga ega boʻlish maqsadida amalga oshiriladigan hamda talabani bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) oʻquv rejasiga muvofiq ish beruvchida mavjud boʻlgan boʻsh (vakant) oʻringa ishga qabul qilishni nazarda tutuvchi kasb tayyorgarligiga oid oʻquv jarayonining amaliy qismi;
amaliyotni tashkil qilish toʻgʻrisidagi shartnoma — amaliyot oʻtash muddatiga va amaliyotga rahbarlik qiluvchi shaxs biriktirilgan holda, amaliyot oʻtovchi va ish beruvchi oʻrtasida tuziladigan muddatli mehnat shartnomasi;
amaliyotni oʻtash dasturi — oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) oʻquv rejalarida belgilangan talabalar malakaviy amaliyot muddatlariga mos ravishda ishlab chiqilgan hamda tarmoq korxonasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan dastur;
Maxsus komissiya — amaliyotni oʻtash uchun talabalar oʻrtasida tanlov oʻtkazish hamda ushbu jarayonni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan uning hududiy boshqarmalarida tashkil etiladigan tuzilma;
tarmoq korxonasi — ushbu Nizomga muvofiq talabalarning amaliyot oʻtashlari tashkil etiladigan davlat organi va tashkiloti, shuningdek, davlat ishtirokidagi boshqa tashkilot;
transkript — taʼlim olishning tegishli davrida oʻzlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi koʻrsatib oʻtilgan fanlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;
oliy taʼlim tashkilotidan amaliyot rahbari — talabalar amaliyotiga masʼul etib belgilangan oliy taʼlim tashkilotining tegishli kafedrasi professor-oʻqituvchisi;
qabul qiluvchi tashkilotdan amaliyot rahbari — zimmasiga talaba tomonidan amaliyotni oʻtash dasturida belgilangan topshiriqlar bajarilishini nazorat qilish, ularni amaliy koʻnikmalarga oʻrgatish, olingan bilimlarni oliy taʼlim tashkilotining amaliyot rahbari bilan birgalikda baholash uchun masʼul boʻlgan tarmoq korxonasi xodimi.
3. Amaliyot bir oydan uch oygacha boʻlgan davr mobaynida oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
4. Amaliyot mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
2-bob. Maxsus komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi
5. Maxsus komissiya tanlov oʻtkazilishidan kamida bir oy oldin Vazirlik tomonidan tuziladi.
Maxsus komissiya oʻz yoʻnalishida kamida 2 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, ilmiy va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan ham kelishuv asosida jalb etilishi mumkin) kamida 7 nafar (toq sonli) aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
Maxsus komissiya tarkibining 2 nafar aʼzosi tegishli tarmoq korxonalari mutaxassislari orasidan jalb qilinadi. Maxsus komissiyaga raislik qilish hududiy boshqarma rahbariga yuklanadi.
Bunda Maxsus komissiya raisi zarur hollarda, tor ixtisoslashuvdagi qoʻshimcha mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish tashkilotlari mutaxassislarini) amaliyot dasturi va taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish jarayoniga jalb qilishi mumkin.
6. Maxsus komissiya yigʻilishi unda uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Yigʻilishni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Maxsus komissiyaning yigʻilishi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.
Maxsus komissiyaning aʼzolari oʻz yigʻilishlarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama va hal qilishda oʻz vakolatini boshqalarga oʻtkazish huquqiga ega emas.
7. Maxsus komissiya yigʻilishida qabul qilingan qaror yigʻilish bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma Maxsus komissiya aʼzolari orasidan tanlab olingan kotib tomonidan imzolanadi hamda yigʻilishga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
8. Amaliyotni tashkil etish maqsadida Vazirlik tomonidan talabalar oʻrtasida har yili kamida bir marotaba tanlov oʻtkaziladi.
9. Vazirlik tomonidan har yili tanlovni tashkil etish boʻyicha hududlar, sohalar va oliy taʼlim tashkilotlari kesimida amaliyot oʻtash uchun 500 ta oʻrin ajratiladi.
Bunda Toshkent shahri uchun — 45 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun — 35 tadan oʻrin nazarda tutiladi.
Ajratilgan oʻrinlardan tashqari talabalar uchun tashkil etiladigan amaliyot tarmoq korxonalari tomonidan moliyalashtirilishi mumkin.
10. Vazirlik tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin oʻz rasmiy veb-saytida tanlov toʻgʻrisida eʼlon beradi.
Eʼlonda arizalarni shakllantirish, roʻyxatdan oʻtkazish va topshirish tartibi, muddati hamda shartlari koʻrsatiladi.
Tanlovga arizalar bir oy davomida qabul qilinadi.
11. Tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan oʻzi, pochta aloqa vositalari orqali yoki elektron shaklda oʻzi taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkilotiga topshiradi.
12. Tanlovda qatnashishning talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
talaba bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan boʻlishi;
talabaning taʼlim yoʻnalishi (yoki mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yoʻnalishiga mos boʻlishi;
talaba Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlishi.
13. Oliy taʼlim tashkiloti tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (talabaning maʼlumotnoma-obyektivkasi va transkripti, talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi, amaliyotni oʻtash dasturi va tarmoq korxonasining taklif xati) yoʻllanma xati bilan Maxsus komissiyaga 5 ish kunida taqdim etadi.
Amaliyotni oʻtash dasturi ular taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkilotining kengashi tomonidan tasdiqlangan va tarmoq korxonasi bilan kelishilgan boʻlishi lozim.
14. Maxsus komissiya oliy taʼlim tashkiloti tomonidan yoʻllanma xati bilan taqdim etilgan arizalarni kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida koʻrib chiqadi.
Maxsus komissiya talabani tanlovda ishtirok etishi yoki tanlovda ishtirok etishini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
15. Yoʻllanma xati bilan taqdim etilgan arizani rad qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 13-bandida koʻzda tutilgan hujjatlarni taqdim qilmaslik (toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim qilish);
hujjatlarni taqdim etish muddatlarining buzilishi.
Maxsus komissiya tegishli qaror qabul qilgandan soʻng 2 ish kunida talaba taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkilotiga qabul qilingan qarorni yuboradi.
Rad qilingan arizalar talabalar tomonidan kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng 5 kun muddat davomida qayta taqdim etilishi mumkin.
4-bob. Tanlov hujjatlarini Maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqish va tanlab olish tartibi
16. Tanlov hujjatlari ularni qabul qilish yakunlangandan soʻng 10 ish kuni davomida Maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
17. Maxsus komissiya tomonidan mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi himoyasi (taqdimot koʻrinishida) oʻtkazilib, 20 kun ichida yakuniy qaror qabul qilinadi.
18. Taqdimot quyidagi 100 ballik mezon asosida baholanadi:
amaliy koʻnikmani shakllantirishga yoʻnaltirilganligi — 40 ballgacha;
amaliyotning mamlakat fan va texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga mosligi — 30 ballgacha;
amaliyotdan kutilayotgan natijalarning samaradorligi — 30 ballgacha.
19. Ajratilgan oʻrinlarga muvofiq talabalar toʻplangan ballar ketma-ketligi asosida tanlab olinadi.
Teng ball toʻplagan talabalar ichidan ustuvorlik oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi (transkript boʻyicha) yuqori boʻlgan talabaga beriladi.
Tanlov natijalari Maxsus komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
20. Tanlov natijalari yuzasidan yakuniy qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni davomida tanlov natijalari boʻyicha maʼlumot Internet jahon axborot tarmogʻi va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrugʻi qabul qilingandan soʻng tanlovdan oʻtgan talabalar amaliyotga yuboriladi.
21. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan talaba natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn besh kalendar kun ichida Maxsus komissiyaga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya shikoyati yozma ravishda taqdim etiladi. Vazirlikda tegishli mutaxassislardan tuzilgan Apellyatsiya komissiyasi bir hafta muddatda kiritilgan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqadi va ikki kun muddatda talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
5-bob. Amaliyotni tashkil etish
22. Amaliyotni tashkil etish uchun oliy taʼlim tashkiloti rektorining (filial direktorining) buyrugʻi bilan amaliyot oʻtash muddati va joyi, masʼul shaxslar, amaliyot oʻtaydigan talabalar va amaliyot boʻyicha rahbarlar roʻyxati tasdiqlanadi.
23. Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtish talab qilinadigan ishlarni oʻz ichiga olgan amaliyotni tashkil etishda talabalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
24. 1 va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun amaliyot oʻtash ularning individual imkoniyatlari va sogʻligʻining holatini hisobga olgan holda tashkil etiladi.
25. Amaliyot davomida talabalarga yetarli koʻnikma va malakalar shakllantirish maqsadida ish joyini (shtat lavozimini) oʻzgartirishga ruxsat etiladi.
26. Amaliyot oʻtaydigan talabaning ish vaqti davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasidan ortiqcha belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Amaliyot davomida talaba oliy taʼlim tashkiloti tomonidan berilgan amaliyot kundaligini yuritadi.
Amaliyot kundaligida kunlik yoki haftalik bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
Kundalik tarmoq korxonasidagi masʼul rahbarning imzosi bilan tasdiqlanadi.
28. Amaliyot oʻtash uchun yuborilgan talaba turar joy bilan talabani yuborgan oliy taʼlim tashkiloti yoki tarmoq korxonasi tomonidan taʼminlanishi mumkin.
29. Oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori) amaliyot oʻtash jarayonida tarmoq korxonasi bilan birgalikda talabaning xavfsizligi boʻyicha zarur choralar koʻrilishini taʼminlaydi.
30. Amaliyot oʻtash davrida talabaga tarmoq korxonasidagi tegishli mehnatni muhofaza qilish qoidalari va ichki mehnat tartibi qoidalari, shuningdek, amalda boʻlgan boshqa hujjatlar tatbiq qilinadi.
31. Amaliyot boʻyicha ishlar oliy taʼlim tashkilotining tegishli kafedra mudiri va fakultet dekani yoki oliy taʼlim tashkilotining amaliyot masalalari bilan shugʻullanish majburiyati yuklangan tarkibiy boʻlinmasi bilan hamkorlikda muvofiqlashtiriladi.
6-bob. Amaliyotga rahbarlik qilish
32. Oliy taʼlim tashkilotidan biriktirilgan amaliyot rahbari amaliyot davomida talaba tomonidan amaliyot dasturining oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qiladi va zarur hollarda unga amaliy yordam koʻrsatadi.
33. Oliy taʼlim tashkilotidan biriktirilgan amaliyot rahbari:
talabani amaliyot oʻtash joyiga taqsimlashda ishtirok etadi;
talabani amaliyot kundaligi bilan taʼminlaydi;
talaba amaliyotiga umumiy rahbarlik qiladi;
talabaga zarur koʻrsatmalar beradi;
talabaning amaliyot oʻtash joyiga yetib borishi va qaytishini nazorat qiladi;
qabul qiluvchi tashkilotdan amaliyot rahbari bilan birgalikda amaliyot oʻtash holati boʻyicha muntazam axborot almashgan holda faoliyat yuritadi;
talabaga amaliyot oʻtash dasturini bajarish boʻyicha uslubiy yordam beradi;
zarur hollarda, amaliyot oʻtash joylariga borish orqali amaliyot oʻtash tartibiga talaba tomonidan rioya qilinishi va amaliyot oʻtash dasturi bajarilishini nazorat qiladi;
amaliyot oʻtashni takomillashtirish yuzasidan oʻz taklif va mulohazalarini oliy taʼlim tashkiloti kengashida koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
34. Tarmoq korxonasi rahbari:
amaliyotni tashkil etish boʻyicha buyruq (qaror) qabul qiladi hamda malakali va tajribali mutaxassislar orasidan amaliyot rahbarini tayinlaydi;
amaliyot oʻtash uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi.
35. Qabul qiluvchi tashkilotdan amaliyot rahbari:
talabaning mehnat va ishlab chiqarish faoliyati boʻyicha maslahat beradi hamda uning ish natijalarini muntazam ravishda baholab boradi;
talabani tarmoq korxonasi faoliyat yoʻnalishlari va boshqa oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradi;
talabaga amaliyotni oʻtash dasturiga taalluqli zarur materiallardan foydalanishga sharoit yaratadi;
talabaga amaliyot oʻtash dasturida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha zarur maslahat va koʻrsatmalar beradi;
talaba tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va amaliyot kundaligining yuritilishini doimiy nazorat qilib boradi;
oliy taʼlim tashkilotidan biriktirilgan amaliyot rahbari bilan amaliyot oʻtash holati boʻyicha muntazam axborot almashadi;
oliy taʼlim tashkilotidan biriktirilgan amaliyot rahbari yoki oliy taʼlim tashkiloti rektorini (filial direktori) talabaning amaliyot oʻtash uchun kelmayotganligi yoki u tomonidan amaliyot oʻtash dasturi bajarilmayotganligi yoxud mehnat intizomi buzilayotganligi haqida xabardor qiladi.
36. Qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan amaliyot rahbari talabadan tegishli ish oʻrni boʻyicha xodim bajarishi lozim boʻlgan funksiya va vazifalarni talab etishga haqli.
7-bob. Amaliyot boʻyicha mehnat munosabatlarini tashkil etish
37. Talaba bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishda talabaning tegishli kasbiy faoliyat yoʻnalishi boʻyicha nazariy tayyorgarlik darajasi, oliy taʼlim tashkilotidan biriktirilgan amaliyot rahbarining tavsiyasi hisobga olinadi.
38. Amaliyotning birinchi kunida tarmoq korxonasining vakolatli xodimi har bir talabaga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi masalalari boʻyicha alohida koʻrsatmalar berishi shart.
39. Muddatli mehnat shartnomasi asosida tarmoq korxonasi talaba amaliyotini oʻtashi uchun buyruq qabul qiladi.
40. Talaba bilan muddatli mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan asoslar va tartibga koʻra bekor qilinadi.
41. Talabaning amaliyot oʻtashi uchun sinov muddati belgilanmaydi.
42. Talabalarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishga, shuningdek, ishlanmaydigan bayram va dam olish kunlarida ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. Talabalarning ish joyi amaliyotning barcha bosqichlarida tarmoq korxonasi xodimlarining ish joylariga qoʻyiladigan talablarga mos kelishi kerak.
8-bob. Amaliyotni moliyalashtirish va uning monitoringi
44. Gʻolib talabalarning amaliyoti boʻyicha xarajatlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oliy taʼlim tashkiloti, tarmoq korxonasi, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va amaliyot oʻtaydigan talaba oʻrtasida amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tuzilgan shartnoma asosida Maxsus komissiya tomonidan yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng 15 ish kuni davomida qoplanadi.
Bunda talabaga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan shartnomaga muvofiq tarmoq korxonasining talabnomasiga koʻra uning tegishli hisobraqamiga oʻtkaziladi.
Tarmoq korxonasi oʻz mablagʻlari hisobidan amaliyot oʻtayotgan talabani qoʻshimcha ravishda moddiy ragʻbatlantirishi mumkin.
45. Talabalarning amaliyot natijalari hisoboti oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori) tomonidan tasdiqlangan holda kengashda muhokama boʻyicha yigʻilish bayonnomasidan koʻchirma va ajratilgan mablagʻlarning sarflanganligi boʻyicha hisobot bilan birgalikda Vazirlikka taqdim etiladi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
46. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Amaliyotni tashkil etish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Amalga oshiriladigan tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (Vazirlik) Hududiy boshqarmalarda Maxsus komissiya tuzadi. Tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin 2-bosqich Vazirlik Hududlar, sohalar, oliy taʼlim tashkilotlari kesimida amaliyot oʻtash uchun oʻrinlarni ajratadi hamda tanlov toʻgʻrisida veb-saytda eʼlon beradi. Tanlov boshlanishidan bir oy oldin 3-bosqich Talaba Tanlovda ishtirok etish uchun arizani oʻzi taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkilotiga tegishli hujjatlari bilan pochta aloqa vositalari orqali yoki elektron shaklda taqdim etadi. Tanlov boshlanganidan soʻng bir oy muddatda 4-bosqich Oliy taʼlim tashkiloti Tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yoʻllanma xati bilan Maxsus komissiyaga taqdim etadi. Ariza taqdim etilgandan soʻng 5 ish kun davomida 5-bosqich Maxsus komissiya Yoʻllanma xati bilan taqdim etilgan arizalarni koʻrib chiqadi hamda tegishli qarorni qabul qiladi. Ariza kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida 6-bosqich Maxsus komissiya Qabul qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi. Hujjatlar qabuli yakunlangandan soʻng 10 ish kuni davomida 7-bosqich Maxsus komissiya Talabalarning ish rejasi himoyasini oʻtkazadi hamda tanlov boʻyicha yakuniy qaror qabul qiladi. 20 ish kuni davomida 8-bosqich Vazirlik Tanlov gʻoliblari haqida Internet jahon axborot tarmogʻida va oʻz veb-saytida eʼlon qiladi. Tanlovdan oʻtgan talabalarni amaliyotga yuboradi. Yakuniy qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni davomida 9-bosqich Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Talabalarning amaliyoti boʻyicha xarajatlarni qoplab beradi. Yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng 15 ish kuni davomida
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish
ISH REJASI
T/r Familiyasi, ismi, otasining ismi Oliy taʼlim tashkilotining nomi Amaliyotning maqsad va vazifalari Amaliyot oʻtkaziladigan tashkilotlar Amaliyot davomiyligi Fan yoʻnalishi Kutilayotgan natijalar 1. 2. 3. ...
