29-modda. Saylovchilarning roʻyxatlarini tuzish
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Saylov kuniga qadar yoki saylov kunida oʻn sakkiz yoshga toʻladigan, roʻyxat tuzilayotgan vaqtda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining familiyalari saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.
Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.
Saylovchilar roʻyxati har bir saylov uchastkasi boʻyicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuzilib, uni komissiya raisi va kotibi imzolaydi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatini tuzish ishida qatnashishga jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin.
Tumanlar va shaharlarning hokimliklari saylovchilarni hisobga olishni taʼminlaydilar va uchastka saylov komissiyalariga tegishli hududda istiqomat qiluvchi saylovchilar toʻgʻrisida saylovchilar roʻyxatini tuzish uchun zarur maʼlumotlarni beradilar.
Harbiy qismlardagi saylov-harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining va boshqa saylovchilarning roʻyxatlari, basharti, ular harbiy qismlar joylashgan yerda istiqomat qilsalar, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etgan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar oʻzlarining turar joylari boʻyicha umumiy asoslarda saylovchilar roʻyxatiga kiritiladilar.
Sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalari boʻyicha saylovchilarning roʻyxatlari mazkur muassasalar (idoralar) rahbarlarining taqdim etgan maʼlumotlari asosida tuziladi.
Saylovchilarning familiyalari saylovchilar roʻyxatida ovoz berishni tashkil etish uchun qulay boʻlgan tartibda koʻrsatiladi.
Roʻyxatda har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili aks ettiriladi.
