2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida (3674-IV-son)
08.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon matnda davlat dasturi deb yuritiladi) 2023-yil toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni oʻz vaqtida hamda samarali ijro etish borasida hukumat tomonidan qator tashkiliy-amaliy choralar koʻrilgan.
Davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlarida belgilangan vazifalar ijrosi har oyda tahlil qilingan hamda tanqidiy muhokama qilib borilgan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan masʼullarning hisobotlarini eshitib borish tartibi yoʻlga qoʻyilgan.
Hisobot davrida davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida jami 110 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 2 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 18 ta farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining 11 ta qarori hamda 79 ta boshqa hujjatlar qabul qilingan.
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili mamlakatimizda islohotlarning izchilligi va samaradorligini taʼminlash borasida muayyan natijalarga erishilganligini koʻrsatmoqda.
Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolar va davlat idoralari oʻrtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarni qisqartirish boʻyicha ishlar izchil olib borilgan.
Natijada bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni 310 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni 501 taga yetkazilgan.
Shuningdek davlat subsidiyalarini ajratishga qaratilgan maxsus yagona elektron platforma (“subsidiya.mf.uz”) ishlab chiqilgan. Mazkur tizim orqali subsidiyalar ajratish uchun arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish, subsidiyalar berish, ularning hisobini yuritish va subsidiya ajratishning maqsadga muvofiqligini tekshirishning elektron tizimi joriy qilingan.
Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy hamda zarur shartiga aylantirish borasidagi ustuvor maqsadlar doirasida fuqarolarning huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, malakali huquqiy xizmatlarga boʻlgan talabni toʻliq qanoatlantirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, fuqarolarning huquqiy manbalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida aholining barcha qatlami uchun moʻljallangan “Yuridik kutubxona” elektron tizimi va uning mobil ilovasi yaratilgan.
Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari doirasida koʻrilgan choralar tufayli yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizni tashkil etgan.
Xorijiy davlatlarga tovarlar va xizmatlar eksporti 12 mlrd. AQSH dollariga, oʻsish 106,1 foizga yetgan. Shuningdek 13,3 mlrd. AQSH dollariga teng xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, prognoz koʻrsatkichlar 103 foizga bajarilgan.
Raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirish maqsadida iqtisodiyotga sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 33,6 mlrd. soʻmga teng 20 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Dehqon xoʻjaliklarini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish, buning hisobidan qishloqlarda ijtimoiy muammolarni, avvalo, ishsizlik va kambagʻallik masalasini hal etish maqsadida 88,6 ming gektar yer maydoni “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiq, elektron tanlovlarga chiqarilgan hamda quvvati 13,6 ming tonna boʻlgan 27 mlrd. soʻmlik 33 ta omborxona ishga tushirilgan.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasida ham muayyan ishlar bajarilgan. Jumladan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boshlangʻich sinf oʻquvchilarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar uchun respublika boʻyicha 417 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilib, ularda jami 734 nafar imkoniyati cheklangan bolalar qamrab olingan.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish uchun 46 ta tumanlararo perinatal markaz 6 turdagi 460 ta tibbiy asbob-uskuna bilan jihozlangan. Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 5,9 mln. nafar 18 — 40 yoshli fuqarolar profilaktik tibbiy koʻriklardan oʻtkazilgan.
Toshkent shahridagi statsionar muassasalarda ham davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish ishlari davom ettirilib, ushbu amaliyot asosida bemorlarni ushbu muassasalarga yotqizish, tibbiy statistika maʼlumotlarini elektron tarzda toʻldirish hamda davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga uzatish imkoniyati yaratilgan.
Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar doirasida ham qator ishlar amalga oshirilgan.
Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar bandligini taʼminlash, shu jumladan, ularni kasbga oʻrgatish, tadbirkorlikka oʻqitish, oʻz biznesini tashkil qilish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish borasida tegishli chora-tadbirlar koʻrilgan.
Xususan, oʻtgan davrda mehnat migrantlarining 90,4 ming nafari doimiy va vaqtinchalik ish bilan taʼminlangan, 5,9 ming nafariga kredit hamda 2,1 ming nafariga subsidiya ajratilishiga koʻmaklashilgan, 15,6 ming nafari kasb-hunarga oʻqitish va qayta tayyorlashga jalb qilingan.
Hududlardagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining bevosita “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da roʻyxatga olingan oilalar bilan ishlash tizimini takomillashtirish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Onlayn mahalla” axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali qoʻshimcha maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.
Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish sohasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar doirasida Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatidagi rolini oshirish choralari koʻrilgan.
Jumladan, tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan 178 ta ikki va koʻp tomonlama xalqaro shartnoma va hujjatlar imzolangan.
Oʻtgan davrda davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha parlament va hukumat oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar tomonidan davlat dasturida belgilangan vazifalarning joylarda ijro etilishi holatini muntazam ravishda nazorat-tahlil tartibida oʻrganishga va aniqlangan kamchiliklarni hukumat bilan birgalikda hal etishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shu bilan birga hisobot davrida davlat dasturidagi bajarilishi belgilangan jami 250 ta yaxlit va kichik bandning 187 tasi ijro etilgan, 14 tasining ijro muddati uzaytirilgan va 49 tasining ijrosini taʼminlashga doir ishlar yakunlanmagan.
Jumladan, taʼlim xodimlari mehnatiga haq toʻlashning yangi tizimini joriy etish (159-band), “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari oʻqituvchilari va xodimlari uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlarini tatbiq etish hamda “Ishga marhamat” monomarkazlari huzuridagi Oʻquv-maslahat ofislari faoliyatini transformatsiya qilish (146-band) boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar shu kunga qadar qabul qilinmagan.
Bundan tashqari davlat dasturidagi qator bandlarning ijro muddatlari yil davomida deb belgilangan boʻlsa-da, ushbu bandlarning bajarilishi holati haqidagi maʼlumotlar hisobotda yetarlicha aks ettirilmagan.
Shu bilan bir qatorda davlat dasturida muhim tarmoq va sohalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida qabul qilinishi belgilangan qonun loyihalarini sifatli ishlab chiqish hamda oʻz vaqtida parlament muhokamasiga kiritish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratish zarur.
Chunonchi, sud-tergov jarayonida ishtirokchilarning huquq va erkinliklarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda himoya qilishni taʼminlashga (28-band), jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qoʻllash amaliyotini kengaytirishga (30-band) qaratilgan qonun loyihalari davlat dasturida belgilangan muddatlardan kechiktirib parlament muhokamasiga kiritilgan.
Talabalarni turar joy bilan taʼminlash darajasini koʻtarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, qish mavsumida aholiga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini yanada oshirish, qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini rekultivatsiya qilish kabi dolzarb masalalarga hukumat tomonidan kelgusida alohida eʼtibor qaratilishi maqsadga muvofiq.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan 14 ta bandda va bajarilishi yakunlanmagan 49 ta bandda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat dasturida nazarda tutilgan qonun loyihalarini belgilangan muddatlarda tayyorlash va kiritish, qonun loyihalarini ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish;
davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash hamda ularning ijro etilishi jarayonida natijadorlikka alohida eʼtibor qaratish boʻyicha mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish va bu boradagi targʻibot ishlarini yanada kengaytirish;
qish mavsumida aholi xonadonlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari, budjet mablagʻlari va investitsiya dasturi doirasida talabalar uchun turar joylar qurish boʻyicha boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish;
davlat dasturining ijrosini muhokama qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal etish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;
davlat dasturidagi maqsad va vazifalarning joylardagi ijro etilishi holatini deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida oʻrganib borish;
davlat dasturidagi ustuvor yoʻnalishlarning samarali ijro etilishi ustidan oʻz partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, taʼsirchan jamoatchilik hamda parlament nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari davlat dasturidagi ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlarning bajarilishi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, taʼsirchan parlament nazoratini kuchaytirsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 8-noyabr,
3674-IV-son
