13-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
“Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (77-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi tadbirkorlik va boshqa faoliyat obyektlariga moddiy va nomoddiy neʼmatlarni hamda ularga boʻlgan huquqlarni qoʻyish bilan bogʻliq tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari harakatlarining yigʻindisi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirilishi mumkin:
yuridik shaxslar tashkil etish yoki ustav fondlarida (kapitallarida) ulushbay asosda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar sotib olish yoʻli bilan qatnashish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vakolatxonalar, filiallar va boshqa alohida boʻlinmalar taʼsis etish;
qimmatli qogʻozlarni, shu jumladan xorijiy davlatlarning rezidentlari tomonidan tasdiqlangan qarz majburiyatlarini sotib olish;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, izlab topish, qazib olish yoxud ulardan foydalanishga moʻljallangan konsessiyalarni qoʻlga kiritish;
mulk huquqini, shuningdek, yerga hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini qoʻlga kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati xorijiy davlatning qonunchiligida va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
