11-modda. Tashqi savdo faoliyati
“Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (77-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Tashqi savdo faoliyati xalqaro tovarlar, ishlar (xizmatlar) savdosi sohasidagi tadbirkorlik faoliyatidir.
Tashqi savdo faoliyati tovarlarni, ishlarni (xizmatlarni) eksport va import qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan ularni qayta olib kirish toʻgʻrisidagi majburiyatni olmasdan olib chiqib ketilishi, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, tovarlar eksportidir.
Tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga ularni qayta olib chiqib ketish toʻgʻrisidagi majburiyatni olmasdan olib kirilishi tovarlar importidir.
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan xorijiy davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish), ularning bajarilish (koʻrsatilish) joyidan qatʼi nazar, ishlar (xizmatlar) eksportidir.
Xorijiy davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish), ularning bajarilish (koʻrsatilish) joyidan qatʼi nazar, ishlar (xizmatlar) importidir.
