Haydovchilik guvohnomalarini oʻzaro tan olish va almashish toʻgʻrisidagi
27.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Ichki ishlar vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati nomidan Ichki ishlar vazirligi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar oʻrtasida mustahkam aloqalar mavjudligiga tayangan holda, boshqa Tomon davlatining hududiga tashrif buyurish yoki yashash vaqtida Tomonlar davlatlarining tegishli rasmiy organlari tomonidan berilgan haydovchilik guvohnomalariga ega boʻlgan fuqarolarning harakatlanishini osonlashtirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1-paragraf Haydovchilik guvohnomalarini tan olish
Mazkur Anglashuv memorandumini (keyingi oʻrinlarda Memorandum) amalga oshirish maqsadida, basharti haydovchilik guvohnomasining egasi 2-paragraf jadvaliga muvofiq boshqa Tomonning turli haydovchilik guvohnomalari toifalariga nisbatan belgilangan eng kam yosh talablariga toʻgʻri kelsa, har bir Tomon uzoq muddatga yashash uchun kelmagan fuqarolarga berilgan amaldagi haydovchilik guvohnomasini tan oladi.
2-paragraf Haydovchilik guvohnomalarini almashtirish
Uzoq muddatga yashash uchun kelgan Tomonlar davlatlari fuqarolarining haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun ariza beruvchini har bir Tomon tegishli nazariy va amaliy sinovlardan ozod qiladi. Mazkur ozod qilish quyidagi jadvalda nazarda tutilgan transport vositalari uchun belgilangan haydovchilik guvohnomalari toifalari bilan chegaralanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Arab Amirliklari Toifa Toifa Transport vositalari: tara ogʻirligi (boʻsh) 3,5 tonnagacha va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni sakkiztadan ortiq boʻlmagan avtotransport vositalari. Transport vositalari: tara ogʻirligi (boʻsh) 2,5 tonnagacha va haydovchi oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni oʻn toʻrttadan koʻp boʻlmagan avtotransport vositalari.
Jadvalda koʻrsatilmagan boshqa toifalar va subtoifalar uchun ular boshqa Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq nazariy va amaliy sinovlardan oʻtkaziladi.
3-paragraf Haydovchilik guvohnomasini almashtirish shartlari
Haydovchilik guvohnomalari quyidagi qoidalarga muvofiq almashtiriladi:
1. Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun murojaat etuvchi amaldagi yashash uchun ruxsatnomaga ega boʻlishi lozim;
2. Haydovchilik guvohnomasi amalda boʻlishi lozim;
3. Ariza beruvchi milliy qonunchilik va qoidalarga muvofiq 2-paragraf jadvalida koʻrsatilgan turli haydovchilik guvohnomalari toifalari uchun har ikki Tomondan belgilangan eng kam yosh talablariga mos kelishi lozim;
4. Almashtirilayotgan haydovchilik guvohnomasi namunaga muvofiq boʻlishi lozim;
5. Ariza beruvchilarning haydovchilik guvohnomasi 2-paragraf jadvalida nazarda tutilgan haydovchilik guvohnomasining unga tenglashtirilgan turiga almashtirilishi lozim;
6. Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun ariza beruvchi yuridik tarjima byurosi tomonidan tasdiqlangan haydovchilik guvohnomasining rasmiylashtirilgan tarjimasini taqdim etishi lozim;
7. Ariza beruvchi zarur tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim;
8. Haydovchilik guvohnomasini almashtirish har ikki Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq talab qilinadigan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
4-paragraf Haydovchilik guvohnomalari almashinuvi
Ariza beruvchi oʻzining milliy haydovchilik guvohnomasini saqlab qoladi, bunda Tomonlar davlatlarining tegishli vakolatli organlari diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga milliy haydovchilik guvohnomasining almashinuviga oid maʼlumot va axborotni taqdim etishi lozim.
5-paragraf Haydovchilik guvohnomasining amal qilish muddati
Basharti almashtirish uchun taqdim etilgan haydovchilik guvohnomasining amaldagi yoki haqiqiyligiga shubha tugʻilgan taqdirda, almashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli organ boshqa Tomonlarning vakolatli organidan haydovchilik guvohnomasining amalda ekanligi yoki haqiqiyligini diplomatik kanallar orqali tekshirishni soʻrashi mumkin.
6-paragraf Vakolatli organlar
Quyidagilar mazkur Memorandumni amalga oshirish boʻyicha vakolatli organlar hisoblanadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan:
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati.
b) Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan:
Ichki ishlar vazirligi — Avtotransport vositalari va haydovchilarni litsenziyalash uchun Federal Bosh boshqarmasi [email protected]
Har bir Tomon boshqa Tomonni vakolatli organlardagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qiladi.
7-paragraf Tegishli milliy qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Har bir Tomon boshqa bir Tomonni oʻz milliy qonunchiligiga kiritilgan har qanday tegishli oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar haqida diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qiladi.
8-paragraf Nizolarni hal qilish
1. Mazkur Memorandumni qoʻllashdan kelib chiqadigan barcha nizolar diplomatik kanallar orqali ikki Tomon oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
2. Mazkur Memorandumdan kelib chiqadigan har qanday nizo xalqaro yoki milliy huquqqa, milliy sud, xalqaro sud, hakamlik sudi yoki uchinchi tomon yurisdiksiyasiga tegishli emas.
3. Nizo vaqtida Tomonlar mazkur Memorandumda nazarda tutilgan avvalgi barcha majburiyatlarini bajarishlari lozim.
9-paragraf Kuchga kirish, oʻzgartirish va tugatish
1. Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab oltmish (60) kundan keyin kuchga kiradi va nomuayyan muddat davomida amal qiladi.
2. Mazkur Memorandum matniga har ikki Tomonning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
3. Tomonlardan biri uch (3) oy avval diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni mazkur Memorandumni tugatish niyatini yozma ravishda xabardor qilib, tugatishi mumkin.
4. Memorandumning bekor qilinishidan oldin oʻzaro almashtirilgan haydovchilik guvohnomasining amal qilishiga taʼsir qilmaydi.
Abu-Dabi shahrida, 2023-yil 27-noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi.
Memorandum qoidalarini talqin qilishda ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
