Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-415-son)
28.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarini qisqartirish, aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish, tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda qabul qilingan raqamli transformatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish maqsadida:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi “IT-Med” davlat muassasasini tugatish;
b) tugatilayotgan “IT-Med” davlat muassasasining vazifa va funksiyalarini “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MChJ (keyingi oʻrinlarda — Yagona integrator) zimmasiga yuklash;
v) “IT-Med” davlat muassasasining asosiy vazifa va funksiyalari oʻtkazilishi munosabati bilan quyidagilarni Yagona integratorning qoʻshimcha vazifalari etib belgilash:
ilgʻor xalqaro tajriba asosida sogʻliqni saqlash tizimida biznes jarayonlarini raqamlashtirish orqali maqbullashtirish va soddalashtirish hamda bu boradagi mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
“Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksini joriy etish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
tibbiyot va farmatsevtika sohasida raqamli texnologiyalar va kommunikatsiyalar siyosati va standartlarini joriy etish;
sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan axborot tizimlarini rivojlantirish va xorijiy moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlari, konsepsiyalari, shuningdek, boshqa loyiha va loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish;
belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida investorlar, biznes hamkorlar va autsorsing xizmatlarini jalb qilish;
g) “IT-Med” davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilayotgan joriy loyihalar boʻyicha, shu jumladan tuzilgan shartnomalar doirasida huquq va majburiyatlarni toʻliqligicha Yagona integratorga oʻtkazish.
2. Milliy raqamli sogʻliqni saqlash tizimini samarali tashkil etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Davlat budjeti parametrlarida sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlarining yagona kompleksini joriy etish boʻyicha mablagʻlar ajratishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
4. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi “IT-Med” davlat muassasasi tugatilishi munosabati bilan ishdan boʻshaydigan xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-140-son qaroriga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi va “KfW” banki oʻrtasida tuzilgan bitimlar asosida “Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalga oshirilayotganligi;
Loyiha doirasida Raqamli sogʻliqni saqlash platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) ishlab chiqilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Loyiha doirasida:
a) Platformani yaratish boʻyicha:
buyurtmachi etib — Sogʻliqni saqlash vazirligi;
operator hamda uni yaratish, joriy etish, texnik qoʻllab-quvvatlash va axborot xavfsizligini taʼminlashga masʼul etib — Yagona integrator;
b) Platformani yaratish, joriy etish, texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbasi etib — Loyihani amalga oshirish doirasida “KfW” bankining qarz va boshqa mablagʻlari belgilansin.
7. Belgilansinki:
respublikadagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich Platformaga ulanadi;
sogʻliqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish majburiy tarzda Yagona integrator bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab raqamli sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish va saqlab turish maqsadida Platformada qayd etilgan har bir sugʻurta va boshqa holatlar (shu jumladan, imtiyozli yoʻllanmalar) bilan bogʻliq maʼlumotlarni ishlash va qayta ishlash uchun Yagona integratorga Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasidan davlat tibbiyot muassasalariga toʻlanadigan mablagʻlarning 0,3 foiz miqdorida komissiya toʻlovi ajratiladi.
9. Quyidagilarga:
a) Yagona integratorga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidenti maqomini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida, davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun apparat va dasturiy komplekslarni, axborot tizimlarini, muhandislik infratuzilmasini, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazib berish;
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda davlat tibbiyot muassasalariga:
loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, dasturiy-apparat komplekslari, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmalarini ishlab chiqish, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazib berish boʻyicha Yagona integrator bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish;
dasturiy-apparat komplekslari, axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmasi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazib berish va tegishli xizmatlar koʻrsatish boʻyicha Yagona integrator bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha 100 foiz oldindan toʻlovni amalga oshirish huquqi berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-140-son qarori 2-bandining toʻrtinchi xatboshisi “muvofiq” soʻzidan keyin “tasdiqlansin” soʻzi bilan toʻldirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov va raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-dekabr,
PQ-415-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-son qaroriga1-ILOVA
Milliy raqamli sogʻliqni saqlash tizimini samarali tashkil etish chora-tadbirlari
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4055-son qarorining 4-bandi “a” kichik bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5000-son qarorining 3, 4 va 7-bandlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-140-son qarori 2-bandining beshinchi xatboshisi hamda qarorga 4-ilova.
