8-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida (285-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Kuchini yo'qotgan
Mulkchilikning shakllari va tashqi iqtisodiy faoliyatining turlaridan qatʼi nazar, tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlarga egadir.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning har bir subyekti amal qilib turgan qonunlar doirasida tashqi iqtisodiy aloqalardagi oʻz ishtirokining turlari, shakllari va yoʻnalishlarini mustaqil belgilashi, oʻz xohishiga qarab tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarni belgilangan tartibda shartnoma asosida yoki boshqacha tarzda haq toʻlab yoxud toʻlamasdan jalb etishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyatining har bir subyekti Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga, shu jumladan chet el valyutasidagi daromadga egalik qilishga, ulardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqlidir. Uning qaroriga koʻra tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqlari qonunlarda belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga oʻtkazilishi yoxud ularga ishonib topshirilishi mumkin. Huquqlar ana shu tarzda oʻzgaga oʻtkaziladigan taqdirda tomonlar oʻzaro munosabatlarni shartnomalar (bitimlar) asosida tartibga oladilar.
